TOZA HAVO KERAK
Bir maromda hayot kechirish koʻpchilikka yoqadi. Chunki bunday sharoitda kishi oʻzini xavfsiz, xotirjam his etadi. Turmush tarzingiz qolipga tushib qolsa, asabiylashmaysiz, tashvishga tushmaysiz, hatto aqlingizni zoʻriqtirishga ham hojat qolmaydi. Chunki kundalik bajaradigan ishlaringiz odatga aylanib ulgurgan boʻladi. Ammo bunday yashash zerikarli emasmi? Balki, hayotingizga toza havo olib kirish kerakdir. Bu haqda hech oʻylab koʻrganmisiz?..
SUGʻUR KUNI
Shu nomdagi filʼmni tomosha qilgandirsiz? Unda har kuni bir voqeaning takrorlanaverishi joningizga tegib ketadi. Endi oʻz hayotingizga nazar tashlang. Balki, oʻzingiz ham shu tarzda turmush kechirayotgandirsiz?
Kundalik vazifalarni bajarish chogʻida oʻzingizni hayotdan, voqelikdan uzilib qolganday his etasizmi? Agar har kuni bir xil xatti-harakatni takrorlayversangiz, oxir-oqibat nima qilayotganingizni tushunmay qolasiz. Ishingizni avtomatik ravishda bajaradigan «robot»ga aylanasiz. Ruhshunoslar buni yarim mudroq holatga qiyoslashadi. Ishxonangizda hatto gohida mudrab qolsangiz ham ajabmas. Ishingizning zerikarli ekanligi ham bunga sabab boʻlishi mumkin.
Ish kuni oxirlaganda oʻzingizni oʻlguday charchagan his etasiz. Kun boʻyi xayolingizda «Uff, zerikib ketyapman!» degan fikr aylanadi. Ammo faoliyat turini oʻzgartirishga jurʼat etolmaysiz yoki vazifangizga ijodiy yondashishga hafsala qilmaysiz.
Bora-bora shu tarzda hayot kechirishga koʻnikib qolasiz. Sizni goʻyoki oʻz pillasiga oʻralib olgan ipak qurtiga oʻxshatish mumkin. Agar turmush tarzingizni hozir oʻzgartirmasangiz, oradan 10-20 yil, ana boringki 30 yil oʻtib, «Har daqiqasi bebaho umrimni nimaga sarfladim oʻzi?!» deb afsus chekishingiz muqarrar.
MUHIMI – ILK QADAM
Hayotingizni keskin oʻzgartira olmasangiz, kichik oʻzgarishlardan boshlang. Masalan, har kuni 30 daqiqa vaqtingizni (ish paytida emas, albatta) oʻzingiz uchun koʻngilli boʻlgan mashgʻulotlarga bagʻishlang. Deylik, surat chizing, musiqa tinglang, kinofilʼm tomosha qiling. Istasangiz, raqsga tushishingiz, biror sport turi bilan shugʻullanishingiz mumkin.
Kundalik ishingizga ijodiy yondashing. Bir vazifani bajarishning turli usullarini sinab koʻring. Sohangiz boʻyicha soʻnggi yangiliklardan xabardor boʻlib boring. Ularni oʻz faoliyatingizga tatbiq eting. Kompʼyuter texnologiyalaridan samarali foydalaning.
Kabinetingizda tushlik qilish odatidan voz keching. Shosha-pisha tamaddi qilmang. Gumma yoki somsa har doim ham tushlik oʻrnida oʻtavermaydi. Ovqatlangani yaqin oradagi oshxonaga boring. Uyali telefoningizni ishxonada qoldiring. Hech nima haqida oʻylamay, berilib, ishtaha bilan ovqatlanishning, maza qilib koʻk choy simirishning ham oʻziga yarasha gashti bor. Xullas, tushlik paytida bor tashvishlarni unuting.
Ozroq vaqt qolsa, favvora yaqinida oʻtirib dam oling. Suvning quyosh nurida jilvalanib otilishi kishini tinchlantirib, koʻnglingizga zavq bagʻishlaydi. Ishxonaga har kuni har xil yoʻldan boring. Xonangizdagi pardani, mebellarning oʻrnini oʻzgartiring. Asta-sekin, qadam-baqadam hayotingizda jiddiy oʻzgarishlar qilishga kirishing. Eng muhimi – boshlash, dastlabki qadamni tashlash.
Bobomurod TOShEV tayyorladi.
