Soʻfi Olloyor 1644-yilda Kattaqoʻrgʻonning Minglar qishlogʻida tugʻilib, 1724-yilda Oltinsoy tumanidagi Vaxshivor qishlogʻida vafot etgan. Buxorodagi joʻybor shayxlari dargohida taʼlim olgan, arab va fors tillarini oʻrgangan. Buxoro xoni Abdulazizxon tomonidan boj mahkamasiga toʻra etib tayinlangan. Darveshona feʼl, shoirona koʻngil sohibi boʻlgan Soʻfi Olloyor bu lavozimdan tezda isteʼfo berib, oʻz davrining mashhur shayxi Navroʻzga shogird tushgan, tariqat talablarini bajarib, shayxlik martabasiga koʻtarilgan, valiulloh (karomat sohibi) boʻlib yetishgan.
Olimning «Maslak ul-muttaqiyn» («Taqvodorlar maslagi») asari forsiyda nazm yoʻli bilan bitilgan, «Murod ul-orifin» («Oriflar-donolar murodi») asari esa tasavvuf masalasiga bagʻishlangan. «Maxsan ul-muteʼin» («Muteʼlar xazinasi») asari arab tilidagi fiqhga oid asar boʻlsa, «Sabot ul-ojizin» («Ojizlar saboti») turkiyda yozilgan. Buyuk ajdodimizdan, shuningdek, «Qiyomatnoma», «Muborak haj safari» kabi asar va pandnoma ruhidagi sheʼrlar ham meros boʻlib qolgan.
Soʻfi Olloyor 1713-yilda Vaxshivor qishlogʻida masjid qurdiradi. Masjid xonaqoh, ikki tomonlama ayvon hamda qoʻshimcha xonalardan iborat boʻlgan. Devori sinchli paxsadan, tomi toʻsinli. Xonaqohdagi mehrob ravogʻi ancha chuqur boʻlib, unga boʻrtma chiziqlar qilingan. Ayvondagi va xonaqohdagi ustunlar oʻyma rangli naqshlar bilan bezatilgan. Ustun va deraza panjaralari qayta taʼmirlangan.
Majmua hovlisida Soʻfi Olloyor davrida ekilgan tut daraxti hamon koʻkarib turibdi. Ziyoratgohdagi Qorabuloq suv havzasi 300 yildan buyon aholini toza ichimlik suvi bilan taʼminlab kelmoqda.
Feruza RAHMONQULOVA,
oʻz muxbirimiz.
