Kitob javoningizga
Yaqinda Xorazm viloyati IIB rahbariyati tashabbusi bilan “Osoyishtalik yoʻlida bir asr” nomli kitob nashrdan chiqdi. Toshkent shahridagi “Azmir nashr print” nashriyoti tomonidan chop etilgan mazkur risola davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning “Xorazm vohasi shunday xosiyatli bir yurtki, uning har qanday odamni ham oʻziga tortadigan beqiyos sehri, jozibasi bor. Chunki Xorazm deganda, jahon tsivilizatsiyasiga ulkan hissa qoʻshgan, milliy davlatchiligimizning tamal toshi qoʻyilgan betakror bir oʻlka koʻz oldimizga keladi.
Shaxsan men qachonki bu zamin tuprogʻiga qadam qoʻysam, koʻhna tarix sirlaridan ogoh boʻlgandek, koʻp hayotiy hikmatlarning magʻzini chaqqandek boʻlaman....”, degan soʻzlari bilan boshlanadi.
Mazkur kitob 4 bobdan iborat boʻlib, unda Xorazm militsiyasi va uning tashkil etilishi, bosib oʻtgan shonli tarixiy yoʻli, militsiya xodimlarining 1920-1924 yillarda Xorazm Xalq Respublikasi davridagi xizmat faoliyati hamda ikkinchi jahon urushigacha boʻlgan davrda jinoyatchilikka va jinoiy toʻdalarga qarshi olib borgan kurashi, urush yillaridagi mardlik va jasorati haqida hikoya qilinadi.
Shuningdek, kitobda osoyishtalik posbonlarining urushdan keyingi hamda mamlakatimiz mustaqilligi va uni mustahkamlash yoʻlidagi xizmat faoliyati, koʻrsatgan jasorati, hodisalarga boy boʻlgan oddiy kundalik hayoti haqida hikoyalar, lavhalar va fotosuratlar ham oʻrin olgan.
Shu bilan birga, kitobda soʻnggi bir asrlik soha tarixi ham qamrab olingan boʻlsada, ushbu qoʻllanma orqali ichki ishlar organlarining shonli oʻtmishi va buguni haqida koʻplab maʼlumotlarga ega boʻlish mumkin. Shu boisdan bu kitob, ichki ishlar organlari safida xizmat qilayotgan va endi bu sohaga kirib kelayotgan xodimlar uchun oʻziga xos kasbiy qoʻllanma vazifasini oʻtashi bilan birga, soha faxriylarining ham bebaho xazinasi boʻlib qolishiga shak-shubha yoʻq.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.
