Hayotda kimdir biror kishiga yordam bersa, hojatini chiqarsa yoki bironta ezgu ishni bajarsa, xalqimiz uni alqab duo qiladi: «Tarbiya bergan ota-onangga, taʼlim bergan ustozingga rahmat!» Naqadar ulugʻ eʼtirof. Inson birgina xayrli ishi evaziga nafaqat ota-onasi, balki ustozlariga ham rahmat olib kelyapti. Ularni koʻklarga koʻtaryapti.
Yangi Oʻzbekistonda oʻqituvchi va murabbiylarga boʻlgan eʼtibor davlat miqyosidagi ustuvor masala darajasiga chiqdi. Ularni turli ishlarga majburlash qatʼiy taqiqlandi. Pedagog xodimning kasbiy faoliyatiga qonunga xilof ravishda aralashish yoki oʻz xizmat vazifalarini bajarishiga toʻsqinlik qiladiganlar jarima solish jazosi bilan siylanadigan boʻldi. Xuddi shunday huquqbuzarliklar maʼmuriy jazo chorasi qoʻllanilganidan keyin bir yil davomida takror sodir etiladigan boʻlsa, jarima miqdori oshadigan, shunday huquqbuzarlik uchun mansabdor shaxslar hatto maʼmuriy qamoqqa olinadigan boʻldi. Soha vakillarining sharafli va masʼuliyatli xizmatini ragʻbatlantirishga ham alohida eʼtibor qaratilib, pedagog xodimlarning ish haqi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda.
Shunga mos ravishda pedagoglarning masʼuliyatini oshirish, kasbiy bilim va salohiyatini yuksaltirishga katta urgʻu berilyapti. Maʼlum vaqt oraligʻida attestatsiyadan oʻtkazilib, toifa olishning yoʻlga qoʻyilgani oʻqituvchilarning sarasini sarakka, puchagini puchakka chiqaryapti. Bundan tashqari, oʻziga ishongan, sohaning haqiqiy fidoyisi boʻlgan fan oʻqituvchilari uch yilda bir marta sertifikat olish uchun imtihon topshirib, qoʻshimcha ustama olishga muvaffaq boʻlishyapti. Asosiysi, bu kabi xayrli ishlar endilikda oʻquv yurtini bir amallab bitirib olgan, diplom uchun «oʻqigan» shaxslarning maktablarda qur tashlab olishiga chek qoʻymoqda. Bilimi boʻlmagan, nomiga kelib-ketayotganlar oʻz-oʻzidan maktablarni tark etyapti.
Pedagog avvalo tarbiyachi. U yurish-turishida, xatti-harakatida, barcha jihatlari bilan boshqalarga oʻrnak boʻlishi lozim. Mavlono Jaloliddin Rumiyning bir gapi bor: «Nasihat qiladigan inson emas, oʻrnak boʻladigan inson boʻl!» Haqiqiy ustoz xulqi eng yomon bolani ham toʻgʻri yoʻlga solib, uning hech kim payqamagan iqtidorini koʻra oladi. Chinakam ustoz turli feʼl-atvordagi bolalarni bir maqsad sari yetaklashga qodir. U oʻz mehnati natijalarini shogirdlarining yutuqlarida, muvaffaqiyatlarida koʻradi. Bu uning uchun eng katta baxtdir.
Taʼkidlash joiz, soʻnggi yillarda «Yangi Oʻzbekiston maktab ostonasidan boshlanadi» degan ezgu gʻoya asosida sohada katta ishlar amalga oshirilmoqda. Zamonaviy maktablar barpo etildi. Prezident maktablari, ijod maktablari hayotimizga kirib keldi, ixtisoslashtirilgan maktablar tarmogʻi kengaytirildi. Yangi darsliklar va oʻquv qoʻllanmalari yaratildi.
Yaqinda maktab taʼlimidagi ustuvor vazifalar yuzasidan boʻlib oʻtgan videoselektor yigʻilishida Yurtboshimiz bir gapni alohida taʼkidladilar: «Eng muhimi, maktablarimizda yangicha ruh, mazmun va muhit paydo boʻldi. Bunda, hech shubhasiz, bolalar qalbining meʼmori, muhandisi boʻlgan hurmatli oʻqituvchi va murabbiylar uchun erkin ishlash imkoniyatini yaratib berganimiz muhim ahamiyatga ega boʻldi.
Chunki oʻqituvchiga eʼtibor – bu avvalo farzandlarimizga, ularning taʼlim-tarbiyasiga eʼtibor, degani. Oʻqituvchining obroʻsi oshsa, maktabning obroʻsi oshadi, ilmning, taʼlim-tarbiyaning qadri koʻtariladi. Shu sababli oʻqituvchi va oʻquvchilar uchun sharoitlarni yaxshilash, taʼlim sifatini oshirishga alohida eʼtibor qaratyapmiz».
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 11-sentabrda qabul qilingan farmoni bilan tasdiqlangan «Oʻzbekiston – 2030» strategiyasida ham pedagog kadrlar maqomini oshirish, ularning bilim va malakasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalasiga ustuvorlik berilgan.
Jumladan, mazkur hujjatga koʻra, kelgusida 1000 nafar tarbiyachi va oʻqituvchini xorijiy mamlakatlarga malaka oshirish va stajirovkaga yuborish, maktabgacha taʼlim tashkilotlari va umumiy oʻrta taʼlim muassasalari pedagog xodimlarining oʻrtacha ish haqini 2 barobarga oshirish, umumiy oʻrta taʼlim tashkilotlarini oliy maʼlumotli pedagog kadrlar bilan toʻliq taʼminlash asosiy vazifa sifatida belgilangan.
Shuni alohida qayd etish kerakki, taʼlim sohasini rivojlantirish, oʻqituvchilar obroʻsini koʻtarish borasida amalga oshirilayotgan saʼy-harakatlar oʻzining ijobiy natijasini ham bermoqda. Yuzlab oʻquvchilar turli fan olimpiadalarida muvaffaqiyatli qatnashib, sovrindor boʻlishyapti. Eʼtiborlisi, bu jarayonda shogirdlariga bilim bergan, ilm choʻqqisiga yetaklagan ustozlar ham munosib eʼtirof etilyapti. Yaqinda poytaxtimizda 2022/2023-oʻquv yili davomida xalqaro hamda mintaqaviy fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan oʻquvchilar va ularning ustozlari munosib taqdirlangani ham fikrimizni tasdiqlaydi.
Marosimda 65 nafar sovrindor oʻquvchi va ularga taʼlim bergan oʻqituvchilarga bir martalik pul mukofotlari, qimmatbaho sovgʻalar topshirildi. Xususan, nufuzli xalqaro olimpiadalarda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan yoshlar 165 million soʻmlik, oʻqituvchilar esa 148 million 500 ming soʻmlik pul mukofotlari bilan taqdirlandi. Bu maktab taʼlimiga, ustozlarga berilayotgan eʼtibor natijasidir.
Hayotimizni ilmsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Ilmga, taʼlimga katta eʼtibor bergan davlat taraqqiyotga yuz tutadi. Taʼlimni esa ustozlarsiz tasavvur etib boʻlmaydi. Zero, oʻqituvchi va ustozlar eʼzoz topgan jamiyatda rivojlanish, farovonlik boʻladi.
Foziljon MAMASHARIPOV,
oʻz muxbirimiz.
