Oʻz hududidagi jinoyatchilikning oldini olish va unga qarshi kurashish chogʻida halok boʻlgan profilaktika inspektorining oʻgʻli Temur Aktamov xalqqa xizmat qilish, uning osoyishtaligini taʼminlash maqsadida ota kasbini tanladi. Malakali mutaxassis boʻlish yoʻlida oʻqib, izlandi. Natijada IIV Akademiyasini muvaffaqiyatli tamomlab, oʻzi tugʻilib oʻsgan mahallaga profilaktika inspektori boʻlib keldi.
Qasamyodiga sodiq qolib, oʻz vazifasini vijdonan bajarayotgan Temurga qonunni chetlab oʻtib, moʻmay daromad topayotgan “tadbirkor”lardan biri oʻzining qingʻir ishlariga koʻz yumib, unga xalaqit qilmaslik uchun katta miqdorda pora taklif qiladi. Biroq oʻz manfaatidan davlat va jamiyat manfaatini ustun bilgan inspektor bunga aslo rozi boʻlmaydi.
“Tadbirkor”ning harom pullariga uchib, uning yonini olgan ayrim “mutasaddi”lar esa xizmat vazifasini suiistemol qilib, yosh xodimga tayziq oʻtkazishda davom etadi. Lekin ahdiga sodiq qolgan Temur nafsiga qul kimsalar oldida bosh egmaydi. Halollikni shior qilgan xodim onasiga bergan vaʼdasida sobit turadi. Oxir-oqibatda qancha tahqir va xoʻrlanishlarga qaramasdan, adolatni qaror toptirishga astoydil harakat qilgan inspektorning qoʻli baland kelib, haqiqat yuzaga chiqadi.
Bugun IIV Madaniyat saroyida vazirlik markaziy apparati xodimlariga namoyish etilgan “Hech qachon davlatman dema...” spektaklining mazmun-mohiyatini ana shu hayotiy voqelik tashkil etadi.
– Oramizda shunday halol, pok va kasbiga xiyonat qilmaydigan osoyishtalik posbonlari qanchalik koʻp boʻlsa, shunchalik yuzimiz yorugʻ, xalqimiz oldidagi obroʻyimiz doimo baland boʻlaveradi, – deydi IIV Jamoat xavfsizligi departamenti yetakchi mutaxassisi, kapitan Sodiqjon Rahimov.
Mixli SAFAROV,
oʻz muxbirimiz.
