Maʼlumot oʻrnida: oʻzbek kinosining oltin fondidan joy olgan «Kelinlar qoʻzgʻoloni» filmi 1984–1985-yillarda suratga olingan. Film komediya janrida boʻlib, Farmonbibi va uning yetti kelini haqida hikoya qiladi. «Kelinlar qoʻzgʻoloni» Oʻzbekiston xalq yozuvchisi Said Ahmad asari asosida yaratilgan. Film rejissyori – Melis Abzalov.
«Kelinlar qoʻzgʻoloni» filmining suratga olinganiga bu yil roppa-rosa 40 yil toʻladi. Barchaning sevimli kinoasariga aylangan ushbu filmning yaratilish tarixi ham koʻpchilikni qiziqtirishi tabiiy. Odatda bunday kuchli filmlarning tasvirga olish jarayonlarini ham tasvirga olinsa, rosti yana bir ajoyib hujjatli film yaratilishi aniq.
Quyida filmda ishtirok etgan taniqli kinoaktyorlarimiz, sanʼatimiz afsonalarining tasvirga olish jarayonlaridagi «sarguzasht»lari bilan tanishasiz. Taassufki, ular bugun oramizda yoʻq. Ammo oʻlmas ijodlari, yaratib ketgan tarixiy va hayotiy obrazlari bilan bugungi yosh avlodlarning ham qalbini zabt etishiga ishonchimiz komil.
MELIS ABZALOV,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan sanʼat arbobi, rejissyor:
– «Kelinlar qoʻzgʻoloni»ni suratga olishga tarafdorlar ham, qarshilar ham koʻp boʻldi. Film sahna asarini buzib qoʻyishi, uning mavqeiga taʼsir etishi mumkinligi haqida ham tortishuvlar boʻldi. Ammo barchasiga sabr qilib, ish boshladik.
Spektaklda yangi kelinni oʻynagan Dilbar Ikromovani Sotti roliga koʻndirish oson kechmadi. Yakunda esa barchasi ajoyib tugadi. Farmonbibini esa yana Zaynab Sadriyevaga berishni xohlashdi. Lekin film va teatrda qoʻyilgan «Kelinlar qoʻzgʻoloni» farqlanib turishi uchun ham qaynona roliga Tursunoy Jafarovani tanlaganmiz.
OBID YUNUSOV,
Oʻzbekiston xalq artisti:
– Kasbiga sadoqatli, halol militsiya xodimi rolini oʻynaganman. Oyisiga gap qaytargan kamdan-kam oʻgʻillarning biriman. Albatta hazil. «Nima desangiz xoʻp deyman, ammo bunisiga yoʻq deyman, oyijon» degan soʻzlarim xalq orasida ommalashib ketganidan xursand boʻlaman…
«Syomka»da bizga shoʻrva kerak boʻlib qoldi. Oʻchoqda shoʻrva qaynab turganda, men olovni toʻgʻrilayman deb, shoʻrvani qozoni bilan agʻdarib yubordim. Bir necha soat shoʻrva qidirib sarson boʻlganmiz. Topolmagach, qozon tagida qolgan ozgina shoʻrvaga suv qoʻshib, qaynatib koʻrsatganmiz.
KLARA JALILOVA,
Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist:
– Bir safar «syomka»ga kechikib borganman. Nima qilay, beshiktoʻy chiqib qoldi-da. Ikkita sumkani toʻldirib kino maydonchasiga kelganimda, rosa gap eshitganman. Ammo hamkasblarimning hammasi bagʻrikeng insonlar edi, darrovda kechirib qoʻyaqolishdi.
DILBAR IKROMOVA,
Oʻzbekiston xalq artisti:
– «Kelinlar qoʻzgʻoloni» komediya janrida boʻlgani bilan ishimizga juda jiddiy qaraganmiz. Sottini maza qilib oʻynaganman. Shu rolimdan soʻng boshqa rejissyorlardan takliflar koʻpayib ketdi. Shpionligim meni tanitdi, desam ham toʻgʻri boʻladi. Ayniqsa, choʻmich oʻynatishimni, «oʻchir-oʻchir» gapimni koʻp eslab, kulishadi. Suratga olish ishlari tugaganidan soʻng xuddi bir narsamizni yoʻqotib qoʻygandek boʻldik.
