Aksariyat kitobxonlar koʻproq nasriy yoʻnalishda yozilgan asarlarni tahlil etishadi. Maʼno yuki jihatidan har qanday nasriy asar bilan bellasha oladigan sheʼriy dostonlar haqida ham ijobiy fikr bildirish mumkin.
Xalq qalbidan oʻrin olgan nazmiy asarlar orasida el sevgan shoir Muhammad Yusufning «Qora quyosh» sheʼriy dostoni alohida oʻrin tutadi. Qatagʻon qurbonlari xotirasiga bagʻishlangan mazkur doston shoirning oʻz Vataniga cheksiz mehr-muhabbati ifodasi, millat va davr fojiasiga nisbatan yuksak shoirlik munosabatidir. Asarda Abdulla Qodiriy, Choʻlpon, Usmon Nosir singari ulugʻ ziyolilarimizning ichki kechinmalari, millat va xalq dardida yongan hasratlari ifodalangan.
Muhammad Yusufning ushbu asarida 1937–1938-yillarda yovuzlik mashinasi boʻlgan qatagʻon siyosatining xalq taqdirida aks etgan fojialari iztirobli tasvirlangan. Binobarin, tarixning qonli sahifalarini koʻz yoshlarsiz oʻqiy olmaysiz. Bugungi dorilamon kunlar osonlikcha qoʻlga kiritilmagani, yurtning ne-ne asil oʻgʻlonlarining aziz joni qurbon boʻlganini his qilasiz.
Dostonda «xalqlar otasi»ning ijobiy va salbiy sifatlari mohirlik bilan bayon etiladiki, yarim xalq qargʻagan, yarim xalq alqagan «dohiy» qora quyoshga mengzaladi. Sheʼriy dostonning «Qora quyosh» deb nomlanishi ham shundan.
Xalq ongi va tafakkurini uygʻotishga bagʻishlangan bunday asarlarni oʻqish yana shunday davrlar qaytib kelmasligi uchun ham muhimdir.
Boburmirzo HAYDARALIYEV,
Pop tumani IIB JXX
HPB profilaktika inspektori, leytenant.
