Yozuvchi xorijiy yurtlarda kechgan safarlaridan olgan taassurotlarini qayd qilib boradi. Ana shu xulosalar keyinchalik dunyo yuzini koʻrib, qimmatli badiiy asarga aylandi. Bu oddiy manzaralar tasviri emas, balki har bir manzil, har bir holat ortida chuqur mushohada, xalq, millat va inson haqidagi fikrlar mujassam. Asarni oʻqish jarayonida kitobxon nafaqat dunyoni, balki oʻzini anglay boshlaydi.
Muallif shunday yozadi: «Safar deganing oʻzingdan qochishga emas, oʻzingni topishga xizmat qilsa kerak». Bu satrlarda yozuvchi sayohatning haqiqiy maqsadini ochib beradi. Unga koʻra, inson uzoq yurtlarga borishi — yangi yerlarni koʻrish uchun emas, balki oʻz qalbining zabonsiz holati bilan yuzlashishi uchundir. Bu fikr kitobxonni oʻyga solishi shubhasiz.
Asarning yana bir nuqtasi: «Har bir millat oʻz madaniyati, oʻz tili va adabiyoti bilan tirikdir. Ularsiz millat oʻzligini yoʻqotadi». Bu fikr orqali muallif mutolaaning milliy oʻzlikni saqlashdagi oʻrnini ulugʻlaydi. Xurshid Doʻstmuhammad uchun adabiyot — bu millat qiyofasi. U dunyoni koʻzdan kechirarkan, oʻzbek xalqi madaniyati va maʼnaviyatiga qiyosan tahlil qiladi. Kitobxon uchun bu gaplar buyuk darsga aylanadi: u kitob oʻqishni faqat vaqt oʻtkazish deb emas, balki oʻzligini saqlash va rivojlantirish vositasi deb tushunadi.
Har bir safarda u dunyodan koʻra, inson qalbining kengligi, torligi, maʼnaviy sathini koʻradi. Shu maʼnoda «Safar daftari» — bu sayohat haqida emas, inson qalbi va uning maʼnaviy kamoloti haqidagi asardir. Mutolaa orqali kitobxon nafaqat geografik makonlar, balki ruhiy holatlar boʻylab sayohat qiladi. Asardan keltirilgan har bir iqtibos kitobxon qalbida katta taassurot qoldiradi, uni oʻzini anglash, fikr qilish va eng muhimi — kitobga muhabbat bagʻishlashga undaydi.
Bir soʻz bilan aytganda, «Safar daftari» haqiqiy mutolaa zavqini uygʻotadigan asardir. Shubhasiz, u kitobxon uchun ruhiy yoʻlboshchi boʻla oladi.
Ulugʻbek ABDUVOHIDOV,
Mingbuloq tumani IIB huzuridagi
Tergov boʻlinmasi tergovchisi,
katta leytenant.
