Qashqadaryo viloyati Iibda Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari, general-mayor Azizbek Ikramov va boshqarma tarkibiy boʻlimlar va sohaviy xizmatlar xodimlari ishtirokida “Maʼnaviyat va maʼrifat darsi” boʻlib oʻtdi. Prezidentimizning “Ichki ishlar organlarini xalqchil professional tuzilmaga aylantirish va aholi bilan yanada yaqin hamkorlikda ishlashga yoʻnaltirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori mazmun-mohiyatini shaxsiy tarkibga yetkazishga bagʻishlangan tadbirda vazir oʻrinbosari maʼruza qildi. 

Vazir oʻrinbosari qarorda ichki ishlar organlari xodimlarini “Inson qadri uchun” tamoyili asosida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarga ega, oʻz burchiga sodiq, vatanparvar va xalqparvar vakili etib tarbiyalash orqali aholining chinakam roziligiga erishish ustuvor vazifa etib belgilanganini taʼkidladi. Shu bilan birga, ichki ishlar organlarida sodir etilishi mumkin boʻlgan nojoʻya xatti-harakatlar, suiisteʼmolchilik va korruptsiya holatlarining barvaqt oldini olish, huquq-tartibot tizimi obroʻsiga salbiy taʼsir koʻrsatuvchi nizoli vaziyatlarni yuzaga keltirmaslik lozimligini ishtirokchilarga tushuntirdi.

Vazir oʻrinbosari har bir hodim qaror bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlari xodimlarining kasbiy madaniyat va xizmat intizomi Kodeksi qoida va talablarini bilishi, ularga qatʼiy va soʻzsiz amal qilishi majburiydir, dedi.

Kodeksda belgilangan qoida va talablarga amal qilish xodimning xizmat faoliyati samaradorligi va xizmat intizomini baholashning asosiy mezonidir. Mazkur qoida va talablarga amal qilmaslik yoki ularni qoʻpol ravishda buzish xodimni ichki ishlar organlaridan xizmatdan boʻshatishgacha boʻlgan intizomiy jazo chorasini qoʻllash uchun asos boʻladi.

Qarorga muvofiq, jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasi xususiyatlaridan kelib chiqib, shaxsiy tarkibning jangovar va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishning uzluksiz tizimini yaratish va uni baholashning yangi mezonlari ishlab chiqiladi.

Inson omilini istisno etish hamda korruptsiya holatlarining barvaqt oldini olish maqsadida ichki ishlar organlarida kadrlar bilan ishlash, xizmatni oʻtash qoidalariga rioya etilishini taʼminlash, shuningdek, shaxsiy tarkib va ularning oila aʼzolarini ijtimoiy himoya qilish tizimi zamon talablariga mos ravishda toʻliq raqamlashtiriladi.

Ichki ishlar organlarida xizmatga birinchi marta qabul qilingan xodimlarga nisbatan tayinlanadigan dastlabki sinov muddatini bir yil etib belgilab, hududiy ichki ishlar organlari ehtiyojini inobatga olib, Ichki ishlar vazirligining akademik litseylari bitiruvchilari uchun Ichki ishlar vazirligi Akademiyasida bakalavriatning “Huquqbuzarliklar profilaktikasi faoliyati” va “Tezkor-qidiruv faoliyati” taʼlim yoʻnalishlariga, toʻlov-kontrakt asosida oʻqitishni nazarda tutgan holda har yili qoʻshimcha qabul kvotasi kiritiladi.

2023 yil yakuniga qadar mansab lavozimlarini yuqori maʼnaviy-axloqiy, ishchanlik va kasbiy sifatlarga ega boʻlgan nomzodlar bilan toʻldirishni nazarda tutgan holda ichki ishlar organlarida xizmatga qabul qilishning sifat jihatidan yangi, soddalashtirilgan elektron axborot tizimini yaratish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda Ichki ishlar organlarida jismoniy va jangovar tayyorgarlikni tashkil etish kontseptsiyasi ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etiladi. Bunda barcha darajadagi hududiy, sohaviy va tarmoq ichki ishlar organlari xodimlarining jangovar shaylik va jismoniy tayyorgarlik darajasini oshirishni nazarda tutib, sportning yakka kurash turlari (qoʻl jangi, sambo va kurash) boʻyicha hududiy terma jamoalar va sport sektsiyalari tashkil etiladi.

Bir soʻz bilan aytganda, Prezident qarori yurtdoshlarimizning ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy olamini boyitish yoʻlida davlatimiz tomonidan olib borilayotgan keng koʻlamli islohotlarning amaliy natijasidir.

Tadbirda shahar-tuman Iiblari shaxsiy tarkibi ham videoselektor orqali ishtirok etdi.

Qashqadaryo viloyati IIB Axborot xizmati