Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlariga davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 20-yanvarda imzolangan “Ichki ishlar organlarini professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining mazmun-mohiyatini yetkazish boʻyicha tadbir boʻlib oʻtdi.
Tadbirda soʻzga chiqqan IIV Kasbiy tayyorgarlik boshqarmasi boshligʻi, polkovnik Umid Nurullaev mazkur hujjat soha xodimlarining aholi oʻrtasidagi obroʻ-eʼtiborini yanada oshirish yoʻlidagi muhim omillardan biri ekanligini qayd etdi. U ushbu qaror bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi kodeksida osoyishtalik posbonlari uchun bir qator majburiyatlar belgilanib, ular tomonidan fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish asosiy vazifa sifatida koʻrsatib oʻtilganligini taʼkidladi.
Shuningdek notiq, endilikda, ichki ishlar organlariga xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlar IIV Malaka oshirish institutida uch oylik boshlangʻich kasbiy tayyorgarlikdan oʻtishi, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoʻl-patrulʼ va patrulʼ-post xizmati boʻlinmalari xodimlarini “Fuqarolar bilan ishlash moduli” boʻyicha uzluksiz oʻqitish, mazkur sohaviy xizmat vakillarini faoliyati davomida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan stress va nostandart vaziyatlarda oʻz-oʻzini boshqarishning psixologik omillarini, xalq bilan muomala madaniyati, ommaviy axborot vositalari va blogerlar bilan ishlash koʻnikmalarini shakllantirish hamda xodimlarning kasbiy, jangovar-jismoniy tayyorgarligi, huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirib borish va boshqa shu kabi masalalarga batafsil toʻxtalib oʻtdi.
– Yangi Oʻzbekistonning xalqaro maydondagi obroʻsi va nufuzining oshishida, mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikning mustahkamlanishida ichki ishlar organlari xodimlarining ham munosib hissasi bor, – deydi IIV Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti katta inspektori, mayor Zohid Berdiev. – Shunday ekan, faoliyatimizni yanada rivojlantirish yoʻlida qilinishi lozim boʻlgan ishlarni tizimli va uzluksiz tashkil etish orqali ularning samaradorligi va taʼsirchanligini oshirishda oʻzimizning bor kuch va gʻayratimizni ayamaymiz.
Mixli SAFAROV,
“Postda” muxbiri.