Tarixiy haqiqatni qaror toptirish, ona Vatanimiz ozodligi va erkinligi yoʻlida qurbon boʻlgan xalqimizning suyukli farzandlari nomini tiklash, ularning hayoti va faoliyatini oʻrganish hamda tadqiq etish bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biri sanaladi. Zero, milliy mustaqillikni mustahkamlash, mamlakatimiz rivoji va uning taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladigan avlodni tarbiyalashda ularning ibratli hayoti va maʼnaviy merosining oʻrni beqiyosdir. Mustaqillikning ilk yillaridan yurtimizda tinchlik, Vatan ozodligi yoʻlida kurashib qurbon boʻlgan xalqimiz qahramonlarining hayoti, ularning faoliyati, ilmiy va maʼnaviy merosini oʻrganish va tadqiq etishga eʼtibor berila boshlandi. Xususan, 2000-yilning 12-mayida Toshkent shahrining Yunusobod tumanida «Shahidlar xotirasi» yodgorlik maj­mui tashkil etildi. Bu uzoq kutilgan tarixiy haqiqatning qaror topishi boʻldi. «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmui va «Qatagʻon qurbonlari xotirasi» muzeyi poytaxtimizning eng gavjum ziyoratgohlaridan biriga aylandi.

Oʻtgan davr mobaynida biz bilgan, koʻpchilikka maʼlum boʻlgan Abdulhamid Choʻlpon, Abdulla Qodiriy, Fayzulla Xoʻjayev, Abdurauf Fitrat kabilarni oʻrganish bilan bir qatorda, qatagʻon qurbonlari Otajon Hoshimov, Sotti Husayn, Vadud Mahmud kabi olimlarning ilmiy ijodi jamoatchilikka qaytadan tanishtirildi. Ana shunday koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan milliy adabiyotimizning zabardast vakillaridan biri 1938-yil qatagʻoni oqibatida otib tashlangan zahmatkash oʻzbek olimi Miyon Buzruk Solihovdir. Milliy madaniyatimiz tarixini oʻrganishga munosib hissa qoʻshgan bu zot 1891-yilda Toshkent shahrida Shoʻrtepa masjidining imomi Miyon Solih xonadonida dunyoga kelgan. U avval eski maktabda, 1910–1915-yillarda esa Degrez koʻchasida joylashgan madrasada tahsil oladi. Taʼlim jara­yonida diniy bilimlar bilan birga, arab va fors tillarini ham puxta egallashga harakat qiladi.


Koʻpchilik oʻzbek jadid ziyolilari kabi, 1917-yil voqealari Miyon Buzruk Solihov ongida ham oʻzgarish yasay­di. U qizgʻin kechayotgan ijtimoiy-siyosiy voqealarga aralasha boshlaydi. Tez orada Turkiston milliy ozodlik harakatining faol aʼzolaridan biriga aylanadi. 


Maʼlumki, 1917-yilning 14-martida Toshkentda Munavvarqori Abdurashidxonov va Ubaydulla Xoʻjayevlar boshchiligida «Shoʻroyi islomiya» tashkiloti tuziladi. Ushbu tashkilot ishlarida Miyon Buzruk ham faol ishtirok etadi. Shu yilning 6-avgustida Toshkent shahar dumasiga saylovlar boʻlib oʻtadi. Bu saylovda «Shoʻroyi islomiya» tashkiloti koʻrsatgan nomzod­lardan oʻn bittasi gʻolib chiqadi. Ana shular orasida Miyon Buzruk Solihov ham bor edi. 

U shahar dumasi bolsheviklar tomonidan tarqatib yuborilguniga qadar 

(1917-yil dekabr) «Shoʻroyi islomiya» dan saylangan vakil sifatida duma ishlarida qatnashadi. 1917-yilning yozida esa Bokudan «Musovat» partiyasining faol aʼzosi Muhammad Amin Afandizoda Toshkentga keladi va mahalliy ziyolilar orasida «Ittihod va taraqqiy» tashkilotini tuzishga boshchilik qiladi. Yangi tuzilgan tashkilotga Munavvarqori Abdurashidxonov rais, Ubaydulla Xoʻjayev hamda Miyon Buzruklar muovin etib saylanadi. 


1930–1936-yillarda Mi­yon Buzrukning Qashqar mahallasidagi hovlisida Abdulla Qodiriyning «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon» kabi asarlarini rus tiliga oʻgirgan tarjimon L. Sotserdotova yashagan va u bilan yaqin ijodiy hamkorlikda boʻlgan.

Miyon Buzruk Solihov 1936–1937-yillarda avval Samar­qand universitetiga, u yerdan Bu­xoro davlat pedagogika institutiga taʼlim berish uchun yuboriladi. Oradan bir yil oʻtib, 1937-yilning yozida Buxoro pedagogika institutida ishlab turgan Miyon Buzruk Solihov mehnat taʼtilini oʻtkazish uchun oilasi yoniga, Toshkentga qaytadi. Olim mana shu taʼtildalik paytida, aniqrogʻi, 7-avgustda NKVD xodimlari tomonidan hibsga olinadi. 

Ayblovlarning aksariyati uydirma boʻlib, oʻzbek ziyolisini, millat fidoyisini jismonan yoʻq qilishga qaratilgan edi. Xususan, ayblardan biriga koʻra, u «Yozuvchi Hoji Muin Shukrullayev orqali Angliyaning Oʻzbekistondagi aygʻoqchisi Said Afandi bilan tanishgan va josuslik ishiga yollangan. Ikkinchi aybga koʻra esa Miyon Buzruk Munavvarqori oʻlimidan soʻng Oʻzbekiston ichkarisidagi milliy aksilinqilobiy tashkilot rahbarligini oʻz zimmasiga olgan.

Yuqoridagi ayblardan kelib chiqib, sudda unga «burjua millatchisi», «Angliya josusi», «aksil­inqilobiy tashkilotlar yoʻlboshchisi» kabi ayblar qoʻyiladi va oʻlim jazosiga hukm etiladi. Hukm 1938-yil 17-dekabrda ijro etiladi. 1957-yilda qatagʻon qurboni boʻlgan koʻpgina oʻzbek ziyolilari qatorida Miyon Buzruk Solihov ham oqlanadi. 

Mana shunday yurtparvar vatandoshlarimiz qatagʻon qilinishining asl maqsadi, millat fidoyilarining yurt mustaqilligi uchun kurashuvchi kuchga aylanishidan hayiqish edi. Shoʻro qattollari nafaqat bu shaxslarning oʻzlarini, balki ularning norasida farzandlari, oila aʼzolarini ham jazolash va qamash yoʻlidan borgan edi. Masalan, Miyon Buzruk Solihovning oʻgʻli Mazhar Solihov oʻsha yillarda universitet talabasi edi. Unga «xalq dushmani» ning oʻgʻli sifatida ayb qoʻyilib, talabalar safidan chiqariladi. Norasida singlisi Nuriya esa bolalar uyiga yuborilgan.

Mamlakatimizda amalga oshi­rilayotgan keng koʻlamli islohotlarga monand, 2020-yilning 8-oktabr kuni «Qatagʻon qurbonlarining me­rosini yanada chuqur oʻrganish va ular­ning xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Prezident farmoyishi qabul qilindi. Unga binoan, qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlari­mizning avlodlari va yaqinlari, oʻsha davr voqealarini chuqur biladigan kishilarning xotiralarini yozib olish, oilaviy arxiv va kutubxonalarda saqlanayotgan tarixiy materiallarni, noyob suratlarni toʻplash ishlarini muvofiqlashtirish belgilandi. 

Shuningdek, aniqlangan qatagʻon qurbonlarining nomlarini Toshkent shahridagi «Shahidlar xotirasi» yodgorlik majmuasida barpo etiladigan ramziy kitob sahifalariga kiritish, shahid boʻlgan yurtdoshlarimiz xotirasini kelgusi avlodlarga bezavol yetkazish maqsadida koʻp jildlik «Qatagʻon qurbonlari» kitobi nashrga tayyorlanishi va chop eti­lishi belgilandi. Bundan tashqari, «Qatagʻon qurbonlari xotirasi» davlat muzeyi hamda uning hududlardagi oliy taʼlim muassasalari qoshidagi boʻlimlarining fondlari va ekspozit­siyalarini yangi topilgan maʼlumotlar, hujjatlar va boshqa eksponatlar bilan muntazam ravishda boyitib bori­lishini tashkillashtirish kabi muhim tadbirlar belgilab berildi. 

Mustaqillik tufayli xalqimiz kutgan va uzoq yillar intilib kelgan adolat qaror topdi. Bugun navqiron Oʻzbekistonni dunyo davlatlari tan olib, oʻtmishi ulugʻ va kelajagi porloq yurt sifatida hamkorlik, diplomatik munosabatlar oʻrnatmoqda, yurtimiz jahonda oʻz oʻrniga ega davlat sifatida baholanmoqda. Bunday tinch va osuda, farovon kunlarning har daqiqasiga shukur qilib, oʻzini shu ona Vatan farzandi degan har bir shaxs uchun ozodlik, farovonlik va tinchlik neʼmatini asrash ham farz, ham qarzdir.

Asrorjon SATTOROV, 

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, mayor.