Zahiriddin Muhammad Bobur - oʻzbek mumtoz adabiyotining yirik vakili, shoir, tarixchi, geograf, davlat arbobi, isteʼdodli sarkarda, boburiylar sulolasi asoschisi, temuriy shahzoda sifatida nom qozongan.
Boburning otasi Umarshayx Mirzo Fargʻona viloyati hokimi, onasi Qutlugʻ Nigorxonim Moʻgʻuliston xoni va Toshkent hokimi Yunusxonning qizi edi. Qutlugʻ Nigorxonim oʻqimishli va oqila ayol boʻlib, Boburga hokimiyatni boshqarish ishlarida koʻmak bergan, harbiy yurishlarida unga hamrohlik qilgan. Umarshayx Mirzo xonadoni Andijonning arki ichida joylashgan boʻlib, yoz oylari ushbu oila aʼzolari Sirdaryo boʻyida, Axsida boʻlishsa, yilning qolgan faslini Andijonda oʻtkazishardi.
Boburning yoshligi Andijonda oʻtgan. U barcha temuriy shahzodalar kabi maxsus tarbiyachilar, yirik fozilu ulamolar ustozligida harbiy taʼlim, fiqh ilmi, arab va fors tillarini oʻrgangan, koʻplab tarixiy, adabiy asarlar mutolaa qilib, ilm-fanga, sheʼriyatga qiziqa boshlagan. Dovyurakligi va jasurligi uchun u yoshligidan «Bobur» («Sher») laqabini olgan.
Bobur otasi yoʻlidan borib, mashhur sufiy — Xoja Ahrorga ixlos qildi va uning tariqati ruhida voyaga yetdi, umrining oxiriga qadar shu eʼtiqodiga sodiq qoldi. Keyinchalik «Boburnoma» asarida Bobur Xoja Ahror ruhi bir necha bor uni muqarrar halokatdan, xastalik va chorasizliqdan xalos etganini, eng ogʻir sharoitlarda rahnamolik qilganligini taʼkidlaydi.
Bobur Amir Temur davlatining poytaxti, strategik va geografik jihatdan muhim boʻlgan Samarqandni egallash va Movarounnahrda markazlashgan davlat tuzish niyatida bir necha bor Samarqandga yurish qiladi. Temuriylar saltanatini himoya qilish va uni saqlab qolish uchun Shayboniyxonga qarshi kurashsa-da, ammo mamlakatda hukm surgan ogʻir iqtisodiy tanglik va siyosiy parokandalik uning maqsadga erishishiga yoʻl qoʻymaydi.
Oxir oqibat u Movarounnahrni tark etishga (1504-yil, iyun) majbur boʻladi. 200-300 navkari bilan Hisor togʻlari orqali Afgʻonistonga oʻtadi va u yerdagi ichki nizolardan foydalanib, Gʻazni va Kobulni egallaydi. Bobur Kobulni egallagach, mustaqil davlat tuzishga jadal kirishadi, qoʻshinni tartibga keltiradi, qattiq ichki intizom oʻrnatadi.
Bobur Afgʻonistonda bir fotih sifatida emas, balki shu yurt, el obodonligi va ravnaqi uchun jon kuydirgan tadbirli hukmdor sifatida qizgʻin faoliyat koʻrsatdi, xalq manfaatlari yoʻlida odilona va oqilona ish tutdi. Afgʻonistondagi amaliy faoliyatiga koʻra, Bobur butun Xuroson va Movarounnahrda qudratli davlat boshligʻi va muzaffar sarkarda sifatida katta obroʻ orttirdi, mintaqadagi siyosiy hayot eʼtiborli oʻringa koʻtarildi. Shayboniylarning tobora kuchayib borayotgan yurishiga qarshi birgalikda chora koʻrish masalasida Sulton Husayn Boyqaroning barcha temuriy hukmdorlar qatorida Boburni ham maslahat yigʻiniga taklif etishi ana shunday yuksak nufuzdan dalolat edi. Bobur shu taklif boʻyicha Hirotga otlandi. Husayn Boyqaroning toʻsatdan vafot etishiga (1506) qaramay, u Hirotda temuriy hukmdorlar bilan uchrashib, muzokaralar oʻtkazdi. Temuriy hukmdorlarning birlashib Shayboniyxon qoʻshinlariga toʻsiq qoʻyish rejasi amalga oshmadi va tez orada ular magʻlubiyatga uchrab, saltanatni batamom qoʻldan chiqarishdi.
1507-yil boshlarida Bobur Hindistonga yurish qildi. Ammo bu urinishi muvaffaqiyatsiz yakunlanib, yana Kobulga qaytdi. 1519 yil bahoriga kelib Bobur Hindistonni zabt etish rejasini amalga oshirishga kirishdi, keyingi 5-6 yil davomida bir nechta yurishlar uyushtirdi. Nihoyat, 1526-yil aprelda Panipatda asosiy raqibi, Dehli sultoni Ibrohim Loʻdiyning yuz ming kishilik qoʻshinini 12 minglik askari bilan tor-mor qildi va Dehlini egalladi. Oradan koʻp oʻtmay, ikkinchi yirik hind sarkardasi Rano Sango ustidan ham zafar qozonib, Shimoliy Hindistonning Bengaliyagacha boʻlgan qismini oʻziga boʻysundirdi. Agrani oʻziga poytaxt sifatida tanlagan Bobur katta qurilish va obodonchilik ishlarini boshlab yubordi. Shu tariqa Bobur Hindistonda uch yarim asrga yaqin hukm surgan qudratli boburiylar sulolasiga asos soladi.
Bobur Hindistonda ham xuddi Afgʻonistonda boʻlganidek, koʻplab ijtimoiy-xayrli ishlarni amalga oshirdi, mamlakat taraqqiyotiga jiddiy taʼsir koʻrsatdi. Tarqoqlik va parokandalikka, oʻzaro ichki nizo, qirgʻinlarga barham berib, viloyatlarni birlashtirdi, markazlashgan davlatni mustahkamlash va yurtni obodonlashtirishga, ilmu hunar va dehqonchilikni rivojlantirishga katta eʼtibor qaratdi. Qurilish ishlariga boshchilik qildi.
Bobur umrining soʻnggi daqiqalarida ham avlodlariga oʻrnak boʻlarli ishlar qilishga intiladi. "Boburnoma"ning "Toʻqqiz yuz oʻttiz oltinchi 1529-yil voqealari" bobida oʻgʻli Humoyun qattiq kasal boʻlib qolganida boʻlib oʻtgan bir voqea hikoya qiladi:
"Muhammad Humoyunga... ani yer va suyi xush yoqmadi. Isitma tutar ekandur... Tabiblar har necha doru darmon berdilar, yaxshi boʻlmadi. Mir Abulqosimkim, ulugʻ kishi erdi, arzga yetkurdikim, ushmundoq dardlarga darmon budurkim, yaxshi nimarsalardin tasadduq qilmoq kerak. Toinki, Tengri taolo sihat bergay. Mening koʻnglimga keldikim, Muhammad Humoyunning mendin oʻzga yaxshiroq kimarsasi yoʻq. Men oʻzum tasadduq boʻlayin, xudoy qabul qilsun... Uch qatla boshidin oʻrgulub, dedimkim, men koʻtardim harne darding bor. Oʻshal zamon men noxush boʻlub yiqildim, ul yengil boʻldi. Ul sihat boʻlub qoʻpti. Men noxush boʻlub yiqildim. Aʼyoni davlat va arkoni mamlakatni chorlab, bayʼati qoʻllarini Humoyunni(ng) qoʻliga berib, joyinishinligiga va valiahdligiga nasb qildim. Va taxtni anga topshurdum. Va Xoja Xalifa va Qanbar Alibek va Turdibek va Hindubek va oʻzga xaloyiq ham bu nasoymida bor erdilar, borisi qabul qilib, band boʻldilar".
"Boburnoma"ni koʻchiruvchi kotibning yozishiga qaraganda, "Toʻqqiz yuz oʻttiz yettida jumodil avval oyining oltisida chahorbogʻdakim, oʻshul podshoh oʻz qoʻli bilan obod qilib erdi, holi mutagʻayyir boʻlub, bu olami bevafoni padrud qildi".
Bobur mirzo vafotiga tarix aytuvchilar oʻsha vaqtlarda koʻp boʻlgan. Mavlono Shihob keltirishicha: "Humoyun bud vorisi mulki vay" ("Humoyun uning mulki merosxoʻridir").
Hind olimlari orasida bu voqeaga, yaʼni Humoyunning tuzalib ketishi va Boburning kasallanib qolishi voqeasiga qarashda yakdillik yoʻq. Ayrim tarixchilar, masalan, professor Sri Ram Sharma oʻzining "Kalkutta Revyu" jurnalida bosilib chiqqan maqolasida bu voqeaning boʻlganligiga shubha bildiradi. Uning aniqlashiga qaraganda, Bobur Humoyun sogʻayganidan olti oy keyin kasallangan.
Boshqa bir hind professori, Allohobod universiteti tarix boʻlimining sobiq boshligʻi R.P.Tripatining bu xususdagi kuzatishlari haqiqatga yaqin keladi. "Moʻgʻul saltanatining rivoji va inqirozi" nomli kitobida professor R.P.Tripatining aniqlashicha, Humoyun Badaxshondan 1529-yil iyun oyida qaytib kelgan, 1530-yil mart oyida u kasallanib qolgan. Bobur oʻsha yil aprel oyida kasallangan, Humoyun esa sogʻaygan. Boburning kasali 1530-yil iyul oyida kuchaygan va oʻsha yil 26-dekabr kuni u dunyodan koʻz yumgan.
1529 (936 hijriy) yil Humoyun sogʻayib, Bobur mirzo kasallanib qolganidan keyingi voqealar "Boburnoma"da berilmaydi.
Hindistonda Boburning oʻgʻli Humoyunga yozma ravishda qoldirgan "Maxfiy Vasiyatnoma"si saqlanayotganligi maʼlum boʻldi. "Maxfiy Vasiyatnoma" 935 hijriy yili jumodil-avval oyining birinchi kuni (melodiy 1529-yil 11-yanvarda) Bobur Agra yaqinidagi Nilufar Bogʻida turganida yozilgan ekan. Hozir bu yer Hindistonning Rajaston shtatiga qaraydi.
"Maxfiy Vasiyatnoma"ning oʻng tomonida doira ichida Boburning “Podishoh Bahodir gʻoziy Zahiriddin Muhammad Bobur" deb naqshlangan muhri ham berilgan.
Bobur shohning oʻgʻli shahzoda Humoyunga qoldirgan bu vasiyatnomasi Hindistonni boshqarishga oid oʻgit-maslahat, yoʻl-yoʻriqlardan iborat boʻlgani uchun ham u maxfiy sanalgan va "Maxfiy Vasiyatnoma" deb yuritilgan.
Bir qator boburshunos olimlar Boburning yozma vasiyatnomasi boʻlganligini oʻz ishlarida qayd etib kelishgan. Bu vasiyatnoma bilan hind professorlari Sayyid Ross Maʼsud, H. K. Shervaniy hamda Jaypurdagi Rajaston universiteti professori, tarixchi olim R.E.Nath tanish boʻlgan.
Bu vasiyatnoma fors tilida yozilgan boʻlib, u quyidagicha boshlanadi:
"933 hijriy yil Podishohi Bahodir gʻoziy 3ahiriddin Muhammad BOBUR Alhamdilillah.
Vasiyat nomai mahfiye 3ahiriddin Muhammad Bobur Podishohi gʻoziy ba shahzoda Nasiriddin Muhammad Humoyun tula omra Ba istehkome Sultonat naveshta shud. Ay farzand, mamlakati Hinduston az mazohibi muhtalifa maʼmur ast...".
* * *
Bobur "Vasiyatnoma"sining tarjimasi:
"933 hijriy yil Podishohi Bahodir gʻoziy Zahiriddin Muhammad BOBUR Alhamdilillah.
Sultonatning mustahkam boʻlishi uchun bu maxfiy vasiyatnoma tuzildi. Ey farzandim, Hindiston mamlakati turli mazhablardan maʼmur boʻlgan. Alloh taolo Sizga buni karomat etdi. Siz mazhablarni yomon koʻrishdan dilingizni pok tuting. Har mazhabning tariqasiga (yoʻliga) adolat qiling. Xususan, Hindistonning qalbini qoʻlga kiritaman desangiz, sigir soʻymoqdan oʻzingizni tiying. Bu yaxshiligingiz evaziga shu viloyat xalqining qalbi Sizga yaqin boʻladi. Qoʻlingiz ostidagi har qavmning ibodatgohlarini va muqaddas joylarini xarob etmang. Shunday odillikni ixtiyor qilingki, podishoh raʼiyatdan va raʼiyat podishohdan osuda boʻlsin. Islomning taraqqiyoti ehson qilichidan yaxshiroq boʻladi, zulm tigʻidan emas. Sunniy va shia oʻrtasidagi janjallardan koʻzingizni yuming. Agar bundan koʻz yummasangiz, islom zaiflashishi mumkin. Raʼiyatdagi turli qalblarni arbaai anosir (toʻrt unsur) bilan mahkam tuting. Saltanatning jismi turli marazlardan tinch boʻlsin. Podishohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini koʻz oldingizda tuting.
Va mo allayno illal balagʻ ("va bizning burchimiz faqat aniq payom etishdir" Surai Yosin).
Birinchi jumodiy ul avval 935 [hijriy yili]".
Bobur faoliyatiga oid bir qator tadqiqotlar yaratgan hind tarixchisi, Jaypurdagi Rajaston universitetining tarix professori R.Nathning fikriga koʻra, 47 yillik umrining 36 yilini jangu jadallarda oʻtkazgan Bobur aslida osoyishtalik, tinchlik odami edi. U toʻgʻrisoʻz, haqiqatgoʻy solnomachi, "Boburnoma" muallifi, bizning davrimizgacha ikki devoni yetib kelgan ajoyib shoir, tabiat oshigʻi, goʻzal bogʻ-rogʻlar yaratuvchisi va hammasidan ham muhimrogʻi, insonparvar edi. Oʻzi sunniy mazhabidagi musulmon boʻlsa-da, diniy aqidalarga yopishib olmagandi.
Shu bois hindlar unga "Qalandar" nomini berishgan boʻlgan. Butun hayoti mobaynida u sanʼat, sheʼriyat, musiqa va rasmchilikka nisbatan hur fikrlikni saqlab keldi. Unda hech vaqt man etishlar boʻlmagan. Bobur boshqa dindagilarga nisbatan tinch-totuv yashash, sabr-bardoshli boʻlish, diniy ishlarga aralashmaslik siyosatini qoʻllagan. U yerli xalqning diniy eʼtiqodini hurmat qilgan. Uning 1529 yil 11 yanvarda Dholpur yaqinidagi "Bogʻi Nilufar"da turganida oʻgʻli Humoyunga atab yozgan maxfiy vasiyatnomasi bunga yorqin misol boʻladi.
Bu "Maxfiy Vasiyatnoma" nastaʼliq xatida yozilgan. Mutaxassislarning fikriga qaraganda, qogʻoziga oltin suvi purkalgan boʻlgan hamda qogʻozning hoshiyalariga gulli bezaklar ishlangan.
Hozirgi kunlarda Boburning vasiyatnomasi Bhopal davlat kutubxonasida saqlanadi. Vasiyatnoma fotonusxasini birinchi boʻlib kutubxona mudiri B.Goshal olib, janob Said Ross Maʼsudga yuborgan.
Bobur mirzoning qanday inson boʻlganligini oʻgʻliga qaratilgan uning "Maxfiy Vasiyatnoma"si ochiq-oydin koʻrsatib turibdi.
Bobur mirzoning "Maxfiy Vasiyatnoma"sidagi "podishohlik ishlarini puxta qilish uchun hazrat Amir Temur Sohibqironning ishlarini koʻz oldingizda tuting", degan soʻzlari faqatgina oʻgʻli Humoyunga nisbatan emas, balki bugungi kundagi oʻsib kelayotgan har bir yosh oʻgʻil-qizlarga nisbatan Vatanni, xalqni asrab-avaylash uchun aytilgan vasiyatdek jaranglamoqda.
IIV Samarqand akademik liseyi
Ona-tili va adabiyot oʻqituvchisi
Negmatova Dilafruz,
tarix fani oʻqituvchisi Jabborov Alimardonlar
hamkorlikda tayyorlagan.
