Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(Afgʻonistondagi siyosiy oʻzgarishlar misolida)
Afgʻoniston. Bu soʻz necha yillarki, «oʻzaro nizolar», «notinchlik», «urush» kabi soʻzlar bilan birga qoʻllaniladi. 1978 yilning aprel oyida boshlangan va tarixga «Savr inqilobi» nomi bilan kirgan voqeliklardan soʻng jafokash afgʻon xalqi roʻshnolik koʻrmadi, deyarli biron kun yoʻqki, tinch, osoyishta oʻtgan boʻlsa...
Oʻtgan yillar davomida manfaatdor tashqi kuchlarning taʼsirida Afgʻonistonda turli xil ichki nizolar roʻy berdi. Qurolli toʻqnashuvlarda millionlab begunoh insonlar dunyodan koʻz yumdi. Mamlakatning goʻzal tabiatiga, bir necha ming yillik tarixiy obidalarga jiddiy ziyon yetdi. Afgʻon zamini yirik qurol bozoriga, katta miqdorda giyohvand moddalar yetishtiriladigan maydonga aylandi. Maʼlumotlarga koʻra, taxminan 6 million kishi mamlakatni tark etdi. Bir soʻz bilan aytganda, oddiy xalq urushlardan oʻlim va musibatdan boshqa narsa topmadi.
Joriy yilda Afgʻonistonda yana siyosiy oʻzgarishlar roʻy berdi. AQSH qoʻshinlarining mamlakatdan olib chiqilishi eʼlon qilinishi ortidan «Tolibon» guruhi may oyidan boshlab, hukumat kuchlariga qarshi faol harakatlarni boshladi. Natijada hukumat koʻp oʻtmay mamlakat hududi ustidan nazoratni yoʻqotdi. 15 avgust kuni toliblar Afgʻoniston hududini toʻliq egallaganini eʼlon qildi. Prezident Ashraf Gʻaniy esa koʻplab amaldorlari bilan birgalikda Kobulni tark etdi.
Taʼkidlash kerakki, afgʻon zaminida uzoq yillar davomida roʻy bergan fuqarolik urushlari, talatoʻplar, jangu jadallar butun dunyo afkor ommasini, ayniqsa, qoʻshni davlatlarni xavotirga solmay qolmadi. Xususan, Afgʻonistonning yaqin qoʻshnilaridan boʻlgan Oʻzbekiston 1993-yildayoq BMT Bosh Assambleyasining 48-sessiyasida mamlakatdagi murakkab va qaltis ahvolga jahon jamoatchiligining eʼtiborini qaratdi. 1995 yili boʻlib oʻtgan Bosh Assambleyaning 50-sessiyasida Afgʻonistondagi mojaroni tinch yoʻl bilan bartaraf etish xususidagi aniq takliflarini ilgari surdi.
Oʻzbekiston bugungi kunda qoʻshni davlatlar bilan doʻstona, yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish hamda mustahkamlashga qaratilgan yanada izchil, aniq va konstruktiv siyosat yuritmoqda. Ikki tomonlama siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar tobora rivojlanib bormoqda.
Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlari koʻp asrlik mushtarak tarixga ega, bu ikki xalqning taqdiri bir-biri bilan chambarchas bogʻliq. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek, «Oʻzbekiston va Afgʻoniston xalqlari asrlar davomida yagona madaniy-tamaddun makonida yashab kelgan».
Afgʻonistonda tinchlikni taʼminlash mamlakatimiz xavfsizligi va butun mintaqaning barqarorligi kafolatidir. Shu nuqtai nazardan kelib chiqib, Oʻzbekiston mazkur davlat bilan munosabatlarda «Qoʻshning tinch – sen tinch» degan juda oddiy va pragmatik tamoyilga amal qilib kelmoqda. Bu borada davlatimiz Afgʻonistonning ichki ishlariga aralashmaslik, afgʻon xalqiga oʻz ichki muammolarini hal etish imkoniyatini taqdim qilish, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash maqsadida uning iqtisodiy rivojlanishiga koʻmaklashishdek qatʼiy pozitsiyaga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 21-sentabr kuni boʻlib oʻtgan BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasida videomurojaat bilan soʻzga chiqdi. Davlatimiz rahbari oʻz nutqida Markaziy Osiyo mintaqasida yuzaga kelgan siyosiy vaziyatga ham toʻxtalib, jumladan, shunday dedi: «Afgʻoniston Markaziy Osiyoning uzviy qismi ekanini yana bir bor taʼkidlamoqchiman. Bu davlatda tinchlik va osoyishtalik oʻrnatilishidan nafaqat biz, qoʻshni mamlakatlar, balki butun dunyo manfaatdordir. Shu bois biz afgʻon xalqiga hamisha qoʻldan kelgan yordamni koʻrsatmoqdamiz.
Hozirgi qiyin davrda Afgʻonistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qoʻyish mumkin emas. ...Afgʻon masalasida Birlashgan Millatlar Tashkilotining taʼsiri va ovozi har qachongidan ham kuchliroq yangrashi lozim».
Darhaqiqat, Oʻzbekiston mamlakatda hokimiyat qaysi siyosiy yoki harbiy kuchlar tomonidan nazorat qilinishidan qatʼi nazar, Afgʻoniston bilan oʻzaro manfaatli hamkorlikni izchil davom ettirib kelgan, afgʻon xalqiga har doim yordam qoʻlini choʻzgan. Mamlakatimiz Mozori Sharifga temiryoʻl yotqizish, qoʻshni davlat shimolini elektrlashtirish kabi loyihalarni amalga oshirgan. Hozirgi murakkab va qiyin vaziyatda ham jahonda birinchilardan boʻlib insonparvarlik yordamini yubordi.
Xulosa qilib aytganda, mamlakatimiz qoʻshni Afgʻon yurtida tinchlik va barqarorlik taʼminlanishi yoʻlida koʻplab eʼtiborga molik saʼy-harakatlarni amalga oshirmoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan yirik xalqaro tashkilotlar yigʻilishlarida, nufuzli minbarlardan turib aniq takliflar ilgari surilmoqda. Bularning barchasi Afgʻoniston va mintaqa osoyishtaligiga, farovonligiga xizmat qilmoqda.
Kamol OLLOYOROV,
«Postda» muxbiri.
