Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(27-mart – Xalqaro teatr kuni)
Teatr miloddan avvalgi V asrda Yunonistonda paydo boʻlgan. Uning sof tomosha shaklida koʻrinishi dastlab qadimgi Sharqda yuz bergan. Hindiston, Markaziy Osiyo, Xitoy, Indoneziya, Yaponiya, Koreya, Birma, Vyetnamda teatr tomoshalarining xilma-xil shakllari yaratilgan.
Teatr sanʼatining turlari koʻp. Bular – drama teatri, opera, balet, musiqali drama, musiqali komediya, operetta, yosh tomoshabinlar teatri, qoʻgʻirchoq teatri, radio teatr, televizion teatr, estrada teatri, maydon teatridir. Teatr asarlarining asosiy janrlari: drama, tragediya, komediya. 1576-yilda aktyor Jeyms Berbij sahna namoyishlari uchun maxsus birinchi binoni qurgan. U shunchaki «teatr» deb nomlangan. Koʻp oʻtmay boshqa teatrlar qurilgan, ular orasida «Globus» teatri ham boʻlib, u yerda Shekspirning koʻplab pyesalari sahnalashtirilgan.
Tomoshabinlar sahnaning oldi yoki atrofidagi chuqurda tik turgan yoki kabinalarda oʻtirgan. Bizning zamonaviy teatrimiz oʻsha dastlabki ingliz teatrlaridan kelib chiqqan. Ayniqsa, Rimda teatrning yangi shakl va turlari yaratildi. Gʻarbiy Yevropada teatr sanʼatining dastlabki namunalari sayyor aktyorlar, jonglyorlar ijodida, Rossiyada skomoroxlar faoliyatida yuzaga kelgan.
Uygʻonish davrida vujudga kelgan drama yangi shakldagi professional turning shakllanishiga zamin yaratdi. XVI asrdan opera, XVIII asr oʻrtalaridan balet, XIX asr oʻrtalaridan operetta mustaqil teatr turi sifatida rivojlana boshladi. Teatrning keyingi taraqqiyoti klassitsizmning keng yoyilishi bilan bogʻliq.
XVIII asrda maʼrifatchilik oqimidagi teatr taraqqiy etdi. Aynan oʻsha davrda u gʻoyaviy va badiiy kurashlar maydoniga aylandi. Amir Temur davlati davrida teatr sanʼatida keskin yuksalish roʻy berdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Ibn Arabshoh, Klavixolarning maʼlumotlaricha, bu davrda poytaxt – Samarqandda va boshqa nufuzli shaharlarda teatrlashgan tomoshalar uyushtirilgan. Anʼanaviy teatr va boshqa sanʼat tomoshalari, ayniqsa, Mirzo Ulugʻbek davrida Movarounnahrda, Husayn Boyqaro davrida Xurosonda taraqqiy topdi.
Teatr har bir davrda, hayotiy saboqlar beruvchi jonli vosita hisoblangan. Inson maʼnaviyati yuksalishida ham uning oʻrni boʻlakcha. Maʼrifatparvar bobomiz Mahmudxoʻja Behbudiy «Teatr – bu ibratxonadir» deb bejiz taʼkidlamagan. Darhaqiqat, teatr ibrat va maʼnaviyat maskani. Yoshlarimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, ularda vatanparvarlik tuygʻusini shakllantirish hamda boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etishda ham uning salmoqli roli bor.
Yaʼni, u insonga hayotiy saboq beradi. Binobarin, joylarda yoshlarni teatrlarga koʻproq jalb qilish, zamon qahramoni obrazi aks etgan spektakllarni koʻproq yaratish, qolaversa, huquqbuzarlik va jinoyatchilikning ayanchli oqibatlarini kelajagimiz sohiblariga sahna asarlari orqali yetkazishga jiddiy eʼtibor qaratilmoqda. Negaki, hamma yoshlar ham qonunchilik normalarini oʻqish yoki eshitish bilan qaysidir noqonuniy xatti-harakatning mohiyatini teran anglamasligi mumkin.
Ammo real voqealarga asoslangan spektakllarda ilgari surilgan gʻoyalar nafaqat yoshlar, balki kattalarning ham qalb tubiga yetib boradi. Behbudiyning fikricha, maʼrifat uchun faqat maktab kifoya qilmaydi. Millat uchun oyna kerak, toki unda oʻz qabohatini ham, malohatini ham koʻra olsin. Mana shu haqiqat uni teatr tashkil etish, ular uchun asarlar yaratishga undagan. Oʻzbek dramaturgiyasining ilk namunalaridan biri sanalgan «Padarkush» asari shu tufayli yuzaga kelgan.
Oʻzbekiston mustaqillikka erishgach, teatrimiz hayotida ham yangi davr boshlandi. Istiqlol tufayli milliy merosga tayanib ijod qilish, milliy qadriyatlar, anʼanalarni tiklashga intilish jiddiy tus oldi. Bu davrda oʻzbek teatrida ilgʻor tendensiyalar, ijodiy izlanishlar koʻzga tashlanadi. Masalan, teatrlar repertuarida tarixiy mavzuning salmogʻi oshdi. Buyuk ajdodlarimiz – allomalar, shoirlar, davlat arboblari, lashkarboshilarning hayoti va taraqqiyot uchun kurashini yorituvchi oʻnlab sahna asarlari yaratildi. Sahnalarda shoʻrolar davrida hatto tilga olish man etilgan Bahouddin Naqshband, Hakim at-Termiziy, Imom al-Buxoriy kabi allomalar hayotini yorituvchi sahna asarlari vujudga kelib, davrimiz tomoshabinlari maʼnaviyatini boyitdi, tarixga nisbatan qarashlarni oʻzgartirdi.
Ayniqsa, Amir Temur va temuriylar haqida yaratilgan 20 ga yaqin sahna asarlari maʼnaviy va madaniy hayotimizda katta voqea boʻldi. Oʻzbekistonda oʻtkazilgan «Sharq va Gʻarb» teatr sanʼati festivali, «Humo» xalqaro yoshlar teatrlari festivali, «Navroʻz», «Andijon bahori» respublika teatr festivallari, qoʻgʻirchoq teatrlari festivallari teatr sanʼatining yangi ijtimoiy sharoitda rivojlanishida muhim rol oʻynamoqda. Oʻzbek teatri jamoalari dunyodagi bir qator mamlakatlarda ijodiy safarlarda boʻlib, oʻzbek teatr sanʼati yutuqlarini namoyish etishmoqda.
Xulosa oʻrnida aytish kerakki, teatr har bir insonga hayotiy saboqlar beruvchi jonli vositadir. Teatrdan madaniy hordiq chiqarish uchungina emas, undagi namoyish etiladigan spektakllarni tomosha qilib, inson jamiyatdagi voqeliklarni, kechinmalarni teran anglashi mumkin. Shiddat bilan taraqqiy etayotgan texnika va innovatsiyalar zamonida istalgan kino, serial yoki spektaklni ijtimoiy tarmoqlar orqali topib tomosha qilish mumkindir. Ammo teatrga borib, sahna asari ruhini, unda mujassam gʻoyalar nafasini his qilib jonli tomosha qilishning zavqi ham, maʼnaviy foydasi ham oʻzgacha. Zero, teatr – tarbiya maskani, maʼnaviyat oʻchogʻidir.
TEATR HAQIDA QIZIQARLI FAKTLAR
Teatrlarning ramzi hisoblangan maxsus niqob shaxsni yashirish uchun moʻljallangan. Qadim zamonlardan beri niqoblar teatr anʼanalarida muhim rol oʻynagan. Ulardan foydalanish hozirgi kungacha davom etdi.
1961-yilda UNESCO qoshidagi Xalqaro teatr institutining IX Kongressi delegatlari tashabbusi bilan 27-mart – Xalqaro teatr kuni deb eʼlon qilingan.
Avstriya dunyodagi eng kichik teatri bilan mashhur. U oddiygina «Kreml hovlisi» deb ataladi. Uning sahna oʻlchamlari 1,3 kvadrat metrga teng. Spektaklga faqat sakkiz kishi tashrif buyurishi mumkin, xolos. Aytish joizki, u Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilgan. Dunyodagi eng katta teatr esa «Suvdagi marvarid» deb nomlanadi. U 2007-yili Pekinda qurilgan.
Abror POYONOV,
oʻz muxbirimiz.
