Toshkent shahar IIBB JTSBda xizmat intizomi va qonuniylikni mustahkamlash, xodimlarning ruhiy-maʼnaviy tarbiya darajasini, kasb mahorati va bilimlarini oshirishga qaratilgan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Tadbirda JTSB rahbariyati, Kinologiya xizmati va karantin tadbirlarini taʼminlash guruhi shaxsiy tarkibi ishtirok etdi. 

Soʻzga chiqqan masʼullar ichki ishlar organlarida xizmat intizomi talablariga, qonuniylikka rioya qilish, mavjud muammolar va ularga yechim topish yoʻllari haqida taʼkidlab oʻtishdi. Shuningdek, joylardagi boʻlinma rahbarlari qoʻl ostidagi har bir xodimga nisbatan eʼtiborliroq boʻlishga, ularning ruhiy-psixologik holatini va oilalaridagi holatni batafsilroq oʻrganish aytib oʻtildi. Ayniqsa, xodimlar tashqi qiyofasiga eʼtiborliroq boʻlishi va fuqarolar bilan muomala madaniyatiga rioya qilishlari zarurligi eslatildi.

Uchrashuvga taklif etilgan xodimlarning ota-onalari va turmush oʻrtoqlari yaqinlarining faoliyati bilan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishdi. Mehmonlarga faoliyat uchun tashkil qilingan qulay shart-sharoitlar, huquqiy va ijtimoiy himoya, xodimlar va ularning oilalarini moddiy qoʻllab-quvvatlash toʻgʻrisida maʼlumotlar bilan ham tanishtirildi. 

Sarvar SOBIROV,

“Postda” muxbiri.