Buxoro viloyat IIBda shaxsiy tarkib bilan “Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar konsepsiyasi” talablari asosida xodimlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularda oʻz kasbiga sadoqat va hurmat hissini yanada oshirish maqsadida qator ijobiy tadbirlar, uchrashuvlar va koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Yaqinda IIB maʼnaviyat va maʼrifat zalida Ichki ishlar vazirligi Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti masʼul xodimlari ishtirokida oʻtkazilgan maʼnaviy-maʼrifiy kecha ham aynan shu maqsadda tashkil etildi. 

Unda elimizning suyukli sanʼatkorlari Oʻzbek milliy akademik drama teatri aktyor va aktrisalari Oʻzbekiston xalq artistlari Erkin Komilov, Tesha Moʻminov va Saida Rametova hamda “Shuhrat” medali sohibasi Dilnoza Kubaevalar ishtirok etishdi.

Elimizning atoqli va suyukli sanʼatkorlari tomonidan Vatanni madh etuvchi goʻzal sheʼrlar, tarbiyaviy ahamiyatga ega donolar bisotidan keltirilgan purmaʼno fikrlar tadbirda ishtirok etayotgan ichki ishlar xodimlarida katta taassurot qoldirdi. Ayniqsa, bir-biridan ajralib turuvchi rollari bilan mamlakatimiz, qolaversa, chet davlatlarda ham shuhrat qozongan aktrisalar Saida Rametova va Dilnoza Kubaevalar tomonidan jonli tarzda ijro etilgan «Andishali kelin» spektaklidan parcha esa barchani birdek hayratga soldi.

Sanʼatkorlar tadbirda ishtirok etayotgan IIV Buxoro akademik liseyi oʻquvchi yoshlari hamda viloyat ichki ishlar xodimlarini qiziqtirgan shaxsiy, hayotiy va sanʼat bilan bogʻliq savollariga javob berib, ularni xushnud qilishdi.

Tadbir yakunida boshqarma boshligʻi, polkovnik Sh. Aliev sanʼatkorlarni eʼtirof etib, shaxsiy tarkib nomidan ularga tashakkurnoma, gullar va turli sovgʻalar ulashdi. Bu kabi maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarning tashkillashtirilishi shaxsiy tarkibning ruhan sogʻlom, tetik va ishchanlik qobiliyati oshishiga, xizmat vazifalarini bajarish chogʻida ish samaradorligi koʻtarilishida muhim ahamiyat kasb etadi.

Farrux USMONOV, 

katta leytenant.

Buxoro viloyati.