Sherali bolaligidan elektrotexnika vositalarini tuzatayotgan akalarining ishini zoʻr ishtiyoq bilan kuzatardi. Fotoapparat, televizor va radiopryomniklarning qanday yasalganiga qiziqib, ularni tuzatishga urinib koʻrardi. Bundan tashqari, ota-onasiga daladagi ishlarda koʻmaklashib boʻlgach, bolalarga moʻljallangan qiziqarli koʻrsatuvlarni tomosha qilishni yaxshi koʻrardi. 

U ekrandagi tasvirlarning qanday olinishiga eʼtibor berar, ayniqsa, efirga uzatiladigan «Yashil chiroq» koʻrsatuvini juda sevib koʻrardi. Uning koʻnglida oʻsha onlardayoq sohaga qiziqish uygʻongan edi. Qiziqishki, bu nafaqat televideniye sohasiga, balki koʻrsatuvda qatnashayotgan, egniga ichki ishlar organlari libosini kiygan xodimlarga havas edi. 

Oradan yillar oʻtdi. Voyaga yetgan Sherali armiyada toblandi. Harbiy xizmatdan soʻng maqsadi sari intilib, IIV Akademiyasi Serjantlar tarkibini tayyorlash oliy kurslariga oʻqishga kirdi. Toshkent shahar IIBB Matbuot xizmatida polkovnik Aziz Ernazarovdan nafaqat ommaviy axborot vositalari bilan ishlashni oʻrgandi, balki ichki ishlar organlari yoʻnalishi boʻyicha ham yoʻl-yoʻriqlar oldi. 

Katta serjant Sh. Mirzachayev matbuot xizmatidagi hamkasblaridan sifatli tasvirga olish hamda montajning sir-asrorlarini mukammal oʻrgandi. Tizimda tajriba orttirib, malakasini oshirib bordi. 2018-yilda IIV idora va tizimlari matbuot xizmatlari oʻrtasida oʻtkazilgan koʻrik-tanlovda eng yaxshi montaj ustasi yoʻnalishida gʻoliblikni qoʻlga kiritdi.

IIV Akademiyasi sirtqi boʻlim tinglovchisi Sh. Mirzachayevning eng katta orzusi ichki ishlar organlari xodimlarining mashaqqatli, ammo sharafli xizmatini keng xalq ommasiga yoritib berishdir. 

Sarvar SOBIROV,

«Postda» muxbiri.