Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Biz nima uchun psixologiyani oʻrganamiz? Insonlar orasida hayot kechirishimiz irodamizga qarshi turli sharoit, holatlarni oʻrganish uchun odamlarning ruhiyatini tushunishni, oʻzimizning ruhiy va shaxsimizga xos alohida xususiyatlarimizni oʻrganishimizni talab qiladi.

Boshqalar bilan koʻp muloqot qilgan insonlarni biz «eng zoʻr psixolog» deb eʼtirof etamiz. Har bir inson oʻzicha psixolog hisoblanadi, chunki hayot uni shunga majbur qiladi. Muhimi atrofimizdagi insonlar nimaga moyilligi, bizdan nimani xohlashayotgani yoki qanday harakatni kutishayotganini aniqlash.

Buning uchun shaxsning xulqi, motivlari, xarakteri, mijozi, qobiliyatlari, xotirasi, irodasi, tafakkur jarayonlarini inobatga olish talab etiladi. Psixologiya ichki ishlar organlari xodimlarining bevosita faoliyati bilan bogʻliq xizmat vazifalarini bajarish vaqtida shaxslar bilan boʻladigan murakkab munosabatlarda, muloqot jarayonida xizmat vakolatini suiisteʼmol qilishning, fuqarolarning haq-huquqlarini poymol etishning, xato va kamchiliklarning oldini olish usul va vositalarini oʻrgatadi.

Ahamiyatli tarafi, har bir xodim avvalo oʻz imkoniyatlari, kamchiliklari, yutuqlari hamda oʻzining psixologik xususiyatlarini aniq bilib, vaqti kelsa tashxis qoʻyib, tavsif­lay olishi zarur hisoblanadi. Biz oʻzimizni qanchalik yaxshi anglasak, boshqa insonlarni shunchalik yaxshiroq tushuna boshlaymiz. Demak, psixo­logiyaning markaziy tushunchasi bu shaxs.

Shaxs — ijtimoiy munosa­batlar mahsuli, yaʼni doimo boshqa insonlar davrasida, ular bilan oʻzaro taʼsirda boʻladi. Bu shaxsning eng yetakchi va nufuzli faoliyatlaridan biri muloqot ekanligiga ishora qiladi. Muloqotning turi va shakllari turlichadir. Masalan, bu faoliyat bevosita, yuzma-yuz boʻlishi, u yoki bu texnik vositalar (telefon, telegraf va shunga oʻxshash) orqali amalga oshirilishi, biror professional faoliyat jarayo­nidagi amaliy yoki doʻstona muloqot boʻlishi mumkin.

Insoniy munosabatlar shunday oʻzaro taʼsir jarayonlarki, unda shaxs­lararo munosabatlar shakllanadi va namoyon boʻladi. Bunday jarayon dast­lab odamlar oʻrtasida roʻy beradigan fikrlar, his-kechinmalar, tashvish-u quvonchlar almashinuvini nazarda tutadi. Oʻzaro munosabatlarga kirishayotgan tomonlar munosabatdan koʻzlaydigan asosiy maqsadlari umumiy til topishish, bir-birini tushunishdir.

Aslida har bir insonning ijtimoiy tajribasi, uning insoniy qiyofasi, fazilatlari, hattoki, nuqsonlari ham muloqot jarayonlarining mahsulidir. Jamiyatdan ajralgan, muloqotda boʻlish imkoniyatidan mahrum boʻlgan odam oʻzida individ sifatlarini saqlab qolishi mumkin, lekin shaxs boʻlolmaydi. Har qanday muloqotning eng oddiy, sodda vazifasi — suhbatdoshlarning bir-birini tushunishlarini taʼminlashdir. Uning ikkinchi muhim funksiyasi ijtimoiy tajribaga asos solishdir.

Muloqotning yana bir muhim vazifasi — odamni u yoki bu faoliyatga hozirlash, ruhlantirish. Yolgʻizlik va muloqotning yetishmasligi odamda muvozanatsizlik, hissiyotga beriluvchanlik, hadiksirash, xavotirlanish, oʻziga ishonchsizlik, qaygʻu, tashvish hislarini keltirib chiqaradi. Shaxsning muloqotga boʻlgan ehtiyojining toʻla qondirilishi uning ish faoliyatiga ham ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Psixologik taʼsir turli vositalar yordamida insonlarning fikrlari, hissiyotlari va xatti-harakatlari­ga taʼsir koʻrsata olishdir. Ijtimoiy psixologiyada psixo­logik taʼsirning asosan uch vositasi farqlanadi.

1. Verbal taʼsir — bu soʻz va nutqimiz orqali koʻrsatadigan taʼsirimizdir. Bundagi asosiy vositalar soʻzlardir.

2. Paralingvistik taʼsir — bu nutqni bezovchi, kuchaytiruvchi yoki susaytiruvchi omillar.

3. Noverbal taʼsir. Bunga suhbatdoshlarning nutqsiz, fazoda bir-birlariga nisbatan tutgan oʻrinlari, holatlari, qiliqlari, mimika, pantomimika, qarashlar, bir-birini bevosita his qilishlar, tashqi qiyofa, undan chiqayotgan turli signallar (shovqin, hidlar) kiradi.

Muloqot jarayonida suhbatdoshlar bir-birlariga taʼsir koʻrsatmoqchi boʻlishganda, dastavval nima deyish, qanday soʻzlar vositasida taʼsir etishni oʻylar ekan. Amerikalik mashhur olim Megrabyan formulasiga koʻra, birinchi marta koʻrishib turgan suhbatdoshlardagi taassurotlarning ijobiy boʻlishiga gapirgan gaplari

7 foiz, paralingvistik omillar 38 foiz va noverbal harakatlar 58 foizgacha taʼsir qilarkan.

Noverbal muloqot soʻzlarga tayanmaydigan harakat va imo-ishoralardan iborat boʻlgan barcha shakllarni oʻzida mujassam etgan vosita sifatida mashhur. Noverbal signallarni oʻqish samarali muloqotning muhim shartidir. Nima uchun noverbal signallar muloqotda shunchalik muhim?

Birinchidan, inson 70 foizga yaqin maʼlumotni koʻrish, kuzatish kanallari orqali (vizual) qabul qiladi. Ikkinchidan, noverbal signallar suhbatdoshning haqiqiy hislari va fikrlarini tushunishni taqozo etadi. Uchinchidan, bizning suhbatdoshga munosabatimiz koʻpincha birinchi taassurot orqali shakllanadi.

Aksar hollarda noverbal muloqot verbal muloqot bilan birga boʻlishi va bu soʻzning maʼnosini kuchaytirishi yoki oʻzgartirishi mumkin. Nigohlar orqali ishora, yuz ifodasi, masalan, jilmayish, norozilik, hayronlikdan qoshlarning koʻtarilishi – bularning barchasi noverbal kommunikatsiya.

Soʻzlarni qanday talaffuz qilishimiz ham noverbal kommunikatsiyani shakllantiradi. Intonatsiya va ohang, ovoz tembri, nutqning ravonligi kabilar ham shu jumlaga kiradi. Tajribalardan maʼlumki, biz fikrimizni qanday bayon etishimizga qarab, gapning mazmuni ham keskin oʻzgarishi mumkin.

Muloqotga oʻrgatishning muhim yoʻnalishlaridan biri — odamlarni faol tinglashga, bunda barcha paralingvistik va noverbal omillardan oʻrinli foydalanishga oʻrgatishdir. Koʻp hollarda bizning qanday gapirishimiz talaffuz qilayotgan soʻzlardan muhimroq. Boshqacha aytganda, koʻp hollarda bizning qanday gapirishimiz aytmoqchi boʻlgan soʻzimizdan kattaroq ahamiyatga ega.

Shunday qilib, noverbal muloqot orqali suhbatdosh hodisaga oʻzining haqiqiy munosabatini namoyon qiladi. Ushbu holatda sizning vazifangiz esa bunday hodisalarni uning ortida nima yashirinib turganini toʻgʻri tushunishdir. Bundan tashqari, shaxsiy noverbal muomalani boshqarish va tushunish orqali, siz suhbatdoshingizning ishonchiga kirib borasiz, u bilan kontakt (muloqot)ni tiklay olasiz.

 

Doniyor MIRZAHMEDOV,

yetakchi mutaxassis-psixolog, kapitan.