Maxtumquli 1733-yilda Gurgan daryosi sohilidagi Hoji-govshan qishlogʻida tavallud topgan. Uning otasi Davlatmamat Ozodiy ham shoir boʻlgan. Maxtumquli boshlangʻich taʼlimni oilada oʻz otasidan olgan. Soʻng qishloq maktabida Niyozsolih mulla qoʻlida oʻqigan. Dastlab Xalach atrofining Qiziloyoq qishlogʻidagi Idrisbobo madrasasida, keyinchalik Buxoroning Koʻkaldosh, Xivaning Shergʻoziy madrasalarida oʻqigan. Nizomiy, Firdavsiy, Fuzuliy, Navoiy singari mashhur shoirlar ijodidan ilhom olgan. 

Shoir lirik sheʼrlar, lirik-epik dostonlar, gʻazal va muxammaslar yozgan. Bizgacha uning lirik, falsafiy, pand-nasihat xarakteridagi 10 ming misradan ortiq sheʼrlari yetib kelgan. Maxtumquli sheʼrlarida turkman xalqining hayoti, urf-odatlari, oʻz davrining muhim ijtimoiy-siyosiy hodisalari, oʻzining ichki kechinmalari teran ifoda etilgan. 

Ijodkorning ishq-muhabbat mavzuyidagi sheʼrlari ham ohangdorligi, chuqur falsafiy mohiyati bilan ajralib turadi. Shoirning hayot va oʻlim, inson va borliq, goʻzal insoniy fazilatlar va odob-axloqqa oid sheʼrlari diniy qadriyatlarimiz hamda tasavvufiy qarashlar bilan yoʻgʻrilgan. Bu foniy dunyoning oʻtkinchiligini nazarda tutib shoir shunday yozadi:

Makoningdir, xoki zamin qucharsan,

Bir karvonsan, diyoringga koʻcharsan,

Mavsum guli soʻlar, qurir, oʻcharsan,

Ovozing gum boʻlar, tila mehmondur.

Uning ijodida Vatanga muhabbat gʻoyalari alohida oʻrin egallaydi. Shoirning ana shu ruhdagi quyidagi satrlarini sheʼriyat ixlosmandlari yaxshi bilishadi deb oʻylaymiz:

Mastona yurguncha gʻayri yurtinda,

Unib-oʻsgan oʻz yurtingdan ayrilma.

Magʻrur kaklik kabi nafsing ugʻrinda

Doma tushib, qanotingdan ayrilma!

Maxtumquli uslubi xalq ogʻzaki ijodiga juda yaqin, ana shu bebaho manbadan oziqlangan. Shuning uchun ham xalqona, oddiy odamlarning dilidan joy oladi. U oʻz sheʼrlarida turkman xalqining maqol va matallaridan, iboralaridan mohirona foydalangan. Oʻz navbatida shoirning koʻplab purmaʼno misralari ham turkman millatining hikmatli soʻzlari, maqollari qatoridan oʻrin olgan. 

Maxtumquli sheʼriyati barcha turkiy millatlar, jumladan, oʻzbeklarning ham maʼnaviy mulkiga aylangan. Uning sheʼrlari oʻzbek tiliga qayta-qayta tarjima qilinib, kitob holida nashr etilgan. Koʻplab sheʼrlari hofizlar tomonidan kuyga solib aytiladi. Ayniqsa, Komiljon Otaniyozov, Sherali Joʻrayev, Murodjon Ahmedov, Ortiq Otajonov, Kamoliddin Rahimov, Bahrom Nazarov kabi sanʼatkorlar uning sheʼrlari asosidagi qoʻshiqlarni yuksak mahorat bilan ijro etishgan.

Adabiy doʻstligimiz abadiy doʻstligimiz omillaridan biridir. Shu maʼnoda shoir ijodi oʻzbek xalqining turkman xalqi bilan qardoshlik, doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Bugungi kunda Oʻzbekiston va Turkmaniston oʻrtasida yaxshi qoʻshnichilik, doʻstlik munosabatlari tobora chuqurlashib bormoqda. Mamlakatimizda har ikki xalq uchun birdek qadrli boʻlgan Maxtumquli shaxsiga nisbatan ehtirom oʻziga xos oʻrin egallaydi. 

Jumladan, poytaxtimizda ulugʻ shoir nomidagi koʻcha bor hamda unga yodgorlik oʻrnatilgan. Eng muhimi, oʻzbek kitobxoni oʻzining turkman shoiri boʻlgan Maxtumquli ijodini sevib mutolaa qilib kelmoqda. Sanʼat shaydolari uning sheʼrlari asosida kuylanadigan qoʻshiqlarni jon qulogʻi bilan tinglashadi. Quyida uning ijodidan ayrim namunalarni eʼtiboringizga havola etamiz.

Bobomurod TOSHEV tayyorladi.