Maʼnaviyat va maʼrifat darsi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga ham sanoqli kunlar qolmoqda. Mamlakatimizdagi eng katta siyosiy tadbirda harbiy xizmatchi hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari fuqaro sifatida ishtirok etarkan, konstitutsiyaviy huquqlari va xizmat majburiyatlari yuzasidan saylovga oid qonunchilikdan boxabar boʻlishlari muhim hisoblanadi.

Saylovlarda ishtirok etish nuqtai nazaridan, saylov huquqi ikki xil boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xiz­matchilari hamda huquqni muhofaza qiluv­chi organlar xodimlari ham mamlakat fuqarolari sifatida faol saylov huquqi, yaʼni saylash huquqiga egadir.

Qurolli Kuchlar, jumladan, Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluv­chi organlar xodimlari qonun posbonlari hisoblanishini inobatga olib, ularning saylovga oid qonun hujjatlari va Markaziy saylov komissiyasi qarorlari haqidagi bilimlarini oshirish choralarini koʻrish maqsadga muvofiqdir.

Saylov prinsiplarini amalga oshirishda ham huquqni muhofaza qiluvchi organlar bir qator majburiyatlarga egadirlar. Jumladan, saylovni oʻtkazish jarayonida saylov prinsiplarining buzilishi saylov qonunchiligining buzilishi sifatida baholanadi. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 512–519-moddalarida saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlik belgilangan. Saylov kodeksi, Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeks, «Prokuratura toʻgʻrisida», «Ichki ishlar organlari toʻgʻrisida»gi qonunlarga asosan, saylov va referendumni tashkil etish hamda oʻtkazish sohasidagi maʼmuriy huquqbuzarlik sodir etilganligi toʻgʻrisidagi bayonnoma prokuratura va ichki ishlar organlari hamda Markaziy saylov komissiyasi, viloyat, tuman, shahar saylov komissiyalari va okrug saylov komissiyalarining vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tuziladi.

Shu oʻrinda, huquqni muhofaza qiluvchi organlar uchun muhim boʻlgan bir jihatga eʼtibor qaratish maqsadga muvofiqdir. Saylov kodeksining 10-moddasiga koʻra, saylovchilarga mumkin qadar koʻproq qulaylik yaratish maqsadida saylov uchastkalari tumanlarning, shaharlarning, shaharlar­dagi tumanlarning chegaralari inobatga olingan holda tuzilishi, shuningdek, harbiy qismlarda, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik va boshqa vakolatxonalari huzurida, sanatoriylarda, dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, olis va borish qiyin boʻlgan hududlardagi fuqarolar turgan joylarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilishi mumkin.

Saylov kodeksining 27-moddasiga koʻra, saylovchilar roʻy­xatlari saylovchilarning yagona elektron roʻyxatini shakllantirish boʻyicha axborot tizimi maʼlumotlari asosida shakllantiriladi. Harbiy qismlar­dagi harbiy xiz­matchilarning, shuningdek, harbiy xizmatchilar oila aʼzolarining va boshqa saylovchilarning roʻyxatlari, agar ular harbiy qismlar joylashgan hududlarda yashasa, harbiy qismlarning komandirlari taqdim etadigan maʼlumotlar asosida tuziladi. Harbiy qismlardan tashqarida istiqomat qiluvchi harbiy xizmatchilar yashash joylari boʻyicha umumiy asos­larda saylovchilar roʻy­xatiga kiritiladi.

Sanatoriylarda va dam olish uylarida, kasalxonalarda va boshqa statsionar davolash muassasalarida, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan uchastkalar boʻyicha saylovchilar roʻyxatlari mazkur muassasalar rahbarlari tomonidan taqdim etiladigan maʼlumotlar asosida tuziladi.

Saylov jarayonining ochiq va oshkoraligini taʼminlash maqsadida siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar, shuningdek, ommaviy axborot vositalari vakillari saylovga tayyorgarlik koʻrish va oʻtkazish jarayonlarini kuzatib borishlari mumkin. Kuzatuvchilar harbiy qismlarda, qamoqda saqlash va ozodlikdan mahrum etish joylarida tuzilgan saylov uchastkalariga borishi haqida kamida uch kun oldin uchastka saylov komissiyasini xabardor qilishi kerak.

Saylov kodeksining 44-moddasiga koʻra, Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilarining, Davlat xavfsizlik xizmati, boshqa harbiylashtirilgan boʻlinmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining, sudya­larning saylovoldi tashviqotini olib borishi taqiqlanadi.

Shuningdek, Markaziy saylov komissiyasining 2021-yil 25-avgustdagi 1104-sonli «Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish boʻyicha yoʻriqnomani tasdiqlash haqida»gi qaroriga muvofiq, joriy yilda saylovni oʻtkazish bilan bogʻliq baʼzi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilmoqda. Tegishli himoya vositalari (haroratni oʻlchash uchun termometr, pirometr, bir martalik himoya niqoblari, bir martalik tibbiy qoʻlqoplar, antiseptik vositalar, ijtimoiy masofa chizigʻi)dan foydala­nishning majburiyligi, ovoz berish binolari ovoz berishdan kamida olti soat oldin dezinfeksiya qilinishi, ovoz be­rish xonasida saylovchilar bir tomonlama harakatlanishi uchun maxsus chiziqlar chizi­lishi va tasmalar bilan toʻsiqlar oʻrnatilishi, uchastka saylov komissiyasi aʼzosi ovoz berish kuniga qadar tibbiy koʻrikdan oʻtgan va sogʻlom boʻlishi ke­rakligi, ovoz berish kuni tibbiy qoʻlqop, plastmassa himoya niqobi va antiseptik vositalar bilan himoyalanishi, har bir saylovchidan soʻng yozuv va ish stolini dezinfeksiyalovchi salfetka bilan artishi, kun davomida tez-tez suv ichishi tavsiya etilishi va saylovchilar bilan qoʻl berib koʻrishishi man etilishi, saylovchilar uchun himoya niqobini taqish va dezinfeksiyalovchi suyuqlik bilan qoʻlla­rini dezinfeksiya qilish majburiy hisoblanishi, uchastka saylov komissiyasi joylashgan binoda tibbiy yordam koʻrsatish xonasi belgilangan tartibda tayyorlanishi, binoni shamollatish imkoniyati boʻlishi shartligi kabilar shular jumlasidandir.

Oʻzbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari harbiy xizmatchilari va huquqni muhofaza qiluv­chi organlar xodimlari­ning saylov qonunchiligi boʻyicha huquqiy bilimlarini oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadga muvofiq:

birinchidan, tegishli okrug saylov komissiyalari bilan hamkorlikda harbiy qism komandirlarining harbiy qismlar hamda harbiy shaharchalardagi harbiy xizmatchilar va ularning oila aʼzolari toʻgʻrisida maʼlumotlarni shakllantirish hamda saylovchilar roʻyxatiga kiritish uchun taqdim qilish boʻyicha bilim va koʻnikmalarini oshirish;

ikkinchidan, harbiy qismlar, muassasalar, huquqni muhofaza qiluv­chi organlar boʻlinmalari, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalarida tegishli okrug saylov komissiyalari aʼzolari, hududda joylashgan oliy taʼlim muassasalarining huquqiy fanlar boʻyicha mutaxassislari, saylov qonunchiligi boʻyicha ekspertlar ishtirokida davra suhbatlarini tashkil etish;

uchinchidan, uchastka saylov komissiyasi tashkil etiladigan harbiy qismlar va jazoni ijro etish muassasalarida saylovchilar uchun zaruriy boʻlgan, saylov qonunchiligining eng muhim qoidalari keltirilgan koʻrgazmali materiallarni joylashtirish;

toʻrtinchidan, uchastka saylov komissiyasi tashkil eti­ladigan harbiy qismlar va jazoni ijro etish muassasalarida saylov qonunchiligiga oid, xususan, pandemiya sharoitida ovoz berishni tashkil etish haqidagi videoroliklar namoyishini tashkil etish;

beshinchidan, harbiy tu­zilmalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning rasmiy veb-sahifalari, ijtimoiy tarmoq­lardagi sahifalarida harbiy xizmatchilar hamda xodimlarning huquqiy bilimlarini oshiruvchi materiallarni berib borish.

Davronbek MAMARASULOV,

Markaziy saylov komissiyasi respublika treneri,

yuridik fanlar boʻyicha

falsafa doktori.