Umrimning teng yarmi shoʻrolar davrida kechdi. Oʻn yil davomida “partbilet”ni oʻzimdan-da aziz bilib, chap koʻksimga bosib yurdim. “Biz uchun qaygʻuradigan jonajon partiyamiz” borligi bois havasni ham, hayratni ham unutgan edik. Lekin yaqinda bir voqeaga duch keldim-u, hayrat hali ham oʻlmaganiga imon keltirdim.
Yoshim oltmishdan oshib, uyda zerikib oʻtirgan kunlarning birida juma namoziga chiqqim kelib qoldi. Istiqlolga tengdosh oʻgʻlim niyatimdan voqif boʻlgach, oʻzi mashinasida masjidga olib boradigan boʻldi.
Umrimda birinchi marta jumaga chiqayotganimgami yo oʻgʻlimning yoʻlda ushlanib qolganigami, yuragim hapriqib, uyda oʻtirolmay qoldim. Bira toʻla ibodat kiyimlarini kiyib, koʻchaga chiqdim. Buni qarangki, masjid tomonga ketayotgan mashina borki, har biri toʻxtab, meni mashinasiga taklif qilardi. Mahalladagilar meni tanib qoldi, shekilli, deb katta koʻchaga chiqdim. Biroq u yerda ham shu hol takrorlandi. Hatto baʼzilari mashinasidan tushib kelib, odob bilan meni mashinasiga oʻtqazishga harakat qilardi. Har biriga oʻgʻlimni kutayotganimni aytib charchadim, ammo ular odoblarini namoyish etishdan charchashmadi.
Toʻgʻrisi, oʻzimdan uyalib ketdim: axir, ularning odobdan iborat liboslari mening ibodat kiyimimdan oʻn chandon ortiq edi. Biroq, birdan gʻalati bir fikr miyamda chaqmoq urdi: nega odamlar shu odoblarini faqat juma kunlari emas, har kuni namoyish qilishmaydi. Axir, har bir kunimiz mukarram, inson esa bir-biriga aziz-ku...
Temir QURBON.
