Oʻquv yili boshlandi. Erta tongdan qoʻllarimizda gul, qalbimizda hayajon bilan maktabga oshiqdik. Bugun oʻgʻlim ilk bora ilm-maʼrifat ostonasiga qadam qoʻydi. Bu biz uchun ham maroqli, ham masʼuliyatli edi.
Maktab bolajonlarni quchoq ochib kutib oldi. Jonajon partasini sogʻingan oʻquvchilarning begʻubor koʻzlari hayrat va quvonchga toʻla. Nihoyat, birinchi qoʻngʻiroq sadolari yangradi. Bolajonlarga oʻquv-anjomlarga toʻla “Prezident sovgʻasi” topshirildi. Oʻquv yilining ilk kunidayoq, ushbu ajoyib sovgʻani qoʻlga kiritgan farzandlarimiz, albatta, oʻqishni aʼlo kayfiyat ila boshlab, aʼlo baholarga oʻqishga intiladi.
Darhaqiqat, maktab – ilm-maʼrifat maskani. Maʼnaviyat beshigi sanaladi. Bu dargohda minglab olim-u donishmandlar tarbiya topgan. Ilm-fan sirlarlarini mukammal oʻrganib, jamiyatda munosib oʻrin egallashgan. Hozir mamlakatimizda taʼlim-tarbiya katta eʼtibor qaratilmoqda. Yangi oʻquv yiliga qabul qilingan bolalarga omad kulib boqdi. Qanday qilib deysizmi? Ular ilk oʻquv mashgʻulotlarini yangi yaratilgan zamonaviy darsliklar bilan boshlashdi. Unda oʻquvchilarning tanqidiy fikrlashi, mustaqil fikrini erkin bayon eta olishiga koʻproq ahamiyat beriladi. Eng quvonarlisi, bu yildan birinchi sinflarda axborot texnologiyalari sabogʻi oʻrgatiladi. Kutubxonalar, sport maydonlari, oshxonalar yangilangan.
2022–2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasidagi toʻrtinchi ustuvor yoʻnalishning aynan taʼlim sohasini, inson kapitalini rivojlantirishga qaratilgani bejiz emas. Eng muhimi, taʼlim sifatini oshirish borasidagi bugungi ishlar kelajagimizni belgilaydi. Oʻgʻlimning kelajagidan koʻnglim toʻq!
Zero, koʻngil xotirjamligi biz ota-onalar kuchiga-kuch, gʻayratiga-gʻayrat qoʻshadi. Farzandlarimizga berilayotgan shunday eʼtibordan qalbimizda mamnuniyat hissi ortadi. Shu Vatan, shu xalq uchun sadoqat bilan xizmat qilishdan hech ham tolmaymiz!
Madina QAHHOROVA,
Oʻz muxbirimiz.
