Odam savdosining koʻplab turlari mavjud boʻlsa-da, ularning eng keng tarqalgan va salbiy oqibatlari ogʻir boʻlgan toʻrt asosiy turi farqlanadi:

– shahvoniy ekspluatatsiya; 

– mehnat ekspluatatsiyasi;

– chaqaloq va bola savdosi;

– inson aʼzolarining noqonuniy transplantatsiyasi.

Shahvoniy ekspluatatsiya odam savdosining eng keng tarqalgan koʻrinishi boʻlib, jabrlanuvchilar zoʻravonlik, tahdid yoki aldov orqali fohishalikka yoki boshqa turdagi intim xizmatlarga majburlanadi. Bunda jabrdiydalar nafaqat jismoniy salomatligini yoʻqotadi, balki umrining oxirigacha ruhiy iztirob, qoʻrquv va kemtiklik hissi bilan yashashga majbur boʻladi. Bu esa ularning normal hayotga qaytishini juda qiyinlashtiradi.

Mehnat ekspluatatsiyasi. Odamlar koʻpincha ish topib berish yoki chet elda yuqori maoshli ish vaʼdasiga ishonib, oʻz xohishi bilan yoʻlga chiqishadi. Oxir-oqibat esa hujjatlaridan mahrum etilib, ogʻir mehnatga majburlanadi. Ularga mehnati uchun pul toʻlanmaydi yoki juda kam haq toʻlanadi. Bu faqat moddiy zarargina emas, inson qadrining toptalishi va hayotining izdan chiqishi demakdir.

Chaqaloq (bola) savdosi. Odam savdosining yana bir dahshatli koʻrinishi – bolalar, ayniqsa, chaqaloqlarning noqonuniy savdosi. Bolalarni asrab olish bahonasida sotish, yaqinlaridan ajratib noinsoniy maqsadlarda foydalanish – bu nafaqat qonunga zid, balki axloq va insoniylikni sinovga qoʻyadigan ogʻir jinoyat turidir. Bola huquqlari bu kabi holatlarda toʻliq inkor qilinadi, ular mehr va erkin hayotdan mahrum boʻladi. Bu esa kelajakda jamiyatning maʼnaviy asoslariga ham jiddiy tahdid soladi.

Inson aʼzolarini noqonuniy transplantatsiya qilish. Ushbu jinoyat jabrdiydalari odatda ogʻir sharoitdagi aholi vakillari orasidan tanlab olinadi. Bu orqali qalloblar katta pul topishni koʻzlab, minglab begunoh insonlar hayotidan kechishiga sababchi boʻladi. Mazkur jinoyatning oqibati hayotiy xavf, nogironlik, turmush sifatining yomonlashishi va jamiyatda qoʻrquv muhitining paydo boʻlishi bilan yakunlanadi.

Odam savdosi transmilliy, yaʼni hudud va chegara tanlanmaydigan jinoyat hisoblanadi. Shu boisdan davlatimiz 2003-yil 12-dekabrda BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Konven­siyaga qoʻshildi hamda 2008-yilning 17-aprelida Oʻzbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonuni qabul qilindi.

Shuningdek, 2010-yil 30-iyulda BMT Bosh Assambleyasi 64/293-rezolyutsiyasi bilan Odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha BMTning Global harakat dasturi qabul qilingan. Mazkur harakatlar dasturida ushbu jinoyatning oldini olish, jabrdiydalarning himoyasi, jinoyatchilarni taʼqib etish va barcha yoʻnalishlarda hamkorlikni mustahkamlash boʻyicha chora-tadbirlar koʻzda tutilgan.

Bugungi kunda koʻplab xalqaro hujjatlarda nazarda tutilgan normalar milliy qonunchiligimizga implementatsiya qilingan. Xorijiy davlatlar bilan uyushgan jinoyatchilik, shu jumladan odam savdosiga qarshi kurashish boʻyicha oʻttizdan ortiq ikki tomonlama shartnoma va bitimlar imzolangan.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonda odam savdosiga qarshi kurashish masalasi davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi. Jumladan, 2020-yilning 17-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasining «Odam savdosiga qarshi kurashish toʻgʻrisida»gi qonuni yangi tahrirda qabul qilingan. Uning asosiy maqsadi – odam savdosiga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.

Ushbu qonun asosida 2023-yil 21-dekabr kunidagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining «Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat tamoyillarini keng joriy etishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoni bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha milliy komissiyasi Oliy Majlisi Senati raisi rahbarligida qayta tashkil etildi.

Mazkur farmon bilan Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha Milliy maʼruzachi instituti taʼsis etildi. Odam savdosiga qarshi kurashish va munosib mehnat masalalari boʻyicha hududiy komissiyalarga hududlarda hokimlar rahbarlik qiladi.

Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 8-fevraldagi «Odam savdosidan jabrlangan yoki odam savdosidan jabrlangan deb taxmin qilinayotgan shaxslarni milliy darajadagi qayta yoʻnaltirish tizimini tasdiqlash toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi. Ushbu tizim jabrlangan shaxslarni identifikatsiya qilish va qayta yoʻnaltirish tartibini belgilaydi.

Odam savdosi jabrdiydalariga har tomonlama yordam koʻrsatish va ularni ijtimoiy reabilitatsiya qilish maqsadida, Toshkent shahrida Odam savdosi jabrdiydalariga yordam berish boʻyicha respublika reabilitatsiya markazi faoliyat yuritib kelmoqda. 

2013-yildan boshlab har yili jahonda 30-iyul – «Butunjahon odam savdosiga qarshi kurashish kuni» sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sana BMTning tashabbusi bilan joriy qilingan boʻlib, uning asosiy maqsadi – odam savdosi muammosiga keng jamoatchilik eʼtiborini qaratish, odamlarni xabardor qilish va jabrdiydalarga yordam berishga chaqirishdan iboratdir.

Dunyo boʻylab shu kuni turli maʼrifiy tadbirlar, forumlar, ijtimoiy aksiyalar, media loyihalar oʻtkaziladi. Oʻzbekistonda ham ushbu sana munosabati bilan har yili «30 kun – Odam savdosiga qarshi kurashish oyligi» doirasidagi turkum targʻibot tadbirlarini amalga oshirish anʼanaga aylangan.

Xulosa qilib aytganda, odam savdosiga qarshi kurashish faqat davlat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vazifasi emas, balki barchamizning umumiy burchimizdir. Chunki inson hayoti va erkinligi – eng oliy muqaddas qadriyatdir.

Sherzod XOLTOʻRAYEV,

IIV TQD JQX Komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻlinmasi boshligʻi, podpolkovnik.

Adolat FAYZIYEVA,

oʻz muxbirimiz.