Bugun yurtimizda aholining huquqiy madaniyati va huquqiy ongini yuksaltirish, inson qadrini ulugʻlash, jamiyatda qonun eng muhimligini taʼminlashga ustuvor vazifa sifatida alohida eʼtibor qaratilmoqda. Zero, jamiyat va mamlakat hayotida qonun muqaddas hisoblanib, u yuksak maqomga ega, unda xalqning irodasi, xohish va istaklari, manfaat va intilishlari mujassamdir.
Hozirgi globallashuv shiddati har qanday davlat taraqqiyotida qonunlarga
rioya etish, eng avallo, jamiyat hayotida adolat, insonparvarlik gʻoyalarini tarannum etishga zamin yaratadi. Insoniyat tarixida qonunlarning kashf etilishi jamiyat va davlat oʻrtasida vujudga keladigan munosabatlarni tartibga soluvchi ijtimoiy
norma hisoblangan.
Tarixan insonlar ijtimoiy munosabatlarni tartibga
solish va oʻzlarining ehtiyojlarini taʼminlashda qonunlarga itoat qilish talab etilgan. Qadimgi yunon olimi Aflotun ham jamiyatning alohida guruhlari va tabaqalari manfaati yoʻlida qabul qilingan qonunlar adolatga mos kelmasligini alohida taʼkidlab, mamlakat fuqarolarining mafkuraviy tarbiyasi qonunlarga itoatkorlik ruhini singdirishda muhim ekanligini eʼtirof etgan.
Bugungi kunda jahon geosiyosiy maydonida kechayotgan globallashuv jarayonlarining kuchayishi hamda zamonaviy axborot texnologiyalarining jadal rivojlanishi dunyo miqyosida keskin burilish yasamoqda. Dunyoning turli mintaqa va davlatlarida kechayotgan ayanchli voqealar tahlili ommaviy axborot vositalari, zamonaviy axborot texnologiyalari, jumladan, ijtimoiy tarmoqlar va elektron nashrlar koʻp hollarda ayrim buzgʻunchi kuchlar qoʻlida turli soxta, zararli gʻoya va mafkuralarni targʻib etishning qulay va tezkor vositasiga aylanib qolayotganini koʻrsatayotir. Bu kabi tahdidlar milliy va umuminsoniy qadriyatlar yemirilishiga, zoʻravonlik, inson taqdiri, jamiyat hayotiga bepisandlik, masʼuliyatsizlik, loqaydlik, andishasizlik, behayolik kabi illatlar ildiz otishiga zamin yaratmoqda.
Ayniqsa, globallashuv sharoitida mafkuraviy kurashlar goh oshkora, goh pinhona tus olayotgani ogoh, sezgir va hushyor boʻlishni talab etmoqda. Dunyo miqyosida yuz berayotgan eng xavfli yovuz illat mafkuraviy xurujlar oʻzga bir davlat fuqarolarining qalbi va ongini zabt etish, mafkurasidan voz kechtirish orqali «oʻzgacha» mafkuralarni ongiga singdirishda namoyon boʻlmoqda. Bugun shiddat bilan oʻzgarayotgan dunyoda maʼnaviy tubanlik taʼsiri oqibatida madaniyatsizlik, eʼtiqodsizlik kabi qator «taʼlimotlar» oshkora, baʼzan esa yashirin tarzda targʻib etilmoqda. Natijada milliy ruh, millatning oʻziga xosligi va asriy qadriyatlarini zimdan yemirishga zamin yaratilmoqda.
Yangi Oʻzbekistonning hozirgi rivojlanish bosqichida xalqimizning huquqiy va maʼnaviy-mafkuraviy savodxonligini oshirish dolzarb vazifa hisoblanadi. Zero, dunyo sahnida yuz berayotgan mafkuraviy jarayonlar bizdan ogoh boʻlishni, fuqarolarimizning ongi va qalbini zabt etishi mumkin boʻlgan turli tahdidlardan himoya qilish zaruratini koʻrsatmoqda.
Maʼlumki, har bir xalqning taraqqiyotga erishuvida, avvalo, qonun ustvorligini taʼminlash va maʼnaviy birlashuvi muhim ahamiyat kasb etgan. Bugun yangi hayot qurish, rivojlangan davlatlar qatoriga chiqish yoʻlidan borayotgan mamlakatimizda ham qonun ustivorligini taʼminlash, maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni yanada yuksak oʻringa koʻtarishga dolzarb vazifa sifatida alohida eʼtibor qaratilayotgani bejiz emas.
Chunki yon-atrofimizda yuz berayotgan hodisotlar maʼnaviy-mafkuraviy ishlarning taʼsirchanligini oshirish, maʼnaviyat sohasidagi ichki va tashqi tahdid hamda xavf-xatarlarga qarshi samarali kurashish, jamiyatda mafkuraviy immunitetni mustahkamlash borasida jiddiy fikrlashni taqozo etmoqda. Davlatimiz rahbari oʻz nutqlaridan birida: «Biz yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat», – deya taʼkidlagan edi.
Oʻzbekiston taraqqiyotining yangi bosqichida qonun ustvorligini taʼminlash shu bilan birga, fuqarolarimizning maʼnaviy-mafkuraviy salohiyatini yuksaltirish xalqimizni buyuk va ulugʻvor maqsadlar sari birlashuviga zamin yaratadi.
Mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligi hamda qonuniylik tamoyillarining soʻzsiz taʼminlanishi, eng avallo, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning muhim kafolati hisoblanadi. Zero, Konstitutsiya hamda qonun talablariga ogʻishmay amal qilish xalqimizning yuksak maʼnaviy saviyasini belgilaydi. Maʼlumki, tomirida milliy gʻurur, Vatan ishqi joʻsh urgan, oriyatli, maʼnaviy jasoratga ega odamgina buyuk ishlarga qodir boʻladi. Biz bugun mamlakatimizda qonun ustuvorligi taʼminlangan yuksak maʼnaviy muhit yaratishimiz kerakki, yurtimizning qiyofasida Vatandan faxrlanish hissi koʻzimizni, qalbimizni quvnatib tursin. Shuni alohida qayd etish joizki, maʼnaviyat – xalqimiz or-nomusini uygʻotuvchi beqiyos kuch, ozodlik, Vatanni sevishga undovchi daʼvatkor tugʻyondir. Bugungi zamon shiddati har qaysi millat, xalqning kelajakda oʻzligini saqlab qolishi uchun, eng avvalo, maʼnaviyat masalasiga boʻladigan tahdidlardan muntazam ravishda ogoh, sezgir va hushyor boʻlishi lozimligini koʻrsatmoqda. Davlatimiz rahbari uqtirganidek, «milliy maʼnaviyatimizga mutlaqo begona boʻlgan zararli gʻoyalar, tushuncha va qarashlar chegarani buzmasdan, bildirmasdan, taʼbir joiz boʻlsa, «chaqirilmagan mehmon» boʻlib xonadonimizga, jamiyatimizga, eng yomoni, murgʻak bolalarimizning pokiza qalbi va ongiga kirib kelayotganidan ham koʻz yuma olmaymiz». Azaldan maʼlumki, insoniyat taraqqiyotida qachonki, beparvolik va loqaydlik hukm sursa, shu bilan birga, eng dolzarb muhim masalalar oʻz holiga tashlab qoʻyilsa, oʻsha yerda maʼnaviyat eng ojiz va zaif nuqtaga aylanishi oqibatida maʼnaviy tubanlik illatlari tobora avj olishini teran anglash lozim.
Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, «biz maʼnaviyat va maʼrifat ishini vatanparvarlik ishi, vijdon ishi, deb bilamiz. Vijdoni, maʼnaviyati bor inson Vatanni albatta yaxshi koʻradi. Vijdon, maʼnaviyat degani – xalqqa, Vatanga chin yurakdan xizmat qilish deganidir. Mana shunday qarash butun xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz
tomonidan keng va qizgʻin qoʻllab-quvvatlanayotgani maʼnaviy tarbiyaning naqadar dolzarb ahamiyatga ega ekanini koʻrsatadi».
Mansur MUSAYEV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti boʻlim boshligʻi, siyosiy fanlar doktori.
