Sogʻlom maʼnaviy muhit boʻlgan joyda ahillik, ijodiy yuksalish va xotirjamlik boʻladi. Bu muhitni uchta asosiy bosqichda tasavvur qilish mumkin.
Birinchisi, oiladagi sogʻlom maʼnaviy muhit. Oila – jamiyatning kichik boʻlagi va uning yuragi. Bu qoʻrgʻonda oʻzaro ishonch va hurmat ustun turadi. Ota-ona va farzandlar oʻrtasidagi munosabat qoʻrquvga emas, balki mehr va tushunishga asoslanadi. Milliy anʼanalar, kattalarga hurmat va kichiklarga izzat kabi xislatlar ham aynan shu yerda shakllanadi. Inson tashqaridagi charchoqlarini oiladagi iliqlik bilan yengadi. Sogʻlom oilaviy muhit komil insonni voyaga yetkazuvchi eng xavfsiz qoʻrgʻondir.
Ikkinchisi, jamoadagi sogʻlom maʼnaviy muhit. Bu taraqqiyotning muhim omili hisoblanadi. Ishxona inson vaqtining katta qismi oʻtadigan makondir. Bu yerda maʼnaviy muhitning sogʻlomligi nafaqat insoniylik, balki ish samaradorligi uchun ham muhim. Ishxonada shaxsiy manfaatlardan koʻra, umumiy maqsad ustun turishi kerak. Bir-birini qoʻllab-quvvatlash va tajriba almashish muhiti hukmron boʻlishi lozim. Shuningdek, mehnatning munosib qadrlanishi va xodimlar oʻrtasidagi sogʻlom raqobat nosogʻlom hasadning oldini oladi. Xodimlarning oʻzaro muloqotida ichki madaniyatning yuqoriligi, gʻiybat va guruhbozlikdan xoli boʻlish ishchanlik kayfiyatini yuqori darajada tutib turadi.
Uchinchisi, jamiyatdagi sogʻlom maʼnaviy muhit. Bu millatning qiyofasini belgilaydi. Aynan jamiyatdagi muhit yuqoridagi ikki boʻgʻinning mevasidir. Odamlarning bir-biriga befarq emasligi, chin insoniy tuygʻularning yuksakligi jamiyat tayanchidir. Bundan tashqari, jamiyat aʼzolarining nafaqat huquqiy, balki yuksak odob-axloq meʼyorlariga ixtiyoriy amal qilishi, ilmga, sanʼatga va ijodga boʻlgan intilishning kuchliligi jamiyatning maʼnaviy immunitetini oshiradi.
Maʼnaviyatli jamiyatda odamlar bir-biriga mehribon boʻladi, qonun va qoidalarga amal qiladi, adolat va tinchlik ustuvor boʻladi. Chunki maʼnaviyat iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishning mustahkam poydevoridir.
Bugungi tez oʻzgarayotgan globallashuv davrida har bir davlatning kuch-qudrati nafaqat uning iqtisodiy salohiyati yoki harbiy quvvati, balki fuqarolarining maʼnaviy dunyosi va jamiyatdagi sogʻlom muhit bilan belgilanmoqda. Maʼnaviyat – shunchaki nazariy tushuncha emas, balki xalqning yashash tarzi, qadriyatlari va kelajakka boʻlgan ishonchining koʻzgusidir.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev maʼnaviyat masalasini davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biri ekanligiga shunday taʼrif bergan edi: «Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot boʻlsa, uning joni va ruhi maʼnaviyatdir. Biz Yangi Oʻzbekistonni barpo etishga qaror qilgan ekanmiz, ikkita mustahkam ustunga tayanamiz. Birinchisi – bozor tamoyillariga asoslangan kuchli iqtisodiyot. Ikkinchisi – ajdodlarimizning boy merosi va milliy qadriyatlarga asoslangan kuchli maʼnaviyat».
Iqtisodiy yuksalish maʼnaviy asossiz davomli boʻlmaydi, xuddi shuningdek, yuksak maʼnaviyatsiz kuchli fuqarolik jamiyatini qurib boʻlmaydi.
Sogʻlom maʼnaviy muhitni yaratish yoʻlida Oʻzbekistonda qator amaliy islohotlar amalga oshirilmoqda. Prezidentimiz tomonidan tashkil etilgan «Besh muhim tashabbus»da yoshlar maʼnaviyatini yuksaltirish, ularni madaniyat, sanʼat va sportga jalb etish orqali ijtimoiy depressiya va yot gʻoyalarga qarshi «immunitet» hosil qilinmoqda.
Shuningdek, hududlarda ijodkorlar va ziyolilar bilan uchrashuvlar tizimi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, bu aholi oʻrtasida yuksak insoniy fazilatlarni targʻib qilishda muhim vosita boʻlmoqda. Diniy bagʻrikenglik yoʻnalishida yurtimizda 16 dan ortiq konfessiya vakillarining tinch-totuv yashashi sogʻlom maʼnaviy muhitning eng oliy namunasidir. Bu xalqaro miqyosda ham yuksak baholanmoqda.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, sogʻlom maʼnaviy muhit hukmron boʻlgan jamiyatda loqaydlik va befarqlikka oʻrin qolmaydi. Bunday muhitda har bir inson oʻzini yurt taqdiriga daxldor deb his qiladi. Maʼnaviy boy jamiyat – yengilmas kuchdir.
Oʻz muxbirimiz Sarvar SOBIROV tayyorladi
