– Vu-uy, qalamingiz buncha chiroyli, bobojon. Menga bering.
Otaxon yozishdan toʻxtadi. Nabirasining chaqnab turgan koʻzlariga mehr bilan termildi.
– Beraman, bolajonim, albatta, beraman. Shuni yozib olay.
Bolakay qoralangan qogʻozga bir muddat tikilib turib, xonasiga kirib ketdi. Anchadan keyin otaxon yozishni tugatib, toʻrt buklangan qogʻoz orasiga qalamni soldi. Uxlab yotgan nabirasining bosh tomoniga qoʻydi. Unda bunday soʻzlar bitilgan edi:
«Mening aziz bolajonim. Katta boʻlganingda, xuddi qalamga oʻxshashingni istardim. Uning beshta xususiyati bor. Inson boʻlaman desang, qalamdan ham oʻrnak ol.
Birinchidan: oʻzingni har qancha dono bilsang ham, seni yurgizib, yoʻnaltirib turgan Qoʻl borligini zinhor unutma. Shu Qoʻlga suyanishni, uning izmida boʻlishni oʻrgan.
Ikkinchidan: yengil, ravon yozishi uchun qalamni vaqti-vaqti bilan charxlab turish kerak. Bu – ogʻriqli jarayon. Ammo biror natijaga erishmoqchi boʻlsang, mashaqqatlarni sabr bilan yengishga toʻgʻri keladi. Zero, insonni sinovlar toblaydi.
Uchinchidan: qalamda yoza turib, xatoga yoʻl qoʻysang, oʻchirgʻichda toʻgʻrilasa boʻladi. Mard insongina xatosini tan oladi, oʻzini isloh qilishdan erinmaydi, or ham qilmaydi.
Toʻrtinchidan: qalamning shaklu shamoyili emas, ichidagi oʻzagi muhim. Shunday ekan, qalbingda yaxshiliklarni saqla. Har qanday vaziyatda qatʼiyatingni yoʻqotma.
Beshinchidan: qalam oʻzidan iz qoldiradi. Shu kabi sening ham birorta amaling izsiz ketmaydi. Demak, qadamingni oʻylab bos. Ortingdan faqat ezguliklar qolsin.
Seni yaxshi koʻrgan Bobojoning».
