Oʻzbek tili turkiy tillar tarkibida shakllangan. Turkiy tillar esa yapon, quriya tillari ham mansub boʻlgan Oltoy bobo tilining ajralmas qismi boʻlgan. Bugungi kunda turkiy til zaminida soʻzlashayotgan millatlar soni yigirmadan ortiq. 

Avvalgi zamonlarda, qozoq, qirgʻiz, turkman, ozarbayjon, uygʻur, qoraqalpoq tillari alohida-alohida millatlar nomi bilan atalmagan. Bu tillar soʻzlashayotgan aholi ham, til ham turk – turkiy deb yuritilgan. Keyinchalik davlatlararo chegaralar keskinlashgandan keyin millatlar ham, yurtlar ham ajralgan. Xususan, oʻzbek tilimiz hatto Alisher Navoiy yashagan davrda turkiy deb yuritilgan. Yigirmanchi asrda Oʻzbekiston degan davlat paydo boʻlgandan soʻng olimlarimiz Alisher Navoiy ijodiga oid asarlar oʻzbek tilida yozilganini isbotlashdi. Bu qarorga kelishda shoirning turkiyda koʻp asarlar yozgani holda soʻzlarni qoʻllashi, jumla tuzishda muayyan uslubga amal qilishi; «qaro koʻzim», «avvalgilarga oʻxshamas», kabi soʻz birikmalaridan foydalanishi aynan oʻzbek tilida amal qilinadigan qoidalar bilan uzviy bogʻliq ekani muhim ahamiyat kasb etdi. Alisher Navoiyning bevosita oʻzbek tilida ijod qilganini uning zamondoshi Zahiriddin Muhammad Bobur ham oʻzining «Boburnoma» asarida qayd qilgan. Xususan, Bobur oʻz ona shahri Andijon haqida yozar ekan, aholisini taʼriflab: «Shahr va bozorisida turkiy bilmas kishi yoʻqtur. Ani uchunki, Mir Alisher Navoiyning musannafoti bovujudkim, Hirida nashʼu namo topubtur, bu til biladur», deydi.

Omonulla MADAYEV.