Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
Oʻz xalqining milliy manfaatlarini himoya qilib, uning porloq istiqboli yoʻlida jismi jonida kuch topa bilgan va bor haqiqatni aytishga jurʼat etgan millatimiz jonkuyarlari birinchi galda markazning qahr-gʻazabiga uchradi. Ular birgina imo-ishora bilan bu kabi yurt fidoyilarini ogʻmachilik va buzgʻunchilikda ayblash orqali, shaʼniga millatchi, xalq dushmani, aksilinqilobchi hamda burjua malaylari singari asossiz boʻhtonlar bilan laʼnat tamgʻasini bosishga doimo tayyor turishardi.
Shonli tariximizning bunday zulmatli yillari xalqimiz dilida oʻchmas armon boʻlib qoldi. Bu haqiqat milliy istiqlol tufayligina yuzaga chiqib, undan butun yurtimiz fuqarolari bahramand boʻlishdi.
Abdulla Qodiriy, Abdurauf Fitrat, Abdulhamid Choʻlpon, Usmon Nosir, Elbek, Botu, Gʻozi Yunus kabi isteʼdodlar tuhmat-u boʻhtonlar tufayli «xalq dushmanlari» sifatida jismonan yoʻq qilinib, yorqin faoliyati soʻndirildi. Axir ularning har biri oʻz millatining faxr-u iftixori darajasiga koʻtarilgan, beqiyos ijodi, yaratgan boy adabiy merosi eʼtirof etilgan, har qancha havas qilsa arziydigan insonlar edi. Masalan, ulardan biri professor Gʻozi Olim Yunusovni oladigan boʻlsak, u 50 dan ortiq asarlar muallifi sanalardi. Arab, fors, nemis, ingliz va turkiy tillarni puxta bilgan. U hatto rus, arab va nemis tillarida Samarqand universiteti, Toshkent pedagogika instituti kabi nufuzli dargohlarda yoshlarga taʼlim bergan. Ammo bunday noyob isteʼdodlar qatagʻon jallodlari uchun qadr-qimmatga ega emasdi. Mustabid tuzum farmonbardorlari esa oʻzbek xalqining milliy ongi va tafakkurini oʻstirish, uning oʻzligini tanitishda fidoyilik qilgan jadidchilik harakati namoyandalarini yoʻq qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygandi.
Maʼlumotlarga qaraganda, 100 mingdan ortiq vatandoshimiz qatagʻon zulmiga uchragan. Ularning bir qismi «xalq dushmani» degan tamgʻa bilan shafqatsizlarcha otib tashlangan. Boshqalari esa uzoq yurtlarga surgun qilinib, azob-uqubatlarga duchor etilgan. Oilalari parokanda boʻlib, mol-mulki tortib olingan.
Ona yurtining porloq istiqboli va ozodligi uchun jonini fido etgan buyuk ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish maqsadida barpo etilgan «Shahidlar xotirasi» maydoni hamda uning markazida joylashgan «Qatagʻon qurbonlari xotirasi» muzeyi bu yerga tashrif buyuruvchilarda, ayniqsa, kelajagimiz egalari boʻlmish yoshlarda katta taassurot qoldirmoqda. Milliy meʼmoriy anʼanalar asosida barpo etilgan ushbu muzeyga kirishingiz bilan chor Rossiyasi va shoʻro mustamlakachiligi davrining fojiali manzaralari koʻz oldingizga keladi. Uchta zal va oʻn boʻlimdan iborat mazkur binoning birinchi zalida Oʻrta Osiyoning chor Rossiyasi tomonidan bosib olinishi hamda unga qarshi koʻtarilgan xalq qoʻzgʻolonlari va oʻtgan asrning 30-yillari boshlarida roʻy bergan siyosiy qatagʻonlargacha boʻlgan voqealar bilan tanishishingiz mumkin. Ikkinchi zaldagi ekspozitsiyalar 1937–1938, 1940–1950-yillardagi siyosiy qatagʻonlar hamda 80-yillardagi «paxta ishi» haqida hikoya qiladi. Navbatdagi zal esa mustaqillik yillarida tarixiy adolatning tiklanishi, qatagʻon qurbonlari xotirasining abadiylashtirilishi, milliy qadriyatlarni asrab-avaylash va uni rivojlantirish yoʻlidagi olamshumul ishlarga bagʻishlanadi.
Shuningdek, tarixiy adolatni tiklash, mustabid tuzum davrida nohaq ayblangan, mol-mulki musodara etilib, oʻzlari quvgʻin-u qatagʻonga uchragan shaxslarning nomlarini oqlash borasida Yurtboshimiz tomonidan 2020-yilning 8-oktabrida «Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoyish qabul qilindi. Unga muvofiq, «Yoʻl xaritasi» ishlab chiqildi va Respublika ishchi guruhi tuzilib, reabilitatsiya qilinmay qolib ketgan qatagʻon qurbonlarining nomlarini oqlash yuzasidan takliflar kiritish belgilab berildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudiga 2021-yilning dekabr oyida 120 nafar shaxsga nisbatan 6 ta jinoyat ishi kelib tushgan boʻlib, bular yurt fidoyilarining nohaq ayblanganligi borasidagi ishlar edi. 2022-yil 6-yanvardagi Oliy sud qarori bilan fidoyi ajdodlarimizga qoʻyilgan ayblovlar nohaq ekanligi isbotlanib, ularning barchasi oqlandi. Bu muhim voqea mamlakatimizda olib borilayotgan odilona siyosatning amaliy natijasi, desak, ayni haqiqatdir.
Porloq istiqlolimiz yoʻlida fidokorona kurash olib borgan, hatto bu yoʻlda oʻz jonini ham fido etgan qatagʻon qurbonlarining pok nomlari xalqimiz qalbida abadiy yashashi shak-shubhasizdir.
Asrorjon SATTOROV,
Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti, mayor.
