Bu ishtiyoq va intilish Farhodni Toshkent davlat universitetining oʻzbek filologiyasi fakultetiga yetaklagani ayni haqiqat. Kechki boʻlimda oʻqish bilan birga, jonajon ishxonasida faoliyatini davom ettirdi. Oʻqish davomida Ozod Sharafiddinov, Umarali Normatov, Omonulla Madayev, Botir Norboyev, Karim Nazarov kabi ustozlardan tahsil olib, adabiyot va ijod olamiga shoʻngʻidi. Bir-ikkita kichik-kichik mashqlari gazeta-jurnallarda chop etildi.
Yigitlik burchini oʻtab boʻlgach, yana nashriyotga qaytdi. Buni qarangki, shu paytda faoliyati tamoman boshqa soha bilan bogʻlandi. Dastlabki xizmatini Toshkent shahar IIBBda boshlab, keyinchalik vazirlikda tezkor xodim sifatida faoliyatini davom ettirdi. Oʻttiz yil mobaynida sohada fidoyilarcha xizmat qilib, «Jasorat» medali bilan taqdirlandi.
Polkovnik unvonida pensiyaga chiqqan lavhamiz qahramoni turmush oʻrtogʻi Tamara opa bilan uch qizni tarbiyalab, voyaga yetkazdi. Hozirda nabiralari ogʻushida piri badavlat bobo va buvi boʻlib umrguzaronlik qilishmoqda.
F. Muxamedjonov bu yil muborak 70 yoshni qarshi oldi. Hozirda Toshkent shahar IIBB Faxriylar kengashi aʼzosi sifatida xodimlar va yoshlarga oʻzining tajribasini oʻrgatib, oʻgit va maslahatlarini berib kelmoqda.
U sohada xizmat olib borish barobarida ham, vaqt topib, ijod qilardi. Pensiyaga chiqqanidan soʻng imkoniyatlari kengayib, yanada koʻproq sheʼr yozishga kirishdi. Kelgusida sheʼrlarini kitob holida chop etish niyatida. F. Muxamedjonov qalamiga mansub ijod namunalari orasida 1930-yilning 17-avgustida Oʻzbekiston poytaxti Samarqand shahridan Toshkentga koʻchirilgani va bunga 94 yil toʻlgani munosabati bilan yozilgan sheʼri eʼtiborimizni tortdi. Buni sizga ham ilindik.
Sarvar SOBIROV,
oʻz muxbirimiz.
Toshkent shahri.
TOSHKENT VASFI
Yuksak tuygʻu, iftixor bilan
Tabriklayman ulugʻ ayyoming.
Axir, nechun suyunmay, Vatan,
Qad koʻtarsa Xasti Imoming.
Abul Fido, arab olimi,
«Osiyoda tenggi yoʻq», dedi.
Hatto oʻsha shoʻro zolimi,
Buzolmasdan armonda edi.
«Moʻyi Mubor» – bilimning koni,
Unda toʻla qadim kitoblar.
Unda faqat Usmon Qurʼoni,
Sanasangiz, yetmas hisoblar.
Koʻxaqiyning tarix kitobi –
Tarixingdan bir parcha, xolos.
Vosifiyning qilgan taʼrifi
Jamolingga qilingan ixlos.
Dunyo hayron sopollaringga,
Arablardan, Maqdisiy yana
Tengi yoʻq deb, kulollaringga,
Yozib ketdi tarixga, ana…
Har kun turib erta saharda,
Yaratgandan tinchlik soʻrayman.
Zavqqa toʻlib, Eski shaharda
Koʻrking chizib, gulga oʻrayman.
Farhod MUXAMEDJONOV,
isteʼfodagi polkovnik.
