Aqllar jangi, tuygʻular va istaklar mahorabasi boʻlgan shaxmat barcha ilm ahli va tafakkurga oshno kishilarni oʻziga oshufta etmay qolmagan. Shaxmat xotirani zaiflashishdan saqlaydi, ishchanlik qobiliyatini kuchaytiradi. Bir soʻz bilan aytganda yoshlarning komil insonlar boʻlib voyaga yetishida uning oʻrni benihoya yuqori.
Quyida eʼtiboringizga havola etilayotgan holatlar ham shaxmatga tashna koʻnglingizga ravshanlik ulashadi, degan niyatdamiz.
* * *
Shaxmat boʻyicha bir necha karra jahon chempioni Maks Eyve poezdda ketayotganida notanish hamrohi unga vaqtni mazmunli oʻtkazish uchun yoʻl-yoʻlakay shaxmat oʻynab ketishni taklif qiladi. To manzilga yetgunicha 5 partiya oʻynashgan boʻlsa-da, nuqul yutqazaverganidan jigʻibiyron boʻlgan sherigi, oxiri shaxmat taxtasini bir chetga uloqtirib oʻziga-oʻzi deydi:
– Jin ursin, ishxonada meni tashkilotimizning Eyvesi deb maqtashardi. Naq besh marta chempion boʻlganman. Kelib-kelib bitta koʻchadagi allaqanday odamga yutqizib tursam-a?! Tanishlar eshitib qolsa, rosa ustimdan kulishsa kerak.
* * *
Angliyada oʻtgan musobaqa tugagach, grossmeyster Flor mehmonxonadagi liftga chiqadi. Maʼlumki «flor» soʻzi inglizchada «qavat» degan maʼnoni anglatadi. Liftga birga chiqib qolgan hamrohi undan odatga koʻra «Nechanchi qavatga? (flor)» deb soʻraydi. Haliyam gʻoliblik nashidasidan sarmast grossmeyster gap musobaqa haqida ketayapti, deb oʻylab, maqtangannamo: «Albatta, birinchi» deb javob beradi.
Buni «birinchi qavatga» deb tushungan hamrohi lift tugmachasini bosolmay angrayib qoladi.
* * *
Xalqimiz orasida ham shaxmat haqida koʻplab rivoyatnamo gaplar yuradi. Masalan, qadimda ikki doʻst boʻlib, ikkalasi ham shaxmat oʻynashga mukkasidan ketgan ekan. Hatto ulardan biri izgʻirin qish kunlarida 30 chaqirim naridan ot bilan sheriginikiga kelib shaxmat oʻynab ketishni kanda qilmaskan.
Bir kuni ular yarim tungacha shaxmat oʻynab ham bir-birini yenga olmabdi. Oʻyinni ertasi kuni davom ettirishga kelishib olishgach, sherigi yarim tunda otiga minib, uyga qaytibdi. Xayolidan tugallanmay qolgan oʻyin hech ketmasmish. Endi uyiga yetay deb qolganda, otini qurbon qilib, doʻstini mot qilishi mumkinligi xayoliga kelib qolibdi. Gʻoliblik lazzatidan sarmast boʻlib, uyga ham kirib oʻtirmay, yana doʻstinikiga qaytib boribdi. Tong qorongʻusida xijolatomuz eshikni taqillatsa, doʻstiyam uxlamagan ekanmi, «Qaytib ketaver, baribir otingni olmayman», degan ekan.
* * *
Alyoxin ismli buyuk shaxmatchi haqida eshitmagan odam boʻlmasa kerak. Polʼshalik yosh grossmeyster Miguel Naydorf 1939 yili Buenos-Ayresda oʻtgan musobaqada u bilan uchrashib, doʻstlashib qoladi. Gap orasida u Alyoxinga «sizni avval yutganman» deb maqtanadi. Alyoxin 1932 yilda oʻtkazilgan musobaqada ikki partiyada ham durang qayd etilganini aytib, uni yolgʻonchilikda ayblaydi. Shunda Naydorf miyigʻida kulib, «1929 yil Varshavaga kelganingizda birvarakayiga 32 taxtada seans olib borganingizni eslay olasizmi?», deb soʻraydi.
Alyoxinning qoshlari chimiriladi. «Ha, oʻsha 32 oʻyinning 2 tasini shaxmat taxtasiga qaramay oʻynagandim, ulardan birida magʻlubiyatga uchraganim ham rost. Nahotki, 10 yil oldin N7 xonasida ruxni qurbon berib, meni chuv tushirgan bolakay siz boʻlasiz?» deydi u hayrat bilan.
* * *
Turli tadbirlar va shou uchrashuvlarni yoqtiradigan mashhur shaxmatchilardan birini boshqa mamlakatga seans oʻtkazish uchun taklif qilishibdi. U biratoʻla 15-20 kishi bilan shaxmat oʻynagach, tadbir soʻnggida shaxmat muxlislari bilan suratga ham tushadi. Keyin yana oʻz mamlakatiga qaytib ketadi.
Ertasi kuni musobaqa tashkilotchilari suratkash koʻtarib kelgan suratga qarasalar, hamma boru, negadir jahon chempioni koʻrinmasmish.
– Suratda yana bir kishi boʻlishi kerak, edi. Qani u? – desalar, suratkash ham boʻsh kelmay: «Oʻsha oldinda oʻtirgan semiz va besoʻnaqay odamni aytayapsizlarmi? Rasm sifatli va chiroyli chiqishi uchun uni olib tashladim», deb javob beribdi.
F. MAMASHARIPOV tayyorladi.
