Amr qildimki, qachonki asl sipohiylardan ish koʻrgan, jang-u jadal bilan suyagi qotgan oʻn kishi yigʻilsa, bulardan qaysi birining shijoati, botirligi ortiqroq boʻlsa, qolgan toʻqqiztasi oʻz roziligi va maʼqullashi bilan, uni oʻzlariga sardor qilib, otini oʻnboshi deb atasinlar.
Oʻn nafar oʻnboshi jam boʻlsa, oʻz ichlaridan eng ish koʻrgan, jang maydonlarida toblanib, tajriba orttirgan, bahodirlikda nomi chiqqan birovini amir qilib, uni yuzboshi deb nomlasinlar.
Agar oʻn yuzboshi yigʻilsa, amirzodalardan aqlli, shijoatli, bahodir bir kishini amir etib saylab, uni mingboshi desinlar va amiri hazora deya murojaat qilsinlar.
Agar qaramlaridagi biron kimsa oʻlsa yoki qochib ketsa, oʻrniga yangi kishini tayinlash oʻnboshilarning ixtiyorida boʻlsin. Shunga oʻxshash yuzboshilar oʻnboshilarni, mingboshilar yuzboshilarni tayin qilsin. Bulardan oʻlgan, qochgan, yangi tayinlanganlar boʻlsa, sabablarini aytib, mening arzimga yetkazsinlar.
Yana buyurdimki, urush kunlarida va saltanat ishlarini boshqarishda mingboshining hukmi yuzboshiga, yuzboshiniki oʻnboshiga, oʻnboshiniki (esa) qoʻl ostidagilarga joriy etiladi. Agar bu tuzukka qarshilik qilsalar jazoga tortilsinlar. Agar urush ishlarida kim kamchilikka yoʻl qoʻyar ekan, uni chetlatib, oʻrniga boshqani qoʻysinlar.
«Temur tuzuklari» kitobidan olindi.
