Ushbu oʻn ikki narsani oʻzimga shior qilib olganligim uchun toʻla mustaqillik bilan saltanat taxtiga oʻtirdim. Oʻz tajribamdan sinab bildimki, agar qay bir podshoh shu oʻn ikki narsaga ega boʻlmas ekan, saltanatdan bebahra qolur.
Birinchidan, oʻz soʻziga ega boʻlsin, ishini oʻzi bilib qilsin, yaʼni raiyat podshosining aytgan soʻzini, qilgan ishini oʻzi aytadi, oʻzi qiladi, hech kim bunga aralasholmaydi, deb bilsin. Shunday boʻlgach, podshoh saltanat martabasiga sherik boʻlgudek qilib birovning gapiga va ishiga ergashmasin. Garchi yaxshi soʻzni hammadan eshitish zarur boʻlsa ham, lekin soʻzda, ishda boshqalar saltanat ishlarida podshohga sherik, yoxud ustun boʻlmasliklari shart.
Ikkinchidan, sulton har narsada adolatpesha boʻlsin, qoshida insofli, adolatli vazirlar saqlasin, toki podshoh zulm qilgudek boʻlsa, odil vazir uning chorasini topsin. Agarda vazir zolim boʻlsa, koʻp vaqt oʻtmay saltanat uyi qulaydi.
Uchinchidan, butun mamlakatda buyruq-farmon berish ishlari podshohning oʻz ixtiyorida boʻlishi lozim. Podshoh har ishda oʻzi hukm chiqarsin, toki hech kim uning hukmiga aralashib, oʻzgartira olmasin.
Toʻrtinchidan, podshoh oʻz qarorida qatʼiy boʻlsin, yaʼni har qanday ishni kilishga qasd qilar ekan, to bitirmagunicha undan qoʻl tortmasin.
Beshinchidan, podshoh hukmi joriy etilishi darkor, yaʼni qanday hukm chiqarishidan qatʼi nazar, amalga oshirishi kerak. Biron kimsa garchi hukmni zararli deb bilgan boʻlsa ham, unga monelik qilolmasin.
Oltinchidan, podshohlik ishlarini tamoman boshqaga topshirib, erkni unga berib qoʻymasinkim, dunyo xiyonatchi xotin singari, uning xushtori koʻpdir. Agar shunday qilar ekan, oʻzganing nafsi tez orada podshoh boʻlishni tilab, saltanat taxtini oʻzi egallashga kirishadi.
Yettinchidan, saltanat ishlarida har kimning soʻzini eshitsin, har kimdan fikr olsin. Qaysi biri foydaliroq boʻlsa, uni koʻngil xazinasida saqlab, vaqtida ishlatsin.
Sakkizinchidan, saltanat ishlarida, sipohu raiyatga bogʻliq masalalarda boshqalarning soʻz va feʼliga qarab amal qilmasin. Vazirlar, amirlar biron kimsa haqida yaxshi-yomon soʻz qilar ekanlar, eshitsin. Lekin uni amalga oshirishda butun haqiqat ayon boʻlmagunicha shoshmay, mulohaza bilan ish tutsin.
Toʻqqizinchisi, podshoh haybati sipohu raiyat koʻnglida shunday oʻrnashgan boʻlishi kerakki, uning amr-farmoniga hech kim qarshilik qilishga jurʼat etolmasin; itoat va tobeʼlik qilib, isyon koʻtarmasin.
Oʻninchisi, podshoh nima qilsa, oʻz erkicha qilsin, nima desa oʻz soʻzida qatʼiy tursin, chunki podshohlarning hukm hurmatidan boshqa bahramandliklari yoʻqdir. Xazina, lashkar, raiyat, saltanat — bularning barisi uning hukmi bilandir.
Oʻn birinchisi, saltanat ishlarida, hukm yurgizishda podshoh oʻzini yagona bilib, hech kimni oʻziga saltanat sherigi qilmasin.
Oʻn ikkinchisi, podshoh majlis ahlidan ogoh va hushyor boʻlsinkim, ular koʻpincha ayb axtarib, uni tashqariga tashiydilar. Podshohning soʻzidan, ishidan vazirlarga, amirlarga xabar berib turadilar.
“Temur tuzuklari”dan.
