Maʼnaviyat va maʼrifat darsi
(Tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarning salbiy oqibatlari haqida)
Bugun shiddatkor taraqqiyot zamonidagi evrilishlarda oʻziga xos imkoniyatlar paydo boʻlyapti. Shu bilan birga deyarli barcha sohalarga singib ulgurgan axborot texnologiyalarining kishilik jamiyati uchun zararli jihatlari turli muammolarni keltirib chiqarayotganini ham tan olishimiz kerak. Ayniqsa, yoshlar oʻrtasida tavakkalchilikka asoslangan turli oʻyinlarga qiziqish oshib boryapti. Bu koʻplab koʻngilsiz holatlarga, hatto fojialarga sabab boʻlayotgani ham hech kimga sir emas. Eng xavotirli jihati shundaki, bu oʻyinlar yoshlar ongini ilm olish, kasb-hunar sirlarini puxta egallash, mehnat qilishdek toʻgʻri maqsaddan chalgʻitib, balki bir zumda boyib ketaman, osmondan tushgan aqchalar hisobiga «shohona» yashayman degan havoyi orzular sari boshlamoqda. Bunga esa aksariyat tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarda pul tikib, yutuq olish imkoniyati vaʼda qilingani sabab boʻlmoqda. Bukmeker qimorbozlar oʻrtasida vositachi, oʻrtakash boʻlib koʻringani tanganing bir tomoni. Aslida tanganing ikkinchi tomonida u oʻyinchining oxirgi tiyinlarigacha «qoqib olib», alaloqibat moliyaviy qiyinchiliklarga duchor qilib, huquqbuzarlik va jinoyatlar sari yetaklovchidir.
Ming afsuski, tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga berilishning oqibatida iqtisodiy muammolarga nafaqat oʻyinchining oʻzi duch kelishi, balki uning oilasi, yaqinlari va turfa vajlariga ishonib qarz berganlarning chuv tushib qolishi bilan bogʻliq holatlar talaygina.
Bu borada soʻz yuritganda, odamlarning kutilmagan «yutuq»qa oʻchligi, aynan shunday oʻyinlarning targʻibot-tashviqoti, unga ishtiyoqmandlar sonining tobora ortishi va oʻyinlarga qaramlikni keltirib chiqarishini nazardan chetda qoldirmaslik kerak. Bu «reklama va yutuqlar» inson hayotini izidan chiqarib, uni ham ruhiy, ham iqtisodiy muammolar girdobiga duchor qilishi tayin.
Umr haqida gap ketganida vaqtning qadri misqollarda ham kattarib koʻrinadi. Dastavval qoʻshimcha daromad manbai boʻlib koʻringan oʻyinlarga «shoʻngʻib ketish», keyinchalik yutqazilgan pulning oʻrnini qoplash maqsadida boy berilgan soatlar, kunlar, haftalar, oylar va hatto yillarni ortga qaytarishning esa iloji yoʻq.
Tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga sarflangan har daqiqaning qiymatsizlanishi bunda yaqqol seziladi.
Qolaversa, bu holatlar oqibati inson ruhiyatiga jiddiy taʼsir oʻtkazib, birinchi navbatda umidsizlik va nochorlik hissiyotlarini keltirib chiqaradi. Shuningdek, mutaxassislar kompyuter oʻyinlari odamlarning har kunlik rejimiga aylanishi depressiya, migren, ichak kasalliklari va stress bilan bogʻliq boshqa muammolarni yuzaga keltirishi mumkinligini taʼkidlashadi.
Oʻzaro suhbatlarda pul haqida gap ketganida, tilimizda «Pul oʻlsin-a, pul. Jigardan bunyod boʻlgan-da» degan qochirim iboralar bot-bot aylanadi. Bunda odamlarning feʼl-atvoridagi pulga oʻchlik bilan bir qatorda pulning inson hayotidagi oʻrni va qadri ham ifoda etiladi. Yirik miqdordagi mablagʻni yutqazish, yoʻqotish insonning huzur-halovatini buzadi. Misol uchun, tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga berilib ketganlarning koʻpchiligining xayolini pul tikib, faqat yutish fikri egallab oladi. Aynan shundaylarda pul oldi-berdisi yolgʻonchilik, firibgarlik kabi salbiy jihatlar bilan qorishib, tobora odatiy holga aylanib borishi ham bor gap.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, soʻnggi bir necha yil ichida global miqyosda totalizator oʻynash darajasi oshgan. Yutgan yoki yutqizganlarning holi oʻziga maʼlum. Shu oʻrinda bir haqli savol tugʻiladi: xoʻsh, totalizator oʻynash va unda yutilgan pullar halolmi yoki?..
Tavakkal oʻyinlarga pul tikkanlarga yutuq mablagʻini oʻsha faoliyat turi bilan shugʻullanuvchi kompaniya beradimi? Yoʻq, albatta. Bu mablagʻlar kimlarningdir magʻlubiyati hisobidan qoplanishini yaxshi bilamiz. Gʻolib magʻlubdan biror narsa oladigan har bir oʻyin esa qimordir.
Muqaddas dinimizda insonlar halol mehnat qilib pul topishga buyurilgan. Birovni aldab, xiyonat qilib, muttahamlik yoʻli bilan uning mulkiga ega chiqish haromdir. Qimor esa aynan shunday yoʻl bilan pul topishdir.
Maʼlumot uchun taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 191-moddasida qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarda qonunga xilof ravishda ishtirok etish uchun maʼmuriy javobgarlik koʻzda tutilgan. Jinoyat kodeksining 278-moddasida esa qimor va tavakkalchilikka asoslangan boshqa oʻyinlarni qonunga xilof ravishda tashkil etish yoki oʻtkazish, shu jumladan, ana shunday oʻyinlar uchun qimorxonalar tashkil etish yoki ularni saqlash javobgarlikka sabab boʻlishi belgilangan.
Ichki ishlar organlari xodimlarining tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarga berilib ketishining oldini olish maqsadida buning noxush oqibatlari haqida ular oʻrtasida atroflicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Zotan, gapning sirasini aytganda, har qanday koʻrinishdagi qimor oʻyinlari shaxsiy tarkibning axloqiy-ruhiy holatiga salbiy taʼsir koʻrsatishi, xizmat samaradorligiga putur yetkazishi shubhasiz.
Dono xalqimiz tilidagi «Birovning haqi buyurmaydi», «Halollikda baraka bor», «Tekin pishloq qopqonda boʻladi», «Mehnatdan kelsa boylik, turmush boʻlar chiroylik» singari naqllar hayot chigʻiriqlarida elanib-elanib, barchani birdek toʻgʻrilikka, halollikka, ezgu amallarga chorlaydi. Tavakkalchilikka asoslangan oʻyinlarni oʻynab boyib ketganlarni hech kim bilmaydi, afsuski, xonavayron boʻlganlar haqida koʻp eshitamiz. Aksincha, bunday oʻyinlarda koʻp miqdordagi pulini yutqazib qoʻyib, oxir-oqibat oʻz joniga qasd qilayotganlar yoki jinoyat koʻchasiga kirib qolayotganlar bor. Bundaylarning taqdiri turmush farovonligining tilsimi halol mehnatda ekanligidan saboq beradi.
Gulnoza TURGʻUNBOYEVA,
«Postda» muxbiri.
