Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Jamiyat yangilanish, evrilish pallasida ijtimoiy-siyosiy, madaniy-maʼrifiy hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlardan, qabul qilinayotgan qarorlar, yaqin-kelgusi uchun moʻljallanayotgan ijtimoiy dasturlar, ularning maqsad-mohiyatidan yurtdoshlarimiz oʻz vaqtida xabardor boʻlishi zarur. Bunday xabardorlik, birinchi navbatda, ularning ijtimoiy pozitsiyasiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi, mamlakat oldida turgan muhim vazifalarni hal etishda yanada faol ishtirok etishga undaydi.
Soʻnggi yillarda ushbu maqsadlarga erishish borasida samarali ishlar qilindi. Xususan, korrupsiyaga qarshi kurashishda ochiqlik, hisobdorlik va halollik mexanizmlarini takomillashtirish va rivojlantirishda ishtirok etish, shuningdek, davlat organlari va tadbirkorlar faoliyatining shaffofligi, hisobdorligi, halolligi va haqqoniyligini taʼminlashda jamoatchilik nazoratini joriy etish maqsadida «Oʻzbekistonda ochiqlik va shaffoflik» tahlil markazi tashkil etilgani fikrimizning yaqqol dalilidir.
Eʼtiborlisi, korrupsiyaga qarshi kurashish va uning oldini olish masalalarida tahlil va tadqiqotlar olib boradigan ushbu nodavlat notijorat tashkilot oʻz faoliyatini oshkoralik, kollegiallik, oʻzaro hurmat, teng huquqlilik, ixtiyoriylik tamoyillari asosida olib boradi. Negaki, mamlakat hayotida yuz berayotgan oʻzgarishlarni odamlar oʻz vaqtida bilishi, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati esa ochiqlik, shaffoflik asosida jamoatchilik nazoratida boʻlishi jamiyat taraqqiyoti uchun oʻta muhim. Bu – demokratiya mezoni hisoblanadi va birinchi navbatda, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligiga, tashabbuskorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.
Aytish mumkinki, «Davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati ochiqligini taʼminlash, shuningdek, jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident farmoni bilan bu borada zalvorli oʻzgarishlarning huquqiy poydevori qoʻyildi. Tan olish kerak, mamlakatimizda davlat hokimiyati ochiqligi siyosati amal qila boshlagan sari yashirin iqtisodiyot birmuncha qisqarib, iqtisodiy barqarorlik taʼminlana boshladi.
Ochiqlik va oshkoralik yoʻlidagi qatʼiy qadamlar poraxoʻrlik, tanish-bilishchilik, tamagirlik kabi illatlarning payini qirqadi. Endilikda jamiyatda ochiqlikni taʼminlashda jamoatchilik nazoratini kuchaytirishni ham davrning oʻzi taqozo etmoqda. Farmonda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligini, axborot olish erkinligini taʼminlash orqali jamoatchilik nazoratini takomillashtirish masalalariga katta eʼtibor qaratilgan.
Yana bir muhim jihat shundan iboratki, yurtimiz iqtisodiy yuksalishi, taraqqiyotini tahlil qilish va boshqa xorijiy davlatlar bilan qiyoslash imkoniyati paydo boʻladi. Bu esa turli ijtimoiy tarmoqlardagi fisq-u fasodlarga, asossiz taʼna-dashnomlarning kamayishiga, eng muhimi, ayrim amaldorlarning davlat mablagʻini oʻmarishiga kuchli chora boʻladi.
Shu sababli farmonda mansabdor shaxslarning xizmat safarlari va xorijdan tashrif buyurgan mehmonlarni kutib olish xarajatlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti, Vazirlar Mahkamasi hujjatlari bilan soliq va bojxona imtiyozlari hamda preferensiyalar, shu jumladan, individual imtiyozlar berilgan subyektlarning benefitsiarlari ular tomonidan toʻlangan soliqlar va moliyaviy koʻrsatkichlar haqidagi maʼlumotlarni Oʻzbekiston Respublikasining Ochiq maʼlumotlar portaliga va oʻz rasmiy veb-saytlariga joylashtirib, ularni har chorakda yangilab borish belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida bundan buyon barcha davlat xaridlari jamoatchilik va Parlament nazoratida boʻladi, tashqi qarz hisobidan hududlarda amalga oshiriladigan loyihalar bundan buyon mahalliy kengashlar va jamoatchilik muhokamasidan oʻtkaziladi, deb taʼkidladi. Shuningdek, qabul qilingan hujjatlar ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazorati keng yoʻlga qoʻyiladi. Jumladan, «jamoatchilik eshituvlari» va «jamoatchilik monitoringi» tizimi joriy qilinadi. Bu jarayonga fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari va fuqarolar ham faol jalb etiladi.
Ushbu tashabbus va vazifalarni amalga oshirish orqali nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari mavjud muammolarni aniqlash, ularni chuqur tahlil qilish, yechimlari boʻyicha taklif ishlab chiqish, ijrosi ustidan jamoatchilik nazoratini taʼminlash jarayonlariga keng jalb etiladi.
Shu oʻrinda taʼkidlash lozimki, ayni vaqtda bir qator davlat idoralari huzurida Jamoatchilik kengashlari oʻz faoliyatini boshladi. Davlat idoralari faoliyatida shaffoflik va hisobdorlikni rivojlantirishdan birinchi galda jamoatchilikning oʻzi manfaatdor hisoblanadi. Shunday ekan, davlat organlarida ochiqlik va oshkoralikni hamda ularning xalq oldidagi hisobdorlikni taʼminlashda fuqarolik jamiyati institutlari faol pozitsiyada boʻlishi kerak. Ularning ishtirokisiz, aniqrogʻi, faol ishtirokisiz haqqoniy ochiqlik va oshkoralikni taʼminlab boʻlmaydi.
Davlatimiz rahbari aytganidek, «Jamiyatimiz hayotining barcha jabhalarini erkinlashtirish, soʻz va matbuot erkinligi, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarini chuqur qaror toptirish, davlat hokimiyati idoralari faoliyati ustidan samarali jamoatchilik nazoratini oʻrnatish boʻyicha boshlagan ishlarimiz ortga qaytmas tus olmoqda».
Bir haqiqatni hammamiz ham tan olishimiz kerakki, jamiyat uzoq vaqt korrupsiya muammosini muhokama qilmaslikka intildi. Davlatimiz rahbarining korrupsiyaga qarshi kurashishga siyosiy irodasini namoyish etishi davlat va mahalliy hokimiyat organlari faoliyatining ochiqligi hamda oshkoraligi oshishiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.
Axborotning ochiqligi korrupsiyaga qarshi kurashishda asosiy omil hisoblanadi, chunki mass-media jamiyat ongiga katta taʼsir koʻrsatadi va xulq-atvorning barqaror stereotiplarini shakllantiradi. Fikrimcha, OAV nafaqat axborot manbalari sifatida faoliyat koʻrsatishi kerak, balki korrupsiyaga qarshi kurashish tizimining bir qismiga aylanishi va mamlakatning korrupsiyaga qarshi strategiyasini targʻib qilishda poydevor boʻlishi muhimdir. Shu nuqtai nazardan, ularning vakolatlarini kengaytirish, ommaviy axborot vositalarining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan mustaqilligini mustahkamlash, shuningdek, korrupsiyaga qarshi siyosat masalalarida OAV hamda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻrtasidagi hamkorlik usullarini qonunchilik darajasida mustahkamlash zarur.
Xulosa qilib aytganda, bugun mamlakatimizda ochiqlik siyosati, korrupsiyaga qarshi kurashish yoʻnalishida uzoqni koʻzlab amalga oshirilayotgan ezgu ishlar xalqimizning roziligini olish, yangi Oʻzbekistonning mustahkam poydevorini barpo etish va taraqqiyotning yuksak bosqichlariga koʻtarilishimizda muhim zamin boʻladi.
Temir QURBON tayyorladi.
