Xorazm viloyati IIB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari tomonidan yurtimizga tashrif buyurayotgan sayyohlarning xavfsizligini taʼminlash, ular bilan bogʻliq jinoyat va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish boʻyicha bir qator profilaktik tadbirlarni amalga oshirib kelmoqda.
– Joriy yilning oʻtgan davri mobaynida viloyatimizga 17 ming 500 nafar xorijiy, 197 mingdan ziyod mahalliy sayyohlar tashrif buyurishdi, – deydi viloyat IIB XTTB boshligʻining oʻrinbosari, podpolkovnik Marat Xudoyberganov. –Xodimlarimiz tomonidan sayyohlar xavfsizligini taʼminlash maqsadida mahallalarda, korxona va tashkilotlarda 1 ming 974 marotaba turli yoʻnalishda profilaktik tadbirlar oʻtkazildi hamda 186 marotaba ommaviy axborot vositalarida xavfsiz turizm bilan bogʻliq mavzularda chiqishlar qilindi.
Soʻnggi paytlarda viloyat hududida xalqaro koʻrgazma va yarmarkalar, koʻplab ilmiy-amaliy konferensiyalar, turli sayllar, festivallar, bayram kechalari oʻtkazilishi anʼanaga aylanib bormoqda. Ushbu tadbirlarda viloyatimizga tashrif buyurgan chet ellik hamda mahalliy sayyohlar ham ishtirok etishyapti. Tadbirlarning tinch va osoyishta oʻtishida viloyat IIBning barcha sohaviy xizmatlari, shu jumladan, Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi xodimlari ham xushyorlik bilan xizmat qilishmoqda. Ushbu xizmat xodimlarining tegishli tashkilotlar hamda keng jamoatchilik vakillari bilan hamkorlikdagi saʼy-harakatlari natijasida joriy yilning oʻtgan davri mobaynida sayyohlar bilan bogʻliq jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishiga yoʻl qoʻyilmadi.
Bunday keng koʻlamdagi tadbirlarni amalga oshirishdan asosiy maqsad ham viloyatga tashrif buyurayotgan xorijlik hamda mahalliy mehmonlarning samarali sayohatini, dam olishini, madaniy hordiq chiqarishini, eng muhimi, xavfsizligini taʼminlashdan iboratdir.
Xudoybergan JABBOROV,
“Postda” muxbiri.