Kosonsoy tumanidagi 45-sonli imkoniyati cheklangan bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat taʼlim muassasasi Namangan viloyati ichki ishlar boshqarmasiga biriktirilgan. Taʼlim maskanida muntazam ravishda boshqarma xodimlari tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy uchrashuvlar, saxovat tadbirlari oʻtkazib kelinadi. Navbatdagi tadbirning Navroʻz bayrami arafasida tashkil etilgani oʻquvchilar qalbiga olam-olam zavq ulashdi.

Dastlab maktab-internat hududida “Yashil makon” umummilliy loyiha doirasida 500 tup manzarali koʻchatlar ekildi. “Navroʻzing muborak, jonajon yurtim” shiori ostida rasmlar tanlovi, kitoblar, “Mohir qoʻllar” koʻrgazmalari namoyishi, “Xush kelding, Navroʻz” shiori ostida qoʻshiqlar tanlovi, sport musobaqalari, “Kosonsoy dorbozlari” va milliy urf-odatlarimizni namoyon etuvchi ijodiy chiqishlar tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.

Navroʻz bayramini milliy taomimiz – sumalaksiz tasavvur etib boʻlmaydi. Shu kuni maktabda sumalak pishirildi, tadbir ishtirokchilari bahramand boʻldi. Toʻkin dasturxon atrofidagi suhbat, kuy-qoʻshiqlar, raqslar barchaga maroqli hordiq ulashdi.

Tadbir soʻngida viloyat IIB boshligʻi oʻrinbosari, polkovnik S. Jabbarov maktab-internat oʻquvchi va oʻqituvchilari sovgʻa-salomlar taqdim etdi. 

Gulchehra BUVAMIRZAEVA,

«Postda» muxbiri.

Namangan viloyati.