Buxoro viloyatida “27-iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni” keng nishonlandi. Sana munosabati bilan Buxoro shahridagi “Rudizar” tantanalar saroyida tashkil etilgan bayram tadbirida ommaviy axborot vositalari xodimlari, nashriyot va matbaa sohasi vakillari, faxriy jurnalistlar, matbuot kotiblari va blogerlar ishtirok etishdi. Tadbirda viloyat hokimi oʻrinbosari M.Hamroyev viloyat hokimining soha xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirib, keyingi yillarda ochiqlik va soʻz erkinligini taʼminlash, qulay ish sharoitlari yaratish, ularning jamiyat hayotidagi oʻrnini mustahkamlash borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilayotgani hamda bu borada yuz berayotgan oʻzgarish va yangilanishlar mazmun-mohiyatini xalqimizga tezkor, xolis yetkazishda soha xodimlarining alohida xizmatlari borligini taʼkidladi.
Tantanali tadbirda aholiga tezkor va ishonchli axborot yetkazib berish, viloyatimizdagi mavjud keng va qulay imkoniyatlarni, davlat va jamoatchilik tashabbuslarini matbuotda faol targʻib etilishda benazir hissa qoʻshib kelayotgan bir guruh soha xodimlari, jumladan, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi Axborot xizmati texnigi, safdor Yigitali Qobilov ham Xalq deputatlari Buxoro viloyati kengashining faxriy yorligʻi hamda qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanib, alohida eʼtirof etildi.
Asosiy bayram tadbiri davomida viloyat Ichki ishlar boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Mirjamol Miralimovning soha xodimlariga yoʻllagan bayram tabrigi oʻqib eshittirildi. Shuningdek, 3-sektor masʼullari tomonidan viloyat IIB bilan uzviy hamkorlik qilib, sohaga aloqador va ichki ishlar organlari xodimlarining imijini oshirishga doir maʼlumotlarni xolis va tezkor tarqatishda yaqindan koʻmaklashib kelayotgan bir guruh davlat, nodavlat notijorat tashkilotlarining masʼul xodimlari, ommaviy axborot vositalari vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar boshqarma boshligʻining tashakkurnomasi hamda esdalik sovgʻalar bilan taqdirlandi.
Shuhrat JALOLOV,
podpolkovnik.
Buxoro viloyati.
