Bugun oʻzgacha tong otar, oʻzgacha shukuh, qalblarda esa hayajon, hammada bahoriy kayfiyat. Yerlardan bosh chiqarib boychechak chiqar. Osmonda quyosh har tomon nurin sochar. Oʻlkamiz uzra yasharish va yangilanish fasli boʻlmish bahor kezinib, ona zaminimiz yam-yashil libosga burkanmoqda. Borliq uygʻonib, mehr-oqibat, saxovat, ezgulik bayrami Navroʻzi olam tashrif buyurmoqda. Bu bayramni har bir odam, har bir oila alohida taraddud bilan ham jisman, ham maʼnan poklangan holda kutib oladi.
Ota-bobolarimiz azaldan Navroʻz bayramiga alohida tayyorgarlik koʻrishgan. Yerlarni haydab, ekishga tayyorlab qoʻyishgan. Hashar yoʻli bilan ariq-zovurlar, koʻcha-guzarlar tozalanib, mevali va manzarali daraxt koʻchatlari oʻtqazilgan, daraxtlar oqlanib, obodonlashtirish, koʻklamzorlashtirish ishlari boshlanib ketgan.
Navroʻz bahorning eng goʻzal shodiyonasi. Bu kun tabiat ajib goʻzallikka burkanadi. Mahallalarda sumalak qaynaydi, koʻk somsalar pishiriladi, dasturxonimiz bahorgi noz-neʼmatlarga toʻladi.
Barchangizni Navroʻzi olam bilan qutlar ekanman, ushbu qutlugʻ ayyomga xos boʻlgan goʻzal fazilatlar aslo tark etmasin!
Yurtimizning har bir oilasi, xonadonidan fayzu baraka, baxtu saodat arimasin, dasturxonimiz toʻkin, rizqimiz butun boʻlsin.
Navroʻz oʻlkamizga tinchlik, ezgulik toʻkin-sochinlik olib kelsin!
Zilola BOZOROVA.
