Milliy bayramimiz hisoblangan Navroʻz kelishiga ham sanoqli kunlar qoldi. Navroʻz – Sharq xalqlarning eng qadimiy bayramidir. Baʼzan uni afsonaviy Qaqnusga oʻxshatishadi. Asrlar davomida uni yoʻqotishga, Navroʻzni bayram sifatida nishonlashni taqiqlashga boʻlgan urinishlar har gal besamar ketgani uchun shunday qiyoslar, ehtimol.
Navroʻz dehqonchilik ishlarining boshlanish bayrami ham hisoblanadi. Sovuq qishdan dimiqqan koʻngillarning orziqib kutgan bu bayrami bir oygacha davom etadi. Bayram kunlarida oʻklamga yetib kelgani uchun ommaviy xalq sayillari uyushtirilib, yangi ungan koʻkatlardan tansiq taomlar pishirilgan.
Tarixga nazar nashlaydigan boʻlsak, dastlab Navroʻz bayramini oʻtkazish oʻtroq dehqonlarda rasm boʻlgan. Keyinchalik ular orqali yarim oʻtroq va koʻchmanchi turkiy xalqlarning ham urf-odatlariga aylangan.
Xalqimiz azaldan Navroʻz bayramini yangi yilning boshlanishi deb quvonch bilan kutib olishgan. Shu kuni araz-ginalar unutilgan. Bayramni nishonlashga tayyorgarlik ishlari bir necha kun ilgari boshlangan. Bugʻdoyni undirishga qoʻyilgan va uning maysasidan sumalak tayyorlangan, koʻkat chuchvara, yalpiz, somsa kabi tansiq taomlar pishirilgan. Otchopar, uloq, kurash singari xalq oʻyinlari, sayillar oʻtkazilgan, bahor haqida qoʻshiqlar, baxshilarning terma, dostonlari kuylangan. Navroʻzning birinchi kuni qishloq joylarida bolalar toʻp-toʻp boʻlib xonadonlar eshigi oldida Navroʻzga bagʻishlangan qoʻshiq aytishgan. Uy egalari ularni sovgʻa-salom va turli yeguliklar bilan siylagan. Bolalar bu taomlarning bir qismini beva-bechoralarga ulashgan. Bu udum hozir ham Samarkand va Jizzax viloyatlarining ayrim qishloqlarida saqlanib qolgan.
Mehribonlik uylari, urush va mehnat faxriylari, yolgʻiz keksalar huzuriga tashrif buyurib, ularni qutlab, sovgʻa-salomlar ulashayotgan yurtdoshlarimizni koʻrib bu bayram oqibatni, mehr-saxovatni yodga solayotgani uchun ham unga muhabbatimiz chandon ortadi.
Bu bayram oʻzining urf-odatlari bilan yoshlarimiz tarbiyasida muhim oʻrin tutishiga alohida eʼtibor qaratish lozim. Masalan, turli xalq oʻyinlari bolalarni epchil, zukko, chaqqon, kuchli va qoʻrqmas boʻlib voyaga yetishida muhim oʻrin tutadi. Xotin-qizlarimizning pazandaliklari ham koʻklam bayramida dasturxonlarimizni bezagan bahoriy taomlarda namoyon boʻladi.
Hovli-joylarni ozoda tutish, koʻchat ekib, bogʻ barpo etish ham bayramning asosiy xususiyatlaridan. Bugungi kunda mamlakatimizda Prezidentimiz tashabbusi bilan obodonchilik va bogʻdorchilik ishlariga juda katta eʼtibor qaratilayotganini barchamiz koʻrib turibmiz. Bunday ezgu ishlar insonlar qalbida ona zaminga muhabbat, ona tabiatni asrash hissi uygʻonishiga xizmat qiladi.
Navroʻzning qalblarda saxovat, mehr-muruvvat hissini uygʻotishini alohida eʼtirof etish lozim. Bayram bahonasida koʻmakka, mehr va ehtiborga muhtoj insonlar holidan xabar olish va bunda yosh avlodning ishtirokini taʼminlash kelajagimiz egalarida insoniy fazilatlarning shakllanishida juda katta ibrat maktabi vazifasini oʻtashi, shubhasiz.
