Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Shu kunlarda xalqimiz necha yuz yillik tarixi davomida orzu qilib, intilib yashagan, mamlakatimiz taqdirida tub burilish yasagan, tom maʼnodagi buyuk, olamshumul voqea – Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining oʻttiz yillik toʻyini nishonlash arafasida turibdi. 

Oʻttiz yil aslida tarix uchun bir lahza, xolos. Lekin ana shu yillar xalqimiz uchun nechogʻli muhim ahamiyatga ega boʻlganini bugun har birimiz yurakdan his qilamiz. Chunki oʻtgan davrda Oʻzbekiston mustaqil va suveren davlat sifatida shakllanib, jahon hamjamiyatida munosib obroʻ-eʼtiborga ega boʻldi.

Mustaqillik yillarida koʻp millatli Oʻzbekiston xalqi oʻzining buyuk salohiyati, mustahkam irodasi va matonatini namoyon etdi, ogʻir sinov va mashaqqatlarni mardonavor yengib, katta taraqqiyot yoʻlini bosib oʻtdi.

Cheksiz shukronalik bilan qayd etish joizki, jonajon Oʻzbekistonimizda tinchlik hukm surmoqda. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan yurtimizda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash maqsadida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Oʻtgan qisqa davrda yangi Mudofaa doktrinasi qabul qilindi, harbiy tuzilmalarning tarkibi va vazifalari qayta koʻrib chiqildi, qoʻshinlarni boshqarish tizimi takomillashtirildi, milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarogʻ va texnika vositalari bilan taʼminlash boʻyicha oʻta muhim loyihalar amalga oshirildi.

Tinchlik hukm surgan yurtda qut-baraka boʻlishi tabiiy. Mamlakatimiz yil sayin iqtisodiy jihatdan baquvvat va farovon boʻlib boryapti. Shaharu qishloqlarimiz qiyofasi tanib boʻlmas darajada oʻzgarib, koʻnglimizda faxru iftixor tuygʻulari joʻsh uryapti. Shu bois hozirgi oʻta tahlikali va qaltis zamonda, yon-atrofimizda turli xavf-xatarlar kuchayib borayotgan bir sharoitda eng katta va bebaho boyligimiz — tinchlik-osoyishtalikni koʻz qorachigʻidek saqlash ustuvor vazifamiz va maqsadimiz hisoblanadi.

Jamiyatimizda tinchlik va barqarorlik, fuqarolar va millatlararo hamjihatlik muhiti mustahkamlanmoqda. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish maqsadida keng koʻlamli islohotlar, hayotimizning barcha jabhalarini erkinlashtirish, iqtisodiyot va uning tarmoqlarini, xususiy tadbirkorlikni jadal rivojlantirish borasida katta oʻzgarishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, kambagʻallikni qisqartirish, yangi ish oʻrinlari va daromad manbalarini yaratishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

Bugun biz oʻz oldimizga Yangi Oʻzbekistonni barpo etishdek, Uchinchi renessans davri poydevorini yaratishdek buyuk maqsadni qoʻydik. Hech shubhasiz, bu borada jamiyatimizda qaror topgan tinchlik va barqarorlikni asrab-avaylash, uni yanada mustahkamlash, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy gʻoyaga sodiqlik ruhida tarbiyalash, ularning qalbida gʻurur, iftixor tuygʻularini, komil insonga xos fazilatlarni shakllantirish, bugungi kunda barchamizning oldimizda turgan muhim vazifadir.

«Yuksalish» umummilliy harakati soʻnggi besh yilda mamlakat hayotida katta oʻzgarishlarga sabab boʻlgan, eng samarali tashabbus hamda islohotlarni aniqlash uchun navbatdagi ekspertlik soʻrovini oʻtkazdi.

Joriy yilgi global soʻrov natijalariga koʻra, Prezident Shavkat Mirziyoyevning tarixiy ahamiyatga molik 15 ta muhim islohoti shakllantirildi. Ekspertlar fikricha, Oʻzbekiston yetakchisining eng muhim islohotlari quyidagilardan iborat:

1. Markaziy Osiyoda yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari oʻrnatildi, chegaralar ochildi va nazorat punktlari tashkil etildi, Markaziy Osiyo davlatlari bilan barcha masalalar boʻyicha konstruktiv muloqot yoʻlga qoʻyildi.

2. Valyuta bozori erkinlashtirildi, naqd pul bilan bogʻliq muammolar bartaraf etildi.

3. Davlat xizmatlari tizimi rivojlantirildi, Davlat xizmatlari markazlari ishga tushirildi, ortiqcha byurokratiyaga barham berildi.

4. Turizmni rivojlantirish doirasida 90 mamlakat uchun vizasiz rejim, 48 mamlakat fuqarolari uchun vizasiz tranzit rejimi joriy etildi.

5. Inson huquqlari kafolatlari kuchaytirildi, majburiy mehnat, shu jumladan, bolalar mehnati tugatildi. 

6. Aholi murojaatlari bilan ishlash va davlat organlarining ochiqligi boʻyicha yangi tizim joriy etildi.

7. Media muhiti kengaytirildi, ommaviy axborot vositalarining jamiyatdagi, muhim hukumat qarorlari qabul qilinishidagi roli oshirildi.

8. Gender siyosati yangi bosqichga olib chiqildi, xususan, Respublika Gender komissiyasi tashkil etildi.

9. Oliy taʼlim tizimi rivojlantirildi, universitetlarga qabul kvotalari oshirildi, milliy va xorijiy oliy taʼlim muassasalari filiallari ochildi.

10. Tadbirkorlik muhiti yaxshilandi, xususan, biznesni roʻyxatdan oʻtkazish va uni yuritish boʻyicha jarayonlar soddalashtirildi.

11. Kambagʻallik rasmiy darajada tan olindi va uni qisqartirish boʻyicha kompleks yondashuv shakllandi.

12. Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy va institutsional oʻzgarishlar amalga oshirildi.

13. Yoshlarni qoʻllab-quvvatlashning yangi tizimi joriy etildi.

14. Oʻzbekistonda toʻgʻridan-toʻgʻri 15 yil davomida doimiy yashovchi fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga fuqarolikni qabul qilish tartibi joriy etildi.

15. Orol dengizining suvi qurigan tubida oʻrmon barpo qilindi. BMT qoshida Orol dengizi mintaqasida Inson xavfsizligi boʻyicha Trast fondi ishga tushirildi, BMT Bosh assambleyasi Orolboʻyi mintaqasini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi deb eʼlon qilish toʻgʻrisidagi maxsus rezolyutsiyani qabul qildi.

Bahrom SAIDOV,

IIV Akademiyasi professori,

podpolkovnik.