1. Bir-biringizdan oʻrganing.
Nimanidir bilmasangiz yoki biron ishga uquvingiz boʻlmasa, buni tan olishdan qoʻrqmang. Oʻz juftingizdan maslahat yoki yordam soʻrash, uning koʻmagiga suyanish oilani yanada mustahkamlaydi.
2. Oilangiz tarixini «tirik» saqlang.
Hatto bir qancha oʻn yil davomida inoq hayot kechirib, bir-biringiz haqida barcha maʼlumotlarga ega boʻlsangiz ham, mehr-muhabbatingiz tarixi unutilishi va tugashiga yoʻl qoʻymang. Uni oʻzaro hurmat va ishonch, samimiy munosabat va shirin soʻzlar bilan boyitib boring.
3. Oʻzgaring va yangiliklar yarating.
Tabiiyki, bu oʻzgarish salbiy tarafga boʻlmasligi lozim. Har kim zamon bilan hamnafas holda oʻz ustida ishlashi, oʻzini takomillashtirib borishi zarur. Shunda hayotdagi juftingiz ham sizga mos boʻlishga intilib, bu esa birgalikda barcha toʻsiqlarni yengib oʻtishga va har qanday muammolarni bartaraf etishga yordam beradi.
4. Oʻz munosabatlaringiz haqida koʻp maʼlumot bermang.
Umr yoʻldoshingiz bilan munosabatlar sogʻlom qolishi va baxtni yoʻqotib qoʻymaslik uchun ikkingiz orasidagi gap-soʻzlarni hatto eng yaqin kishilarga ham oshkor qilmang.
5. Muammolarni muhokama qiling.
Ularni ichingizda saqlab, oʻz-oʻzidan gʻoyib boʻlishini kutgan holda oilada baxt yarata olmaysiz. Hayot yoʻlidagi har bir toʻsiqni oʻzaro muhokamadan oʻtkazib, birgalikda yechim topishga odatlaning. Har qanday vaziyatda, tushunmovchilik yuzaga kelganda yoki koʻngil ranjiganda, albatta, yuzma-yuz suhbatlashing.
Gulchehra AZIMOVA tayyorladi.
