Ilgari rishtonlik kulollar oʻz uyida, tor ustaxonalarda ishlardi. Tumanga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar uchun esa shart-sharoit deyarli yoʻq edi. Davlatimiz rahbarining bevosita tashab­busi bilan Rishtonda Xalqaro hunarmandchilik markazi tashkil etildi.

Markazda 

20 ta ikki qavatli kulollar xonadoni, Rishton tarixi muzeyi, bank xizmatlari shoxobchalari barpo etilgan. Birinchi qavatda usta­xona va savdo doʻkonlari joylashgan, ikkinchi qavatda esa hunarmandlar oilasi yashaydi. Markaz foydalanishga topshirilishi bilan 250 ga yaqin ish oʻrni yaratildi. 

– Rishton kulolchiligi ming yillik tarixga ega. Avloddan avlodga oʻtib kelayotgan bu hunarni 12 yoshimdan oʻrga­nishni boshlaganman, – deydi Oʻzbekiston xalq ustasi, mashhur kulol Alisher Nazirov. – Prezidentimiz tashabbusi bilan barcha qulayliklarga ega Xalqaro kulolchilik markazining tashkil etilishi nafaqat bizni bir joyga jamladi, balki anʼanaviy kulolchilik sir-asrorlarini oʻrga­nish, yoʻqolib ketgan turlarini tiklash, oʻzaro taj­riba alma­shish, bir soʻz bilan aytganda, Rishton anʼanaviy kulolchiligini rivojlantirishga turtki boʻldi. Hozirda 140 nafardan ortiq shogirdim bor. 

Mohir kulolning aytishicha, ayni paytda markaz­da 20 nafar kulolchilik shajarasi vakillari faoliyat yuritmoq­da. Har bir ustaning oʻz kasb sirlari, idish yasash usullari bor. Rishton kulolchiligining oʻziga xosligi – bu mahalliy oʻtlardan sir tayyorlashdir. Bunda kimyoviy vositalardan foydalanilmaydi.

Joriy yilning 22-sentabr kuni markaz katta xalqaro anjumanga mezbonlik qildi. Qoʻqon shahrida oʻtkazilayotgan II Xalqaro hunarmandchilik festivali doirasida Rishtonda I Xalqaro kulollar forumi boʻlib oʻtdi.

Unda xorijlik va mahalliy kulollar oʻzlari yasagan mahsulotlarni namoyish etishdi. Turli mamlakatlardan kelgan hunarmandlar va mutaxassislar ishtirokida mahorat darslari tashkil etildi.

– Rishton kulolchiligi meni juda hayratga soldi, – deydi eronlik hunarmand Zahra Asllani. – Bu yerdagi ustalarning nozik sir-asrorlarini oʻrganish bilan birga, ular bilan doimiy hamkorlik qilish, oʻzbek kulolchiligi usullarini Eronda ham qoʻllash, ommalashti­rish borasida maslahatlashib oldim.

Rishton tumanida ushbu markazdan tashqari yana 

3 ta kulolchilikka ixtisoslashgan hunarmandlar markazlari barpo etilgan, 2 ta kulolchilik mahallasi tashkil topgan. Bu esa koʻp yillardan buyon asrab-avaylanib, ardoqlanib kelinayotgan kulolchilik hunarining umri yanada boqiy boʻlishidan darak beradi.

Abduvosit SIDIQOV,

oʻz muxbirimiz.

Fargʻona viloyati.