1938-yilning 4-oktabrida jadid bobolarimiz – Abdulla Qodiriy, Abdulhamid Choʻlpon, Abdurauf Fitrat kabi el ardogʻidagi shoir va yozuvchilar, Gʻozi Olim Yunusov, Qayum Ramazon, Otajon Hoshimov, Majid Qodirov, Ziyo Saidov kabi adabiyotshunos olimlar, birinchi oʻzbek kinorejissyori va fotografi Xudoybergan Devonovlar qatl etildi. Eng achinarlisi, ularni oʻlimga hukm qilish haqidagi hujjat qatldan bir kun oʻtib, 5-oktabrda rasmiylashtirib qoʻyilgan.
Harbiy kollegiyaning 1938-yil 4-oktabrdan 16-oktabrgacha boʻlgan sayyor yigʻilishlarida jami 507 nafar oʻzbekistonlik siyosiy mahbus ustidan hukm chiqarildi. Oʻzbekistonda 1937-yil 10-avgustdan 1938-yil 1-yanvargacha 10700 nafar kishi qamoqqa olingan. Shundan 3613 kishi qatl etilgan boʻlsa, 7087 nafari sakkiz-oʻn yil muddatga qamoqqa tashlandi. 1937–1953-yillarda mustabid tuzum tomonidan 100 mingdan ziyod xalqimiz vakillari qatagʻon siyosatining qurboni boʻlgan. Ularning 13 000 nafari otib tashlangan, yana minglab kishilar nohaq quloq qilingan, surgunlarga joʻnatilgan.
Mustabid tuzum xalqimizning eng ilgʻor vakillarini jismonan yoʻq qilish, uzoq muddatlarga lagerlarga surgun qilish bilan cheklanmay, ularning oila-aʼzolari va yaqinlarini ham taʼqib qildi. Hatto ularning nomlarini ham tarixdan oʻchirishga urindi, yaratgan asarlari, chop etilgan kitoblarini ham taqiqladi.
Qatagʻonlar oqibatida xalqimiz endi kuchga toʻlgan, oʻz Vatani ravnaqi yoʻlida hali katta ishlarni qilishi mumkin boʻlgan minglab yetuk kadrlaridan, asl oʻgʻlonlaridan ayrildi. Mamlakatning ijtimoiy-siyosiy, harbiy, ilmiy, adabiy-madaniy salohiyatiga oʻrnini toʻldirib boʻlmaydigan darajada zarar yetdi.
Xoʻsh, shoʻrolar hokimiyatining ushbu qatagʻonlardan koʻzlagan maqsadi nima edi? Bu siyosat qurboniga aylangan ziyolilar, jadid bobolarimizning «aybi» nima boʻlgan? Ular mavjud siyosatga qanday xavf solgan edi, degan savollar kishini chuqur oʻyga soladi.
Eng boshidanoq yolgʻonga asoslangan proletariat diktaturasi har qanday hur fikrga, muxolif qarashlarga tish-tirnogʻi bilan qarshi boʻlgan. Shu bois sovet hokimiyatini tanqid qiluvchilar, uning chor hukumatidan oshib tushgan imperialistik siyosatiga qarshi fikr aytuvchi diniy yetakchilar va milliy intelligensiya vakillari ustidan nazorat oʻrnatish, bu siyosatga tahdid solishi mumkin boʻlgan kuchlarni aniqlash, ularni maʼnan va jismonan yoʻq qilish maqsad qilingan edi. Qatagʻonlar, shuningdek, sovet hokimiyatining jamiyat ustidan total nazoratini kuchaytirish va kelgusida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan har qanday norozilik yoki mustaqillikka intilishni ayovsiz bostirishga qaratilgan edi.
Eng qizigʻi, hur fikrli oydinlarimizni mahv etish maqsadida turli aksilinqilobiy tashkilotlar qatagʻon tuzumi buyurtmasi asosida markaz va uning jazo organlari tomonidan atayin toʻqib chiqarilgan. Buning orqasida ming-minglab begunoh insonlar shafqatsiz jazolangan, yosh umrlari xazon boʻlgan. Ularning avlodlari ham «xalq dushmani»ning bolalari sifatida jamiyatdan ajratilgan, hayoti ostin-ustun boʻlib ketgan.
Istiqlol yillarida milliy qadriyatlarni tiklash, tariximizni xolis va haqqoniy oʻrganish, aziz siymolar xotirasini eʼzozlash, madaniyatimiz va sanʼatimiz rivojiga hissa qoʻshgan ijodkorlar faoliyati, ularning boy maʼnaviy merosini tadqiq etish, targʻib va tashviq qilish, tarixiy adolatni qaror toptirish borasida koʻplab ishlar amalga oshirildi.
Dunyoda global xavf-xatarlar kuchayib borayotgan hamda milliy oʻzlikni anglash va haqiqiy tariximizni tiklash har qachongidan ham muhim ahamiyat kasb etayotgan bugungi davrda jadidlarning Vatan ozodligi va yurt taraqqiyoti borasidagi gʻoyalarini, taʼbir joiz boʻlsa, «qayta tiriltirish», ularning jasorati va matonati misolida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularga mashaqqatli kurashlar va minglab qurbonlar evaziga qoʻlga kiritilgan istiqlolni, bugungi erkin, ozod va obod hayotimizni asrab-avaylash, qadrlash kerakligini anglatish dolzarb vazifa boʻlib qolmoqda.
Bu zaruratni yaxshi anglagan davlatimiz rahbarining 2020-yil 8-oktabrdagi «Qatagʻon qurbonlarining merosini yanada chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi farmoyishi yangi izlanishlar, amaliy chora-tadbirlarga keng yoʻl ochdi. Ayniqsa, Mahmudxoʻja Behbudiy, Abdulla Avloniy, Munavvarqori Abdurashidxonovlarning «El-yurt hurmati» ordeni bilan taqdirlanishi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan 1 ming 200 dan ziyod siyosiy qatagʻon qurbonlarining reablitatsiya qilinishi mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hamda madaniy hayotida katta voqea boʻldi.
Ushbu savobli ishlarning mantiqiy davomi sifatida joriy yil 19-iyulda Prezidentimizning «Siyosiy qatagʻon qurboni boʻlgan yurtdoshlarimiz hayoti va faoliyatini oʻrganish, targʻib etish hamda ularning xotirasini abadiylashtirish borasidagi ishlarni kengaytirish toʻgʻrisida»gi qarori qabul qilindi.
Ushbu qarordan koʻzlangan maqsad tariximizning nomaʼlum sahifalarini tiklash va ilmiy nuqtayi nazardan chuqur oʻrganish, inson, uning huquq va erkinliklarini oliy qadriyat sifatida eʼtirof etish, shu asosda yurtdoshlarimiz, ayniqsa, yosh avlodning Vatan taqdiri va kelajagiga daxldorlik tuygʻusini, fuqarolik pozitsiyasini kuchaytirish, ularni bugungi tinch, erkin va ozod hayotning qadriga yetish ruhida tarbiyalashdir.
Xususan, qarorning 3-bandiga asosan, har yili oktabr oyining birinchi haftasini mamlakatimizda Siyosiy qatagʻon qurbonlarini yod etish haftaligi sifatida nishonlash belgilandi.
Qarorga asosan, qatagʻon qurbonlari, jumladan, jadidchilik harakati namoyandalarining hayoti va faoliyati, ilmiy-ijodiy merosini oʻrganish, bu borada ilmiy tadqiqotlar olib borish maqsadida Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar, «Oʻzarxiv», Madaniy meros, Yoshlar ishlari agentliklari, Fanlar akademiyasi va boshqa vazirlik va idoralarga bir qator aniq vazifalar belgilab berildi. Qatagʻon qurbonlari va jadidlik harakati namoyandalarining ilmiy-ijodiy faoliyatiga tegishli nodir kitoblar, qoʻlyozma asarlar, tarixiy hujjatlar va boshqa materiallarni taʼmirlash hamda raqamlashtirish, audiovizual mahsulotlar tayyorlash, ularni internet tarmogʻida ommalashtirish, «Jadidlar.uz» elektron platformasini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish, davlat arxivlarida saqlanayotgan qatagʻon qurbonlari va jadidlik harakati namoyandalariga oid muayyan arxiv hujjatlarini belgilangan tartibda maxfiylikdan chiqarish, Qatagʻon qurbonlari xotirasi davlat muzeyi hamda uning hududiy boʻlimlari ilmiy xodimlari uchun vazirlik va idoralarning idoraviy arxivlaridan foydalanish imkoniyatini yaratish shular jumlasidandir.
Xulosa oʻrnida shuni taʼkidlash joizki, xalqimizning milliy oʻziga xosligi, asrlar osha yashab kelayotgan qadriyatlari va madaniy merosini rivojlantirishga hissa qoʻshgan jadidlar faoliyatini oʻrganish oʻzbek xalqining milliy gʻururini yuksaltirishga, oʻz taqdirini oʻzi belgilash huquqini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Umuman olganda, jadidlar faoliyati va gʻoyalarini oʻrganish xalqimizga oʻz boshidan kechirgan achchiq tarixdan saboq olgan holda, taʼlim va milliy madaniyatni yuksaltirish, jamiyat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi ilgʻor gʻoyalarni hayotimizga keng joriy etish orqali rivojlangan dunyoda tenglar ichra teng boʻlib yashash imkonini beradi.
Elbek NORMOʻMINOV,
IIV Muzeyi boshligʻi, mayor.
