Uzoq yillar bir sohada ishlab, obroʻ-eʼtibor topib, shogirdlar ehtiromida nafaqaga chiqishning ham oʻz gashti, sururi bor.
Fargʻona viloyati IIB Tashkiliy boshqarma navbatchilik qismi katta inspektor-navbatchisi, mayor Mahammadali Zokirov ham Vatan himoyachilari kuni bayrami arafasida ana shunday sharafli baxtga musharraf boʻldi.
U ichki ishlar organlaridagi xizmat faoliyatini 1991 yilda boshlagan. 30 yildan ziyod vaqt davomida el-yurt osoyishtaligiga munosib hissa qoʻshgan Mahammadali Zokirov bugun tajribali ustoz darajasiga yetdi.
Viloyat Ichki ishlar boshqarmasida oʻtkazilgan tadbirda boshqarma rahbariyati anʼanaga koʻra Mahammadali Zokirovga toʻn va toʻppi kiygizib, nafaqaga kuzatdilar.
Siz kabi sohada boy amaliy tajriba toʻplagan ustozlarning maslahati yosh xodimlarni tarbiyalashda juda muhim oʻrin tutadi, – dedi boshqarma boshligʻining oʻrinbosari, polkovnik Fayzilla Ortiqboev. – Shu bois biz bilan hamkorlikni davom ettirib, shogirdlaringizga yoʻl-yoʻriq, maslahat va tavsiyalar berib turishingizni istaymiz.
Oʻz oʻrnida Mahammadali Zokirov koʻrsatilgan ehtirom uchun boshqarma rahbariyati va shogirdlariga minnatdorlik bildirdi. Yoshlarni tarbiyalashda hamisha hamkorlikka tayyor ekanini maʼlum qildi.
Abduvosit SIDIQOV,
“Postda” muxbiri.
Fargʻona viloyati.
