IIV Oʻquv-dala markazida vazirlik Malaka oshirish institutining boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik tinglovchilari bilan “Muqaddasdir vatan bayrogʻi” shiori ostida maʼnaviy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda Respublika maʼnaviyat-maʼrifat markazi hamda maʼrifat targʻibotchilari aʼzosi, psixolog-konsultant Dilobar Rasulova oʻz maʼruzasi, badiiy havaskorlik toʻgaragi faollari oʻzlarining Oʻzbekiston Respublikasi bayrogʻining tarixi toʻgʻrisida koʻrgazmali taqdimoti bilan ishtirok etdi.
Badiiy havaskorlik toʻgaragi faollari tinglovchilarga “Oʻzbekiston Respublikasining Davlat bayrogʻi toʻgʻrisida”gi qonunning qabul qilinishi tarixi, uning davlat siyosiy hayotidagi ahamiyati, oʻziga xos jihatlari hamda bayrogʻimizning tavsifi haqida batafsil tushuntirib, oʻzlari tayyorlagan koʻrgazmali taqdimot orqali tinglovchilarga maʼlumotlar yetkazdi.
Tadbir davomida psixolog-konsultant D. Rasulova soʻzga chiqib, bayrogʻimiz oʻzida butun Oʻzbekiston xalqining asriy orzu-istaklari, gʻayrati va shijoatini, xalqimizga xos mehmondoʻstlikni mujassam etgani, milliy bayrogʻimizning davlat idora va muassasalari, oʻquv yurtlari, Oʻzbekiston aʼzo boʻlgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turishi, turli bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-maʼrifiy tadbirlarda, nufuzli sport musobaqalarida Vatanimizning shaʼni, xalqimizning gʻururini yorqin aks ettirishi barchamizga iftixor baxsh etishini alohida taʼkidlab oʻtdi.
Aytish mumkinki, bu kabi tadbirlar oʻquv-yigʻini tinglovchilarining tarixga boʻlgan qiziqishini hamda ona Vatanga mehr-muhabbatini oshiradi.
Oʻz muxbirimiz.
