Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbek tili bayrami kunini belgilash toʻgʻrisida”gi qonuni bilan “21-oktabr – Oʻzbek tili bayrami kuni” deb belgilanganini xalqimiz quvonch bilan kutib oldi. Shu munosabat bilan joylarda bayram shukuhi sezilib, turli tadbirlar davom etmoqda.
IIV Oʻquv-dala markazida IIV Malaka oshirish institutining boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik tinglovchilari bilan ham “Qadring baland boʻlsin, ona tilim!” shiori ostida madaniy-maʼrifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda soʻzga chiqqanlar oʻzbek tilining huquqiy maqomini belgilashda yengib oʻtilgan qiyinchiliklardan tortib hozirgi kunda tilimizning boy imkoniyatlaridan keng foydalanish uchun yaratilgan shart-sharoitlar hamda davlat tilini yangi pogʻonaga olib chiqish borasida qilinayotgan saʼy-harakatlarni alohida eʼtirof etdi.
Malaka oshirish instituti boshlangʻich kasbiy tayyorgarlik oʻquv-yigʻining “Badiiy havaskorlik toʻgaragi” faollari tomonidan namoyish etigan konsert dasturi barchaga manzur boʻldi. Bundan tashqari, koʻrgazmali bukletlar, qoʻshiqlar va dillarni yayratuvchi Vatan va muhabbatni madh etuvchi sheʼrlar ijro etildi.
Oʻquv-yigʻini tinglovchilari oʻrtasida oʻzbek tiliga bagʻishlangan sheʼrlarni ifodali oʻqish boʻyicha oʻtkazilgan sheʼrxonlik kechasi ham barchada katta taassurot qoldirdi.
IIV Malaka oshirish instituti matbuot xizmati.
