IIV Navoiy akademik litseyida “Oila davlat va jamiyatning asosiy boʻgʻini va tayanchi”, “Sogʻlom oilani shakllantirishning asosiy mezonlari” mavzularida davra suhbati oʻtkazildi. Mazkur tadbirda Navoiy viloyati IIB MMI va KBTX boshligʻining xotin-qizlar masalalari boʻyicha oʻrinbosari, mutaxassis psixolog hamda Tibbiyot boʻlimi xodimalari ishtirok etdilar.
Tadbir davomida akademik litsey qizlariga sogʻlom turmush tarziga amal qilish sogʻlom oilaning asosiy mezoni ekanligi, har bir oʻquvchi qiz boʻlajak ona sifatida oʻz sogʻligʻiga eʼtiborli boʻlishi lozimligi aytilib, balogʻat yoshida uchraydigan tibbiy muammolar va ularning yechimi toʻgʻrisida tavsiyalar berildi. Shuningdek, oʻquvchi qizlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassis shifokorlardan javob olishdi. Ularga tarqatma materiallar berildi.
Mutaxassis psixolog bugungi kunda jamiyatda uchrayotgan oilaviy ajrimlarning asosiy sababi oilalardagi maʼnaviy muhitning yetarli darajada sogʻlom emasligi ekanligini taʼkidladi. Ayniqsa, ayol ichki ishlar organi xodimlari xalq manfaatlarini himoya qilish bilan birga namunali, sogʻlom oila muhitiga ega boʻlishlari talab etilishi misollar koʻrinishida tushuntirildi. Shundan soʻng psixologik immunitetni shakllantiruvchi omillar toʻgʻrisida tavsiyalardan iborat tarqatma materiallar topshirildi.
Mahliyo XOLOVA,
“Postda” muxbiri.
Navoiy viloyati.
