“Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish – oliy burchimiz!” shiori ostida oʻtkazilayotgan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida viloyatimizning Vobkent tumani IIB xodimlari ishtirokida turli tadbirlar, sport musobaqalari hamda “Maʼnaviyat marshruti” tadbirlari tashkil etilmoqda.

Jumladan, tuman ichki ishlar boʻlimida kitob yarmarkasi va “Kitobxonlik soati” oʻtkazildi. Tadbirlarda xodimlar orasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, maʼnaviy-maʼrifiy hamda huquqiy savodxonligini oshirish, kasbga muhabbat va sadoqat tuygʻusini shakllantirish gʻoyalari jamlangan boʻlib, oʻzbek va jahon adabiyoti durdonalariga alohida qiziqish bildirildi. Shuningdek, tuman IIB shaxsiy tarkibi ishtirokida sportning shaxmat va shashka turi boʻyicha musobaqa boʻlib oʻtdi.

“Maʼnaviyat marshruti” loyihasi doirasida tarixiy va diqqatga sazovor obyektlar bilan xodimlar yaqindan tanishishdi. Mazkur tadbirlar boʻyicha esa Kogon tumanidagi “Bahouddin Naqshband” ziyoratgohida borildi. IIV Buxoro akademik litseyida joylashgan “Jasorat” tarixiy muzeyida sayohat uyushtirildi. Bundan tashqari, viloyat ichki ishlar organlarida xizmat qilgan xodimlarning xotirasiga qad rostlagan “Motamsaro ona haykali” hamda tuman markazidagi xotira maydoni boʻylab oʻtkazilgan sayohat, tarixiy obyektlar bilan yaqindan tanishish barobarida ularga maʼnaviy va maʼrifiy hordiq olish va bilimlarini yanada oshirishga zamin yaratdi.

Nodir RAVSHANOV,

kapitan.

Buxoro viloyati.