Bir musofir yigit shahar yonidan oqib oʻtadigan ariq boʻyidagi tol soyasida salqinlab oʻtirgan choldan soʻradi:

– Otaxon, bu shaharda qanday odamlar yashaydi?

Qariya uning savoliga savol bilan javob qaytardi:

– Oʻzing tugʻilib oʻsgan shaharda qanday odamlar yashardi?

– Hammasi biri biridan battar xudbin va yovuz edi. Shuning uchun ham ona shahrimdan bosh olib ketdim.

– Bu shaharda ham xuddi oʻshanaqangi odamlar istiqomat qiladi.

Bunday javobni eshitgan yigit iziga qaytib ketdi. Koʻp oʻtmay cholning oldiga boshqa bir yigit kelib, odob bilan salom bergach soʻradi:

– Otaxon, men bir musofirman. Mana bu shaharda qanday odamlar yashashini aytolmaysizmi?

Qariya uning oʻzidan soʻradi:

– Qani ayt-chi, oʻgʻlim, oʻzingning shahringda qanday odamlar yashardi?

– Hamshaharlarim judayam saxiy, mehmondoʻst, rahm-shafqatli, mehru oqibatli odamlar edi. U yerda qanchalab doʻstu qadrdonlarim qolib ketdi, – dedi yigit afsus chekib.

– Bu yerda ham shunday odamlarni uchratasan. Koʻp ham qaygʻuraverma, boʻtam, yangi shaharda yangi doʻstlar orttirasan, – deya dalda berdi chol.

Sal nariroqda tuyalarini sugʻorayotgan savdogar ularning suhbatini tinglab oʻtirgan edi. Ikkinchi yigit uzoqlashishi bilan savdogar qariyaning oldiga kelib soʻradi:

– Otaxon, ikki yigitning bir xil savoliga nega ikki xil javob qaytardingiz? Oppoq soqolingiz bilan yolgʻon gapirgani uyalmaysizmi?

–Oʻgʻlim, – dedi kulimsirab chol, – men har qaysining feʼliga yarasha javob berdim. Birinchi yigit badfeʼlligi tufayli oʻz shahridagi hamma odamlarni yomonotliqqa chiqarib oʻtiribdi. Shunday ekan, begona shaharda koʻngliga yoqadigan odamni topishi amri mahol. Ikkinchi yigit esa xushfeʼl inson ekan. Shuning uchun bu shahar ahli ham unga mehmonnavozlik, mehr-oqibat koʻrsatishi aniq.

Bobomurod TOSHEV tayyorladi.