Baʼzida otasiga ish buyurayotgan, volidasini jerkiydigan, ularga behurmatlik qilayotgan noqobil farzandlarni koʻrsam, jahlim chiqib ketadi. “Hoy, osmondan tushganmisan?” deya baqirgim keladi. Afsuski, hayotimizda ishlashga ish yoʻq deya koʻchadan beri kelmay kayfu safo qilib yuradigan, ota-onasining pensiyasiga kun koʻradigan, bundan zarracha nomus qilmaydiganlarni ham uchratamiz.
Qush uyasida koʻrganini qiladi. Sen ota-onangga qanday muomala qilsang, vaqti kelib farzandlaring ham senga shunday yoʻl tutadi. Shunday ekan, ularga izzat-ikrom koʻrsataylik, borida qadrlaylik.
Bir oʻrtogʻim bor. Otasining birgina aytgan gapini qaytargani, unga amal qilmagani uchun hali-hanuz oʻzini kechirolmaydi. Armon boʻlib yuragini ezadi: “Universitetni bitirib, endi ishga kirgan paytlarim edi. Qishloqqa borganimda otam hovlining bir chetidagi taxtalarni koʻrsatib, “Olloh nasib qilsa yozda toʻy qilamiz, uylanasan, shu taxtalardan sahna yasab chiroyli qilib bezatamiz” dedi. Men esa darrov bunga qarshi chiqdim. Shartakilik bilan “Yoʻq, toʻy boʻlmaydi. Avval bir-ikki soʻm ishlay, uy olay. Ijarama-ijara yuramanmi” dedimda taxtalarni cherdakka chiqarib tashladim. Otam bir ogʻiz gapirmadi. Mahzun holda boshini egib qoldi. Oradan koʻp oʻtmay... Padari buzrukvorim bu olamni tark etdi. Men hamma vaqt otam yonimda boʻladi, farzandlarimni koʻtarib oʻynatadi, deb yurgan ekanman. Gʻaflatda qoldim. Bu yilisiga uylandim, lekin toʻy otamsiz oʻtdi. Qani endi oʻsha damlar qaytib kelsayu, u aytgan har bir soʻziga “labbay” deya javob bersam, quchib padarimning hidlariga toʻysam... Lekin buning iloji yoʻq.”
Shu oʻrinda muqaddas dinimizda keltirilgan, allomalarimiz tomonidan aytib oʻtilgan baʼzi nasihatlarni yana bir bor eslatib oʻtishni lozim topdik. Zora, ota-onaga hurmat koʻrsatish, ularning duosini olib yashash hech birimizga armon boʻlib qolmasin:
• avvalo, barcha ishlarda ota-onadan maslahat ol;
• ota-onaning nasihatlarini jonu dili bilan qabul qil;
• gaplashganda muloyim, yoqimli soʻzlar bilan muomala qil;
• biror xizmat buyursalar “labbay” deb, uni bajar;
• oʻziga xush koʻrgan narsalarni ularga ham ravo koʻr;
• ularning oldida baland ovozda gapirma;
• ularga “uf” yoki “uh” dema;
• ota-onadan oldin taomga qoʻl uzatma;
• ota-ona kirib kelganda oʻrningdan tur va ulardan oldin oʻtirma;
• ota-ona huzurida oyoqlaringni choʻzma, yonboshlama;
• ulardan yuqorida oʻtirma;
• ota-ona dam olayotganda ularni bezovta qilma, oldilariga ruxsatiz kirma;
• ota-onaning koʻnglini topib, roziligini ol;
• ota-onaning oziq-ovqati, kiyim-kechagi va sogʻligʻidan oʻz vaqtida xabar ol;
• duo qilganda ota-onaning haqlariga alohida duo qil.
Foziljon MAMAShARIPOV tayyorladi.
